DTM rahbari To‘raqo‘rg‘onga safari ortidan tarqalgan mish-mishlarga izoh berdi (video)

Jamiyat

Ijtimoiy tarmoqlarda Davlat test markazi direktori Majid Karimov Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi maktabda ochilgan o‘quv markaziga borgani, shundan so‘ng o‘sha yerda milliy test tizimi savollari tarqalib ketgani haqida xabarlar tarqaldi.

Bu ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, ayniqsa, OTMga kirish uchun tayyorlanayotgan abituriyentlarning noroziligini keltirib chiqardi. QALAMPIR.UZ DTM rahbarining To‘raqo‘rg‘onga borganidan keyin tarqalgan xabarlar yuzasidan Majid Karimovning o‘zidan izoh oldi.

Karimovning so‘zlariga ko‘ra, Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumaniga reja asosida borilgan. U maktabda o‘quv markazi borligidan ham bexabar bo‘lgan.

“Men borganimda u yerda o‘quv markazi bor-yo‘qligini ham bilmaganman. Biz hududiy vakillar tavsiya qilgan tumanlarga boramiz. Maktablarning ko‘rsatkichlari bo‘yicha qandaydir yordam yoki maslahat kerak bo‘lgan hollarda borib suhbatlashiladi. Bu ishlarni esa mahalla ishtirokida o‘tkazilishi to‘g‘risida topshiriq ham bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabardagi yigit, ijarada o‘tirgan o‘quv markazining rahbari ekan. U maktabga tayinlangan hududiy vakillar bilan borganmiz. Alohida aytaman, Namanganda nafaqat To‘raqo‘rg‘on balki boshqa tumanlarda ham bo‘lganman. Respublika miqyosida yurganda kamida 7-8 ta maktablar bilan uchrashamiz”, deydi Karimov.

DTM rahbari muhokamaga sabab bo‘lganiga to‘xtalib, ijtimoiy tarmoqlarda turli xabarlar tarqatayotgan blogerlarning qo‘lida dalili yo‘qligini urg‘uladi. Xususan, Karimov shunday dedi:

“Jarayonni yoritadigan muxbirlar ko‘p. Muxbirlar tadbirni rasmga olisharkan, ularga qarshilik qilolmaymiz. Ijtimoiy tarmoqdagi yosh muxbir va blogerlar ko‘p gapirishadi, fakt yo‘qda. Hushnudbek (Xushnudbek Xudoyberdiyev – tahr.) degan blogerimiz rasmiy ishda ishlayaptilar, aynan shu masala yuzasidan muloqot o‘tkazdilar. Shu muloqot davomida 400 taga yaqin murojaat bo‘lgan. Fakt so‘ralganda esa birontasi javob berolmagan. Hammamiz adolatsizlikni yoqtirmaymiz, lekin uni sezganda ham asosiy fakt beringlar. Aniq fakt bizga ham kerak. Ne ne harakat bilan, uch to‘rt yil avval bo‘lgan salbiy harakatlarni yo‘q qildik. Bugunga kelib, bu kabi ishlarni qilish mantiqqa to‘g‘ri keladimi? Bu xabarni tarqatgan blogerni nomini bilasizmi? Nomidan ham xulosa qilaveringlar. Shu odam mard bo‘lsa kelsin, fakt ko‘rsatsin, marhamat. Faktni ham menga emas, huquq-tartibot idoralariga bersin”, deydi Majid Karimov.

Avvalroq, Majid Karimov umumta’lim fanlar bo‘yicha milliy test tizimi savollari tarqalib ketganiga munosabat bildirib, holat bo‘yicha tekshiruvlar olib borilayotganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Majid Karimov

Baholaganlar

207

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made