O‘zbekistonda ozarbayjonlik deputatning sifatsiz chop etilgan kitobi taqdimoti o‘tkazildi

Jamiyat

Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi deputati Ganira Pashayeva kecha, 23 sentyabr kuni O‘zbekistonga keldi. Yozuvchilar uyushmasida uning “Och eshikni” nomli she’riy to‘plami taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur to‘plamni Hosiyat Rustamova tarjima qilgan. 

Ganira Pashayeva tashrif avvalida O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Said bilan uchrashib, samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. 

Taqdimot marosimida O‘zbekistonning eng ko‘zga ko‘ringan shoir va yozuvchilari, tarjimonlari ishtirok etdi. Unda o‘zbek va ozar adabiyotining o‘zaro bog‘liq nuqtalari haqida so‘z bordi. Nizomiy va Navoiy ijodi ikki xalq madaniyatini o‘ziga bog‘lab turuvchi ko‘prik ekani va u bugungi zamonaviy adabiyot misolida ham davom etayotgani ta’kidlandi. 

Ma’lumki, O‘zbekiston kuni kecha Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009 yil 3 oktyabr) ratifikatsiya qildi va tashkilotning haqli a’zosiga aylandi. Tadbirda so‘zga chiqqan Ganira Pashayeva buni alohida ta’kidladi. U O‘zbekistonni o‘z Vatani deb bilishi, uni Vatani kabi sevishini baralla aytdi. 

She’riy to‘plam bor-yo‘g‘i 1000 nusxada chop etilganiga qaramasdan, juda sifatsizligi uning muqovasidan ko‘rinib turibdi. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda noshirlikka qaratilayotgan e’tibor, qabul qilinayotgan qarorlar xususiy nashriyotlar faoliyatida u qadar katta o‘zgarishlarga turtki bo‘lmaganini birgina Ganira Pashayevaning O‘zbekistonda nashr etilgan kitobi misolida ko‘rish mumkin. 

Kitob “Lesson press” nashriyotida chop etilgan. Unda foydalanilgan qog‘oz va siyoh shu qadar sifatsizki, varaqning u betidagi yozuv narigi betiga qorishib ketgan. Bu esa uni mutolaa qilish jarayonida o‘quvchiga qiyinchilik tug‘diradi. Ayniqsa, ko‘z kasalliklariga chalingan, ko‘zoynakdagi foydalanadigan o‘quvchilar kitobni o‘qishda ancha qiynalishi aniq. Ko‘z kasalliklari bo‘yicha shikoyati bo‘lmagan o‘quvchilarga esa bu kitobni o‘qimaslik tavsiya etiladi. Chunki, shunchaki varaqlab ko‘rish jarayonining o‘zidayoq ko‘zlaringiz jimirlab ketishi shubhasiz. 

Xorijlik yozuvchining kitobini bu alfozda chop etish kulgili emasmi? Yozuvchilar uyushmasi shoiraga to‘n kiydirguncha, uning mehnatini sifatli holda o‘quvchining qo‘liga yetkazish ustida ko‘proq ishlasa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. 

Ganira Pashayevaning navbatdagi uchrashuvi QALAMPIR.UZ tahririyati a’zolari bilan bo‘ldi. 

QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov Ganira Pashayevani O‘zbekistonga tashrifi bilan qutlab, ikki mamlakat jurnalistlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini e’tirof etdi. Ganira Pashayevaning ijodi bilan yaxshi tanishligini bildirdi. 

“O‘zbekiston haqida yozgan maqolalalaringiz, Samarqand va Buxoro haqida OAVdagi chiqishlaringizni o‘qib, Vatanimizga bo‘lgan hurmatingizdan boshimiz osmonga yetdi. Bizni bog‘lovchi rishtalar juda ko‘p. Ular qatoriga Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi ham qo‘shildi. Shu bois sizning O‘zbekistonga tashrifingiz ramziy ma’noga ega”, deydi Qamariddin Shayxov. 

“O‘zbekistonning ushbu kengashga a’zo bo‘lganidan juda mamnun bo‘ldik. Mamlakatingiz juda boy tarixga, beqiyos madaniy meroslarga ega. U Navoiydek buyuk shoirlarga beshik bo‘lgan zamin. Men har safar O‘zbekistonga kelganimda o‘zimni o‘z yurtimdagidek his etaman. Chunki odamlarimiz, taomlarimiz, tilimiz bir-biriga juda o‘xshash. Bu safar Farg‘onani kezmoqchiman. Vodiyga borib, O‘zbekistonning tanti, halol va mehnatkash xalqi bilan suhbatlashish niyatidaman”, deydi Ganira Pashayeva. 
                   
Ganira Pashayeva 2005 yildan buyon Ozarbayjon Parlamenti a’zosi. U 1975 yilda Tovuz rayonida tavallud topgan. Ozarbayjon davlat tibbiyot universitetini tamomlagan. Qolaversa, huquqshunos sifatida ham ta’lim olgan. U faoliyatini 1998 yil ANS telekanalida muxbir o‘laroq boshlagan.

Ganira Pashayeva turk tilida ham she’rlar yozadi. Uning turk tilidagi ikki kitobi Turkiyada nashr etilgan. U Turkiyada ham taniqli siyosatchi sifatida tilga olinadi.

Deputat taqdimotdan so‘ng Farg‘ona vodiysiga jo‘nab ketdi. 26 sentyabrga qadar vodiy shaharlarida bo‘lib, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ijodkorlar bilan uchrashuv o‘tkazadi. 


Maqola muallifi

Teglar

Yozuvchilar uyushmasi Ganira Pashaeva

Baholaganlar

50

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing