Nigeriyada komendantlik soatiga rioya qilmagan 18 kishi o‘ldirildi

Olam

image

Nigeriya xavfsizlik kuchlari mamlakatning ma’lum hududlarida joriy qilingan komendantlik soatiga rioya qilmagan odamlarni o‘ldirdi. Bu haqda Nigeriya inson huquqlari bo‘yicha milliy komissiyasi ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, komissiyaga marhumlarning oila a’zolaridan jami 105 ta murojaat xati kelib tushgan. Komissiya rahbari ushbu masalada jinoiy ish ochilishini ma’lum qildi.

“Nigeriya xavfsizlik kuchlari 18 nafar fuqaroni koronavirus sabab o‘ldirdi. Marhumlar mamlakatda joriy qilingan komendantlik soati qoidalarini buzgani uchun jazolangani aytilmoqda“, deyiladi xabarda.

Komissiya rahbari Entoni Ojukvuning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan amalga oshirilgan “zo‘ravonlik va qotilliklar“ yuzasidan fuqaroviy shikoyatlar kelib tushgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunbuzarlik holatlari mamlakatning Lagos shahrida, poytaxt Abuja va ba’zi janubi-g‘arbiy shtatlarda kuzatilgan.

Bosh politsiya inspektorining o‘rinbosari Babatunde Ogunyanvoning aytishicha, politsiya bu hisobotdan xavotirda. U ushbu holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishini ma’lum qildi.

“Biz tekshiramiz va aybdorlar javobgarlikka tortiladi“, deydi Bosh politsiya inspektori.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 29 mart kuni Nigeriya virus tarqalishini to‘xtatish uchun mamlakatning yirik shaharlarida 14 kunlik komendantlik soatini e’lon qildi. 13 mart kuni mamlakat Prezident Muhammad Buxoriy bu muddatni yana 14 kunga uzaytirdi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Nigeriyada koronavirus bilan bog‘liq 442 ta holat aniqlangan. Kasallanganlarning 152 nafari sog‘aygan, 13 nafari esa vafot etgan. Mavjud bemorlar soni 277 kishini tashkil qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Komendantlik soati Koronavirus Nigeriyada

Baholaganlar

268

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing