QALAMPIR.UZ’da yurist vaqti: Sudyani qay hollarda rad qilish mumkin?

Tahlil

image

Oxirgi vaqtlarda ma’muriy sud ishlarni yuritishda ishda ishtirok etuvchilar bilan bog‘liq muammolar jamoatchilik orasida keng muhokama qilinmoqda. Sudyani qay hollarda rad qilish mumkin? Prokuror, ekspertni, mutaxassis, tarjimon va sud majlisi kotibini rad qilish tartibi qanday? Rad qilish to‘g‘risidagi arizani hal etish tartibi qanday amalga oshiriladi va uning oqibatlari nimalardan iborat? Quyida bu haqida ma’lumotlar berishga harakat qilamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, sudya quyidagi hollarda ishni ko‘rishda ishtirok etishi mumkin emas va rad qilinishi lozim, agar u:

•    mazkur ish ilgari ko‘rilganda sudya sifatida ishtirok etgan bo‘lsa;
•    mazkur ish ilgari ko‘rilganda unda prokuror, ekspert, mutaxassis, tarjimon, sud majlisi kotibi, vakil yoki guvoh sifatida ishtirok etgan bo‘lsa;
•    ishda ishtirok etuvchi shaxslarning yoki ular vakillarining qarindoshi bo‘lsa;
•    ishning natijasidan shaxsan, bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo‘lsa yoxud uning xolisligiga shubha tug‘diruvchi boshqa holatlar mavjud bo‘lsa;
•    ishni ko‘rayotgan hay’at tarkibidagi sudyaning qarindoshi bo‘lsa.

Sudyadan tashqari ishda qatnashayotgan prokuror, ekspert, mutaxassis, tarjimon va sud majlisi kotibi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning yoki ular vakillarining qarindoshi bo‘lsa yoki ishning natijasidan shaxsan, bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo‘lsa yoxud uning xolisligiga shubha tug‘diruvchi boshqa holatlar mavjudligi aniqlansa ular ham ishni ko‘rishda ishtirok etishi mumkin emas va rad qilinishi lozim.

Bundan tashqari, ekspert va mutaxassisni uning ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yoki ularning vakillariga ishning muhokamasi paytida yoki o‘tmishda xizmat vazifasi yuzasidan yoxud boshqa jihatdan tobe bo‘lganligi,  u o‘tkazgan taftish materiallari sudga murojaat qilish uchun asos yoki sabab bo‘lib xizmat qilgan bo‘lsa yoxud ishni ko‘rishda ulardan foydalanilayotgan bo‘lishi ham uni rad qilish uchun asos bo‘ladi.

Agar yuqorida ko‘rsatilgan asoslar mavjud bo‘lsa, sudya, prokuror, ekspert, mutaxassis, sud majlisi kotibi va tarjimon o‘zini o‘zi rad qilish haqida arz qilishi shart. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan ham shu asoslarga ko‘ra ularni rad qilish haqida arz qilinishi mumkin. Prokuror, ekspert, mutaxassis, sud majlisi kotibi, tarjimonni rad qilish sudning tashabbusiga ko‘ra ham ko‘rib chiqilishi mumkin.

O‘zini o‘zi rad qilish yoki rad qilish haqidagi ariza asoslantirilgan bo‘lishi va ishni mazmunan ko‘rish boshlanguniga qadar ma’lum qilinishi kerak. Ish ko‘rilayotganda o‘zini o‘zi rad qilish yoki rad qilish haqida ariza berishga asos ishni mazmunan ko‘rish boshlanganidan keyin ma’lum bo‘lib qolgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi.

Ayni bir shaxs tomonidan ayni bir asoslar bo‘yicha takroran rad qilish bildirilishi mumkin emas. Takroran rad qilish bildirilgan taqdirda, u ko‘rib chiqilmaydi.

Rad qilish to‘g‘risidagi arizani hal etish tartibi qanday?

Rad qilish to‘g‘risida arz qilingan taqdirda, sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning fikrini, agar rad qilinishi talab etilayotgan shaxs tushuntirish berishni xohlasa, uning ham fikrini eshitadi.

Ishni yakka tartibda ko‘rayotgan sudyani rad qilish to‘g‘risidagi masala sud raisi, bir tarkibli sudda esa shu sudya tomonidan hal qilinadi. Ish hay’at tarkibida ko‘rilayotganda sudyani rad qilish to‘g‘risidagi masala rad qilinishi talab etilayotgan sudyaning ishtirokisiz sud tarkibining ko‘pchilik ovozi bilan hal qilinadi. Rad qilishni yoqlab va unga qarshi berilgan ovozlar soni teng bo‘lib qolsa, sudya rad qilingan hisoblanadi.

Bir nechta sudyani yoki ishni ko‘rayotgan sudning butun tarkibini rad qilish to‘g‘risidagi masala shu sud tarkibi tomonidan oddiy ko‘pchilik ovoz bilan hal qilinadi. Prokuror, ekspert, mutaxassis, sud majlisi kotibi va tarjimonning o‘zini o‘zi rad qilishi yoki ularni rad qilish to‘g‘risidagi masala ishni ko‘rayotgan sud tomonidan hal etiladi.

Sudyaning o‘zini o‘zi rad qilish to‘g‘risidagi masala yuqorida nazarda tutilgan tartibda hal etiladi. Rad qilish to‘g‘risidagi masalani ko‘rish natijalari bo‘yicha ajrim chiqariladi.

O‘zini o‘zi rad qilish to‘g‘risidagi yoki sudyani yoxud bir nechta sudyani yoinki butun sud tarkibini rad qilish haqidagi ariza qanoatlantirilgan taqdirda ish o‘sha sudda, biroq sudyalarning boshqa tarkibida ko‘riladi.

Agar o‘zini o‘zi rad qilishni va rad qilishni qanoatlantirish natijasida ishni ayni o‘sha sudda ko‘rish uchun sudning yangi tarkibini shakllantirish imkoni bo‘lmasa, ish boshqa sudga o‘tkazilishi kerak. Misol uchun ishni biror tuman ma’muriy sud ko‘rayotgan bo‘lsa, sudyalar rad etilsa, boshqa sudyalar qolmasa, ishni ko‘rish boshqa tuman ma’muriy sudiga o‘tkazilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Ma'muriy sud

Baholaganlar

31

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar