O‘zbekiston-Qozog‘iston o‘rtasida tezyurar poyezd qatnovi ishga tushiriladi

Jamiyat

image

O‘zbek va qozoq xalqlarining o‘zaro "bordi-keldi" munosabatlarida qulaylik yaratish maqsadida ikki mamlakat o‘rtasida tez yurar poyezd qatnovi yo‘lga quyiladi. Bu haqda Toshkentda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatida ma’lum qilindi.

Unda qozog‘istonlik mehmonlar, O‘zbekistondagi milliy madaniy markazlar rahbarlari, deputatlar, jamoat birlashmalari vakillari va jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Qozog‘iston xalq assambleyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar turli sohalarda izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Mazkur tadbir ham ikki mamlakat o‘rtasida faol ijtimoiy-madaniy muloqotni davom ettirish, hamkorlikda madaniy va ijodiy tadbirlarni ishlab chiqish uchun qulay muloqot maydonini yaratishga xizmat qiladi. Unda ta’lim va sayyohlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan samarali foydalangan holda madaniy-gumanitar munosabatlarni yanada faollashtirish, do‘stlik, hamjihatlik va barqarorlik muhitini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

“Millatlararo totuvlik mamlakatlarning yorqin kelajagi va rivojida muhim o‘rin tutadi. Ikki mamlakat xalqlarining bordi-keldi munosabatlariga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent–Turkiston yo‘nalishida tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotganini eshitib, mamnun bo‘ldik. Bu yil O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining keng nishonlanishi madaniyat, ijtimoiy-gumanitar hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishiga xizmat qiladi”, dedi Qozog‘istondagi o‘zbek etnomadaniy markazi rahbari Abdulla Ismatullayev.

Tadbirda aytilishicha, 2018-2019 o‘quv yilida o‘zbekistonlik 12 ming nafar o‘g‘il-qiz Qozog‘iston oliy-o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilingan, shundan 5 ming nafari qozoq millatiga mansub yoshlardir. Bundan ko‘rinib turibdiki, ikki mamlakat ta’lim tizimidagi hamkorlik ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, madaniy-gumanitar aloqalar bardavom rivojlanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Qozog'iston tez yurar poezd

Baholaganlar

24

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing