Shahar hokimligi “Toshkent savdo markazi”dagi mojaro bo‘yicha ma’lumot berdi

Jamiyat

image

Kecha, 29 aprel kuni “Toshkent savdo markazi” (sobiq Abu Saxiy) hududidagi yuz bergan “Gipermarket”ga yaqin joyda savdo qilayotgan sotuvchilar orasida noroziliklar kelib chiqdi. 

Bugun, 30 aprel kuni Toshkent shahar hokimligi sotuvchilar orasida yuzaga kelgan norozilikni o‘rganib chiqqanini ma’lum qildi.

“Gipermarket” atrofida savdo nuqtalari tashkil etilmagan bo‘lib, kiyim-kechaklar bilan savdo qiluvchi sotuvchilarning ayrimlari mahsulotlarini yerga yoyib, faoliyat yuritadi.

Qayd etilishicha, ayni shu hududda 2019 yilgi kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik yuzasidan ichimlik suvi quvurlarini yangilash ko‘zda tutilgani bois, ularga “Chinni bozor” va “Bek baraka” savdo majmualari oralig‘idagi hududda tegishli ruxsatnoma asosida savdo qilish taklif etilgan. Bu esa sotuvchilar o‘rtasida tushunmovchilikka sabab bo‘lgan. 

“Mazkur holat bo‘yicha tegishli tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida sotuvchilar bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada suv quvurlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ta’mirlash-sozlash ishlari vaqtincha to‘xtatildi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, ushbu sotuvchilarning har biri bilan bozor ma’muriyati o‘rtasida istisno tariqasida 2019 yil sentyabrga qadar faoliyat yuritishlarini ta’minlovchi shartnomalarni imzolashga kelishib olindi. Buning uchun esa sotuvchilar soliq idorasidan yakka tartibda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni kafolatlovchi ruxsatnoma olishlari talab etiladi.

Qayd etilishicha, yuqoridagi tushunmovchilik holatlari yuzasidan tomonlar huquq va manfaatlaridan kelib chiqib, zarur choralar ko‘riladi.


Maqola muallifi

Teglar

hokimlik Toshkent savdo markazi

Baholaganlar

78

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing