Toshkentda noan’anaviy jinsiy oriyentatsiyalikka qarshi reyd boshlandimi? Sh.X.ning vafoti sababi nima?

Jamiyat

image

Avvalroq, joriy yilning 12 sentyabr kuni samarqandlik 25 yashar Sh.X. Toshkentda o‘ldirib ketilgani haqida xabar bergan edik. Ijtimoiy tarmoqlarda, qolaversa, xalqaro ommaviy axborot vositalarida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan noan’anaviy jinsiy oriyentatsiyalikka qarshi reydlar boshlangani, Sh.X.ning o‘limi ham shu bilan bog‘liqligi iddao qilinmoqda. 

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi mazkur xabarlarni rad etdi va voqeaga aniqlik kiritdi. Berilgan rasmiy axborotda qayd etilishicha, Sh.X. o‘ldirib ketilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (“Qasddan odam o‘ldirish”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. 

Tezkor-tergov tadbirlari davomida videokuzatuv kameralari yozuvlari o‘rganilgan, ehtimoliy guvohlar bilan so‘roq o‘tkazilgan. Gumonlanuvchi – Olmazor tumanida yashovchi, vaqtincha ishsiz 28 yoshli Odiljon Yu. ekanligi aniqlangan.

Shuningdek, xonadonni ko‘zdan kechirish vaqtida jinsiy aloqaning yaqqol izlari qayd etilgan. 

Ijtimoiy tarmoqlarda qotillikni amalga oshirgan shaxslar Ichki ishlar xodimlariga aloqadorligi aytilib, bu Toshkentda noan’anaviy jinsiy oriyentatsiyalikka qarshi reydlar natijasi sifatida ko‘rilgan. IIBB mazkur iddaolarga ham javob qaytargan. 

“Toshkent shahar IIBB noan’anaviy jinsiy oriyentatsiyalik shaxslarga qarshi hech qanday maxsus “reydlar” o‘tkazmagan. Ba’zi saytlar tayanayotgan allaqanday anonim manbaning so‘zlarini yolg‘on, ichki ishlar xodimlarini obro‘sizlantirishga va odamlarni yanglishtirishga qaratilgan deb hisoblaymiz”, deyiladi rasmiy xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, 12 sentyabr kuni soat 11:00 da samarqandlik 25 yoshli Shokir X.ning qo‘shnisi Shokir ijaraga olgan xonadon eshigi ostida qon rangiga o‘xshash izlarni payqab qolgan. Ayol bu haqida xonadon egasiga telefon orqali xabar bergan, xonadon egasi yetib kelgach, uy ichida Shokir X.ning tanasini topib, huquq-tartibot organlariga qo‘ng‘iroq qilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

864

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing