Prezident O‘zMU faoliyatiga doir qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2019-2023 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Qaror matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti o‘z faoliyati davrida ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishga, shuningdek, respublika iqtisodiyotining turli tarmoqlari, ijtimoiy va ma’naviy sohalari uchun kadrlar tayyorlashga salmoqli hissa qo‘shdi. O‘tgan davrda 100 nafardan ortiq akademik va 2,5 ming nafar fan doktorlari va nomzodlari tayyorlandi. T.Sarimsoqov, S.Sirojiddinov, M.Salohiddinovning matematiklar, J.Musayevning biokimyogarlar, H.Abdullayev, T.Dolimovning geologlar maktablari keng e’tirof etildi. O‘zbekiston Qahramonlari A.Oripov, E.Vohidov, O.Sharafiddinov va S.G‘aniyeva universitetda ta’lim-tarbiya oldilar.

O‘quv jarayoni zamonaviy talablar hisobga olingan holda mutaxassislar tayyorlashning, shuningdek, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari bilan yangilandi. Oliy malakali ilmiy kadrlar tayyorlashning yangi ikki bosqichli tizimi joriy etildi. So‘nggi 10 yilda turli yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha 26 mingdan ortiq malakali bitiruvchilar universitet diplomini oldilar.

Hozirgi vaqtda 114 ta, shu jumladan, 18 ta xalqaro ilmiy va ilmiy-ta’lim loyihalari amalga oshirilmoqda, ularda universitetning 50,0 foizdan ortiq o‘qituvchilari ishtirok etmoqda. 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab “geodeziya va geoinformatika” yo‘nalishi bo‘yicha Qozon federal universiteti (Rossiya Federatsiyasi) va “kompyuter fanlari”, “muhandislik matematikasi”, “texnologik menejment” yo‘nalishlari bo‘yicha Xolon texnologiyalar instituti (Isroil) bilan qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshirilmoqda. Jahonning yetakchi universitetlarida 226 nafar o‘qituvchi va doktorantlarning tajriba orttirishi, malaka oshirishi va ilmiy tadqiqotlar olib borishi ta’minlanmoqda.

Universitetning moddiy-texnika bazasini modernizatsiyalash va mustahkamlash chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. 2 ta yangi fakultet ochildi, yangi laboratoriya uskunalari bilan jihozlangan o‘quv-laboratoriya korpuslari rekonstruksiya qilindi. Professor-o‘qituvchilar tarkibi mehnatiga haq to‘lash 2,5 baravar oshirildi.

Davlat tomonidan ko‘rilayotgan har tomonlama yordam va qo‘llab-quvvatlash universitet faoliyatida faqat “... ijodiy va tizimli fikrlaydigan, nostandart qarorlar qabul qilishga qodir bo‘lgan, mamlakat manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yadigan yuqori malakali mutaxassislar...” tayyorlashgagina emas, balki qobiliyatli va iste’dodli talaba-yoshlarning tarbiyasiga ham so‘zsiz ko‘maklashmoqda.

Bugungi kunda universitet talabalarining 73,0 foizini Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublikaning barcha 12 viloyatlaridan kelgan talabalar tashkil etadi. Ular orasida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari, nomli stipendiatlar, fanlar bo‘yicha xalqaro va respublika olimpiadalari sovrindorlari, sport turlari bo‘yicha jahon va Osiyo chempionatlari g‘oliblari bor. S.Sirojiddinov nomidagi akademik litsey bitiruvchilarining 87,0 foizidan ortig‘i respublika oliy ta’lim muassasalariga muvaffaqiyatli kirdilar va o‘qishni davom ettirmoqdalar.

Shu bilan birga tanqidiy va har tomonlama tahlillarda yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy va ko‘p qirrali inson kapitalini rivojlantirish sohasida jiddiy to‘g‘anoq va to‘siq bo‘layotgan kompleks kamchiliklar va muammolar aniqlandi. Keyingi yillarda universitetning Milliy universitet maqomiga munosib bo‘lishi uchun amaliy va samarali chora-tadbirlar ta’minlanmadi. Shu jumladan:

birinchidan – har bir fakultet va kafedra bo‘yichata’limning yo‘nalishlari va mutaxassisliklari tarkibi, shuningdek, qabul kvotalari real ehtiyojdan ancha orqada qolmoqda, ko‘pincha hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga, mehnat bozori va kadrlarning buyurtmachilari ehtiyojlariga mos kelmaydi. Bitiruvchilarning ishga joylashtirilishi hamma vaqt ham egallangan mutaxassislikka muvofiq emas;

ikkinchidan – ta’lim jarayoniga, shu jumladan, sinovdan o‘tgan va xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish darajasi past. Ta’lim jarayonini o‘quv-metodik ta’minlash va uning mazmuni iqtisodiyot tarmoqlarining innovatsion va texnologik rivojlanishidan orqada qolmoqda, talabalarning nazariy va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish samarali emas;

uchinchidan – universitetni, shu jumladan, o‘quv-tarbiyaviy va ilmiy jarayonni samarali boshqarishni ta’minlash uchun kadrlar zaxirasini tayyorlashning aniq ifodalangan tizimi mavjud emas. Ayrim pedagog kadrlarning kasbiy mahorati darajasi yetarli emasligi,malaka oshirish kurslarining, pedagog va ilmiy xodimlar stajirovkasining samarasizligi, magistrantlar va dissertantlarning rahbarlari va maslahatchilarini tayinlashda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlari salohiyatini sust jalb etish, turli dasturlar, shu jumladan, chet elda magistratura bo‘yicha kadrlar tayyorlashning tizimsizligi saqlanib qolmoqda;

to‘rtinchidan – universitet o‘qituvchilarining atigi 59,0 foizi ilmiy darajaga ega, fan doktorlarining o‘rtacha yoshi 61 yoshni, fan nomzodlarining o‘rtacha yoshi – 54 yoshni tashkil etmoqda. Universitet nufuzli xalqaro agentliklar reytingiga kirmaydi, olimlarning ilmiy maqolalaridan xalqaro iqtibos keltirish darajasi pastligicha qolmoqda, talabalar ma’lum bir qismining ilm-fanga intilishi va qiziqishi juda sust ekanligi kuzatilmoqda;

beshinchidan – universitet axborot tizimining mazmuni, unumdorligi va sifati,shuningdek, IT mutaxassislarining o‘z ishini bilishi past darajada qolmoqda. Yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘idan foydalanish imkoniyati yo‘q, universitet hududining atigi 7,0 foizida Internetga, shu jumladan, xorijiy axborot ta’lim resurslarigasimsiz ulanish mumkin;

oltinchidan – yetakchi xorijiy ixtisoslashgan ilmiy markazlar bilan, ayniqsa ilmiy stajirovkalar asosidayaqin sheriklik munosabatlarini o‘rnatish ishlari zarur tarzda amalga oshirilmayapti, universitetning o‘quv va ilmiy faoliyatiga jalb etilgan xorijiy professorlar va o‘qituvchilar soni yetarli emas;

yettinchidan – o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqotlar yigitlar va qizlar, shuningdek, yosh pedagoglar bilan olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni aniq mazmun bilan to‘ldirish, ularda bilimga intilishnigina emas, balki insonparvarlikning milliy an’analariga sodiqlik va yuksak ma’naviyatni tarbiyalash, yot g‘oyalar va mafkuralarga nisbatan tanqidiy tafakkur va immunitetni mustahkamlash zarurligini ko‘rsatmoqda.Rektorat, fakultetlar va kafedralarning ko‘pchilik rahbarlari ushbu muhim ishdan o‘zlarini chetga olishgan, ularning talabalar turar joylarida yoshlar bilan uchrashuvlari soni juda kam. Dam olish, ko‘plab tadbirlarning, shu jumladan, madaniy-ommaviy va sport tadbirlarining darajasi pastligicha qolmoqda;

sakkizinchidan – ayrim fakultetlar, akademik litsey, sport inshootlari va talabalarning dala amaliyotlari o‘tadigan joylarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmayapti.Ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarida zamonaviy asbob-uskunalar yetishmaydi. Talabalar yashash joylarida o‘rinlar taqchilligi mavjud, shuningdek, universitet xodimlari va chet eldan taklif qilinadigan mutaxassislar uchun turar joy yetarli emas;

to‘qqizinchidan – universitetni rivojlantirishda oliy ta’lim muassasalari menejmentining zamonaviy usullar va ilg‘or amaliyotga asoslangan aniq ifodalangan strategiyasi mavjud emas. Moliyalashtirish tizimini qayta ko‘rib chiqish va optimallashtirish, shuningdek, mablag‘lardan, eng avvalo byudjet mablag‘laridan oqilona va samarali foydalanishning shaffof mexanizmlarini joriy etish talab qilinadi;

o‘ninchidan – dekanatlar va kafedralar rahbarlari, shuningdek, professor-o‘qituvchilar tarkibi mehnati samaradorligini baholashning va keyinchalik ularni moddiy rag‘batlantirishning reyting tizimi joriy etilmagan.

Ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar va muammolar Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti (A.R.Marahimov) va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (I.U.Madjidov) rahbariyatida talabchanlik, maqsadga yo‘naltirilganlik va yuqori malakali, yangicha fikrlaydigan kadrlar tayyorlashning xalqaro standartlariga javob beradigan zamonaviy shakllari va usullarini izlash, yaratish va faol joriy etish, oliy ta’lim ilm-fanining ulkan salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining jadal rivojlanishiga faol ulush qo‘shishga tayyor va qodir bo‘lgan munosib talaba-yoshlarni har tomonlama tayyorlash bo‘yicha shaxsiy tashabbus mavjud emasligining to‘g‘ridan-to‘g‘ri oqibati hisoblanadi.

Fundamental va gumanitar fanlar sohasida xalqaro standartlarga muvofiq talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash, oliy ta’lim ilm-fanini jadal rivojlantirish, istiqbolli va yuqori texnologik yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy salohiyatdan samarali foydalanish, kadrlarning kasbiy darajasi va pedagogik mahoratini uzluksiz oshirib borish, talaba-yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashni kuchaytirish, shuningdek, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini kompleks rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida:

1. Rektor A.R.Marahimov va uning o‘rinbosarlari D.X.Jumabayev, A.S.To‘rayev, V.A. Ibodullayev, N.N. Qodirovuniversitetning tarkibiy bo‘linmalari tomonidan samarali menejmentni ta’minlash bo‘yicha jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi, joriy, o‘rta muddatli va istiqbolli vazifalar tizimli tahlil qilinmaganligi, e’tirof etilgan xalqaro talablar va standartlar darajasida zamonaviy ta’lim, shu jumladan, innovatsion dasturlar va samarali ilmiy-tadqiqot ishlari joriy etilishini ta’minlash yuzasidan boshqaruv bo‘g‘inining rahbar kadrlari va professor-o‘qituvchilar tarkibiga nisbatan talabchanlikning sustligi, shuningdek,universitetning mamlakatimiz universitetlari va yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari orasida reytingi oshishi uchun shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida qat’iy ogohlantirilsinlar.

2. O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U.Madjidov, uning o‘rinbosarlari – K.A.Sharipov, U.Sh.Begimqulov, S.M.Buzrukxonov, vazirlik hay’ati va markaziy apparat tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining e’tibori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–2909-son qarorida belgilab berilganasosiy yo‘nalishlarni, ustuvor vazifalarni amalga oshirish va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish hamda mamlakatda oliy ta’limning matematika, tabiiy-ilmiy va gumanitar yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash bo‘yicha bazaviy universitet sifatida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini kompleks rivojlantirish bo‘yicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi yuzasidan ular tomonidan nazorat, ta’sirchan muvofiqlashtirish mavjud emasligiga hamda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi pastligiga qaratilsin.
3. Bosh vazirning o‘rinbosari A.A.Abduhakimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi A.A.Abduvaxitov bilan birgalikda:
2019 yil 1 iyulga qadar – 2015-2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatning hujjatlari bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillar davrida respublikada oliy ta’limni rivojlantirish tizimi bo‘yicha ustuvor vazifalar, talablar va chora-tadbirlar amalga oshirilishi samaradorligini puxta va har tomonlama tahlil qilsin;

2019 yil 1 avgustga qadar – tanqidiy tahlil qilish asosida: birinchi – oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnika bazasini va moliyalashtirish holatini mustahkamlashning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlarning natijadorligi; ikkinchi – tasdiqlangan kompleks dasturlarga (chora-tadbirlarga) optimal tuzatishlar kiritish; uchinchi – tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ularga yuklangan maqsadli vazifalarni amalga oshirishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarining shaxsiy javobgarligi choralari bo‘yicha aniq takliflar kiritsin.

4. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan mansabdor shaxslar hamda vazirliklar, idoralar va hokimliklar rahbarlarining alohida e’tibori Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida 2019 yil 24 mayda oliy ta’lim muassasalari rektorlari va respublika ilmiy jamoatchiligi bilan uchrashuvda belgilangan talablar va ustuvor vazifalar o‘z vaqtida, so‘zsiz va to‘liq hajmda bajarilishi zarurligiga qaratilsin. Ushbu maqsadlarda berilgan topshiriqlar bajarilishini va oldinga qo‘yilgan maqsadlarga erishilishini ta’minlaydigan amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilsin, tasdiqlansin va amalga oshirilsin.

5. Ko‘p qirrali va ustuvor vazifalarni – “... inson kapitalini har tomonlama rivojlantirish, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasining intellektual, ilmiy va iqtisodiy qudratini, shuningdek, ravnaqi va mustaqilligini ta’minlashga qodir bo‘lgan xalqaro standartlar darajasida mutaxassislarni tayyorlash uchun zarur va qulay shart-sharoitlar yaratish...” bo‘yicha kompleks aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, uning fakultetlari, ixtisoslashtirilgan kafedralari va boshqa kafedralari, ilmiy-tadqiqot institutlari, akademik litsey rahbariyatining, butun professor-o‘qituvchilar tarkibi va talaba-yoshlarining asosiy maqsadi etib belgilansin.

6. 2019-2023 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini kompleks rivojlantirish dasturi ishlab chiqilishini ta’minlash maqsadida universitet rektorati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha rahbarlarining –kadrlar buyurtmachilarining, Toshkent shahar hokimligining talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va universitetning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, uning O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’limi bayroqdori sifatidagi maqomini tiklashning mustahkam asosi, amaliy mexanizmi va kafolati bo‘lishga qaratilgan 9 ta maqsadli dasturni birgalikda ishlab chiqish to‘g‘risidagitakliflariga rozilik berilsin. Quyidagi maqsadli dasturlarni ishlab chiqishning asosiy yo‘nalishlari 1–9-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin:

1-komponent – “Hududlar, iqtisodiyot tarmoqlari, ilm-fan va ijtimoiy sohani rivojlantirish ehtiyojlarini hisobga olgan holda ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini optimallashtirish, kadrlar tayyorlashning maqsadli parametrlarini shakllantirish, talabalarning ishlab chiqarish korxonalarida amaliyotini tashkil qilish”;

2-komponent – “Eng yangi pedagogik texnologiyalar va o‘qitish usullarini joriy qilishning xalqaro amaliyotiga muvofiq ta’lim jarayonini rejalashtirish, chuqurlashtirish va sifatini yaxshilashni tashkil etishni takomillashtirish”;

3-komponent – “Rektorat, fakultetlar, kafedralar, ilmiy-tadqiqot muassasalari va akademik litsey rahbar kadrlari va professor-o‘qituvchilarini tanlash va tayinlash, ularning kasb darajasi va pedagogik mahoratini oshirish tizimini takomillashtirish”;

4-komponent – “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, universitetda olib boriladigan tadqiqotlarni ishlab chiqarish, akademik ilm-fan ehtiyojlari bilan integratsiyalash, o‘qituvchilar ilmiy ishining natijadorligini ta’minlash, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish”;

5-komponent – “Ta’lim, ilmiy va ma’muriy faoliyatning yagona axborot makonini yaratish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini jihozlash, kontent bilan to‘ldirish”;

6-komponent – “Yetakchi xorijiy universitetlar bilanxalqaro hamkorlikni, sheriklik munosabatlarinirivojlantirish, ta’lim faoliyatiga xorijiy mutaxassislar va o‘qituvchilarni jalb qilish”;

7-komponent – “Tarbiyaviy ishlar tizimini takomillashtirish, talabalarga yuksak axloqiy va ma’naviy-ma’rifiy fazilatlarni singdirish, yot g‘oya va mafkuralarga nisbatan immunitetni mustahkamlash, talabalarning sog‘lom turmush tarzi va dam olishini tashkil qilish uchun shart-sharoitlar yaratish;

8-komponent – “Moddiy-texnik bazani modernizatsiya qilish va mustahkamlash, laboratoriyalarni zamonaviy o‘quv-ilmiy uskunalar bilan jihozlash, ijtimoiy-sport infratuzilmasini rivojlantirish;

9-komponent – “Universitet faoliyatini samarali moliyalashtirish, xarajatlarni optimallashtirish va bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tish.

7. Universitet, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, boshqa vazirliklar va idoralarning tegishli normativ hujjatlar va amaliy chora-tadbirlarni o‘z vaqtida tayyorlash, ularni puxta iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish ishlari muvofiqlashtirilishini ta’minlash, shuningdek, belgilangan muddatlarda maqsadli dasturlarni shakllantirish uchun 10-ilovaga muvofiq tarkibda Muvofiqlashtiruvchi guruh tashkil etilsin. Muvofiqlashtiruvchi guruh rahbari – O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov bir hafta muddatda ushbu qarorga 1–9-ilovalar bo‘yicha ishchi guruhlar tarkiblarini va maqsadli dasturlarni amalga oshirishning bosqichma-bosqich jadvalini tasdiqlasin.

8. MDH mamlakatlari va xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida, shu jumladan, M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida sinovdan o‘tgan tajribani o‘rganishni hisobga olgan holda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlabfakultetlar va kafedralar, ilmiy-tadqiqot institutlarining laboratoriyalari bo‘yicha, akademik litseyda va umuman, universitetda rahbarlar hamda professor-o‘qituvchilar tarkibi faoliyatining samaradorligini tasdiqlangan maqsadli dasturlar bo‘yicha reyting baholash tizimi joriy etilsin.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda:

– 2019 yil 1 avgustga qadar – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta tashabbusini barcha kurslarda va universitetning tarkibiy bo‘linmalarida amalga oshirish tartibini va chora-tadbirlar kompleksiniishlab chiqsin va tasdiqlasin.

Talabalar, ayniqsa, talabalar turar joylarida yashaydigan va yashamaydigan talabalar bilan muntazam asosda faol muloqot olib borish amaliyotini joriy etish, ularning talab va ehtiyojlarini tizimli ravishda o‘rganish, talaba-yoshlarning o‘quv, ilmiy va ma’naviy hayotidagi muammoli masalalarni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish universitet rektori va prorektorlarining, dekanatlar hamda kafedralar rahbarlarining, barcha professor-o‘qituvchilar tarkibining ustuvor vazifasi etib belgilansin;

– 2019 yil 1 sentyabrga qadar – reyting baholash tizimini joriy qilishda asos bo‘ladigan indikatorlarni (ko‘rsatkichlarni);

– 2019 yil 1 oktyabrga qadar – yuqorida qayd etilgan indikatorlar (ko‘rsatkichlar) asosida tarkibiy bo‘linmalar va umuman universitet faoliyatining samaradorligi hamda natijadorligini reyting baholash tizimini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

9. Tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari va professor-o‘qituvchilari tarkibining bilimi va malakasi, kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirish tizimini tubdan yaxshilash, ularning ayrimlari orasidagi salbiy illatlar namoyon bo‘lishining oldini olish va ularga barham berish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektorati hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining muhim vazifasi etib belgilansin. Shu maqsadlarda:

2019 yil 1 sentyabrga qadar – universitetning tarkibiy bo‘linmalarida kadrlarning samarali zaxirasini shakllantirish;

2019 yil 1 oktyabrga qadar – boshqaruv bo‘g‘ini xodimlarini, shuningdek, universitet barcha bo‘linmalarining professor-o‘qituvchilarini belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tkazish;

2019 yil 1 noyabrga qadar – universitet rahbarlari va professor-o‘qituvchilarining “El-yurt umidi” jamg‘armasi yo‘nalishi bo‘yicha va moliyalashtirishning boshqa manbalari hisobiga reyting darajasi yuqori bo‘lgan xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-texnik markazlarda, shuningdek, mamlakatimiz korxonalarida, respublika Fanlar akademiyasi tizimidagi tashkilotlar va bo‘linmalarda 6 oy muddatga stajirovkasini tashkil etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilsin.

10. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining yangilangan tashkiliy tuzilmasi va rektoratining tuzilmasi 11-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab rektorat tuzilmasiga respublika oliy ta’lim muassasalari uchun ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va takomillashtirish metodologiyasini muvofiqlashtirishning o‘quv-metodik va ilmiy patronaj bo‘yicha bazaviy oliy ta’lim muassasasi sifatida universitetning o‘quv-metodik ta’minlash va ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha prorektori lavozimi kiritilsin.

Universitet rektorati, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, kadrlar buyurtmachilari bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining:

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab – muhandislik matematikasi, kompyuter fanlari va texnologik menejment yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston – Isroil fakultetini;

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab va keyingi yillarda – “Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar”, “Biofizika va muhandislik tadqiqotlari”, “Fundamental tibbiyot va biokimyo” fakultetlarini tashkil qilish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

Universitet rektori A.R.Marahimov 10 kun muddatda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 11-ilovadan kelib chiqib universitet rektorati, dekanatlari, kafedralari
va boshqa tarkibiy bo‘linmalarining shtat jadvalini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Intellektual-dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazini tashkil etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

11. S.Sirojiddinov nomidagi akademik litsey “tabiiy va aniq fanlar”ga ixtisoslashtirilgan S.Sirojiddinov nomidagi respublika akademik litseyi etib qayta tashkil etilsin.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda S.Sirojiddinov nomidagi respublika akademik litseyining keyingi samarali faoliyati to‘g‘risida asoslantirilgan takliflarni, shu jumladan:

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilarni qabul qilish va keyinchalik ularni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining tegishli fakultetlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilish tartibi;

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab S.Sirojiddinov nomidagi respublika akademik litseyini S.Sirojiddinov nomidagi respublika gimnaziyasiga aylantirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. 2019/2020 o‘quv yilida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga talabalarni davlat buyurtmasi asosida qabul qilishning asosiy ko‘rsatkichlari 12-13-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
13. Universitet faoliyatini moliyalashtirishning quyidagi manbalari belgilansin:

a) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi orqali ajratiladigan hamda ustav faoliyatiga muvofiq Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining joriy xarajatlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan respublika byudjet mablag‘lari;

b) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligidagi alohida shaxsiy hisobvaraqqa tushadigan va ustav faoliyatiga muvofiq Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining joriy xarajatlarini moliyalashtirishga va kapital xarajatlarni amalga oshirishga yo‘naltiriladigan kontraktlar bo‘yicha to‘lov mablag‘lari;

v) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligidagi hisobvaraqqa tushadigan va grant smetasiga muvofiq xarajatlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan grant mablag‘lari;

g) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligidagi hisobvaraqqa tushadigan va shartnomaviy ishlar bajarilishini moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan xo‘jalik shartnomasi (yoki boshqa yo‘nalish) bo‘yicha mablag‘lar;

d) sohaga kirmaydigan faoliyatdan olinadigan va universitetning joriy xarajatlariga yo‘naltiriladiganboshqa tushumlar.

14. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Universitetni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilganligi va xo‘jalik shartnomalari, pullik kurslar, homiylik ajratmalari, binolarni ijaraga berish, bosmaxona faoliyati va boshqa faoliyatdan tushadigan mablag‘lar uning manbai hisoblanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra Rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘lari faqat quyidagi maqsadlarga yo‘naltiriladi:

moddiy-texnik bazani mustahkamlash;

kreditor qarzdorlikni qoplash;

xodimlar va professor-o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish.

15. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 avgustga qadar Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiHomiylik kengashini tajriba tariqasida tashkil qilishni, uning shaxsiy tarkibini tasdiqlashni, vakolatlarini, qarorlar qabul qilish va ijro etish mexanizmlarini belgilashni nazarda tutuvchi takliflarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.J.Ramatov, J.A.Qo‘chqorov, A.A.Abduhakimov, T.K.Narbayeva, vazirliklar va idoralar rahbarlari, Toshkent shahar hokimi J.A.Ortiqxo‘jayev 2019 yil 24 mayda oliy ta’lim muassasalari rektorlari va ilmiy jamoatchilik bilan o‘tkazilgan uchrashuvda belgilangan topshiriqlar o‘z vaqtida va puxta ishlab chiqilishini ta’minlasinlar. Jumladan:

2019 yil 1 iyulga qadar – Toshkent shahri Olmazor tumanidagi talabalar shaharchasi hududida, xususan, universitet professor-o‘qituvchilari va yosh tadqiqotchilari uchun 6 ta zamonaviy ko‘p qavatli uylar, universal sport majmuasi, “Yoshlar bog‘i”, “Wi-Fi” zona va boshqa ob’ektlarni qurish;

2020 yil 1 yanvarga qadar – universitetning biologiya fakulteti uchun Vivariy va oranjereya binolarini qurish;

2020 yil 1 yanvarga qadar – universitetning Chorvoq o‘quv-amaliy markazining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va uni zamonaviy gidrometeorologik asboblar bilan jihozlash bo‘yicha takliflar kiritsin.

Aniq va tabiiy fanlar fakultetlarining o‘quv-ilmiy laboratoriyalarini jihozlash maqsadida universitetga 6,0 million AQSH dollari ajratilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ta’lim va ilm-fan sohasidagi barcha davlat tashkilotlarida ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan xodimlarning oylik ish haqiga 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga – fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) darajasiga (yoki xorijiy mamlakatlarning ularga tenglashtirilgan darajasiga) ega bo‘lgan xodimlarga 30,0 foizgacha, fan doktori (Doctor of Science) darajasiga (yoki xorijiy mamlakatlarning ularga tenglashtirilgan darajasiga) ega bo‘lgan xodimlarga 60,0 foizgacha qo‘shimcha haq to‘lash tartibi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini bir oy muddatda ishlab chiqsin va kiritsin.

Belgilansinki, qo‘shimcha haq har bir xodimning ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyatiga qo‘shgan aniq hissasini hisobga olgan holda tarkibiy bo‘linma rahbarining taqdimnomasi asosida va muassasa (tashkilot) kollegial organining qaroriga ko‘ra to‘lanadi.

18. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimida tayyorgarlik bosqichi sifatida 2020 yil 1 yanvardan boshlab stajyor-tadqiqotchilar institutini joriy etish haqida Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va kiritsin.

19. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov ushbu qarorning 13-14-bandlarida qayd etilgan manbalarni va xalqaro grantlarni hisobga olgan holda ushbu qarorda nazarda tutilgan topshiriqlar va chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun mablag‘lar ajratish yuzasidan, keyinchalik asoslangan takliflar kiritish uchun ularning moliyaviy jihatdan puxta ishlab chiqilishini ta’minlasin.

20. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U.Madjidov va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori A.R.Marahimov zimmasiga yuklansin.

Qabul qilingan chora-tadbirlar natijadorligi to‘g‘risida 2019 yil 1 avgustda va 1 oktyabrda, 2020 yil 10 yanvarda axborot berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 18 iyun


Maqola muallifi

Teglar

qaror O'zMU

Baholaganlar

23

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing