“Aholi, ayniqsa, yoshlar hech qanday zaruratsiz ko‘chalarni to‘ldirib yuribdi”. Prezident karantin tugamaganini urg‘uladi

Jamiyat

Avval xabar berganimizdek, bugun, 13 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida karantin talablarini hushyorlikni oshirgan holda yanada yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda davlat rahbari mamlakatda karantin choralarining yumshatilishini odamlar noto‘g‘ri tushunayotgani, shu bois kasallik aniqlanishi bo‘yicha raqamlar yana o‘sayotganini qayd etdi. 

“Hozir vaziyatning o‘zi shunday talab qilyaptiki, katta-katta davlatlar ham pandemiya qanday og‘ir bo‘lmasin, iqtisodiyotni tiklash bo‘yicha ko‘p choralar ko‘rmoqda. Dunyoda pandemiya hali davom etayotgani, qator davlatlarda virus oqibatlari endi avjiga chiqayotganini oynai jahon orqali ko‘rib, bilib turibsiz. Lekin qator davlatlar karantin cheklovlarini asta-sekin yumshatishni boshladi. Chunki hayot davom etmoqda. Odamlarni boqish barcha davlatlar uchun bosh vazifa bo‘lib qoldi.  

Dunyoda  koronavirusga qarshi vaksina va davolaydigan dori vositasi hali topilmagani sababli ushbu infeksiya mavjud bo‘lgan sharoitda yashash va ishlashga o‘rganishimiz kerak. Biz ham epidemiologik vaziyat jilovini mahkam ushlab, eng avvalo iqtisodiy faollikni bosqichma-bosqich tiklash orqali aholining ishlashi va daromad olishini ta’minlash bo‘yicha ish olib boryapmiz”, deydi davlat rahbari. 

Karantin choralariga amal qilish eng avvalo tuman, shahar va viloyat hokimlari boshchiligida sektor rahbarlarining asosiy vazifasi ekani ta’kidlandi. 

“Hamma bilsin: qayerda jilovini qo‘yib yuborsa, jinoiy javobgarlikka tortiladi. Gap odamlarning sog‘lig‘i, odamlarning umri to‘g‘risida ketyapti. Karantin normalariga e’tibor berib, iqtisodiy tarmoqlarning jilovini qo‘lga olib, tiklash uchun kurashish kerak. Tajribamizni inobatga olib, iqtisodiyotimizni, tarmoqlarni, har bir sohani joyiga qo‘ymas ekanmiz, natija bo‘lmaydi. Bilish kerak, har bir korxona bilan gaplashish kerak. Muammosi nima, dardi nima, qanday imkoniyat yarata olamiz? 

Pandemiya davrida bizni eng to‘g‘ri qilgan yo‘limiz – qanday og‘ir bo‘lmasin, katta-katta korxonalarimizning birortasini to‘xtatganimiz yo‘q. Mart va aprel oyi ko‘rsatkichlarini biz o‘zimiz tahlil qildik. Lekin bu oy hammamizga sinov. Davlatning ijtimoiy investitsiya va boshqa xarajatlari uchun byudjetga yetarli tushum tushirishni ham o‘ylashimiz zarur. Bu borada o‘zimizdagi haqiqiy ahvol va tajribani keng o‘rganyapmiz. Dastlabki tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, qayerda hokimlar butun mas’uliyatni o‘ziga olib, chuqur o‘ylab, odamlar bilan maslahatlashib ish olib borayotgan bo‘lsa, o‘sha joyda ham karantin, ham iqtisodiyot yaxshi natija beryapti. Ko‘p narsa tuman rahbarlariga bog‘liq. To‘rtta sektor rahbari, viloyat hokimi, tuman va shahar hokimi o‘zini qiynab, jilovni mahkam ushlasa, o‘shanda natija bo‘ladi. 

Lekin, afsuski hamma joyda ham shunday bo‘layotgani yo‘q. Ba’zi joylarda berilgan erkinlikni noto‘g‘ri tushunib, aholi, ayniqsa, yoshlar hech qanday zaruratsiz ko‘chalarni to‘ldirib yurgani kuzatilmoqda. Bunday holatlar hamda oxirgi kunlarda infeksiya yuqtirganlar soni yana oshayotgani hammamizni hushyor bo‘lishga chaqirmoqda.

Bu ko‘rimsiz dushman, ajaddiy infeksiya. Bu shunday baloki dunyoda hech kim undan qutulish yo‘lini topolmayapti. Takror va takror aytaman, hali yurtimizda karantin tugagani yo‘q. Karantin tugagani yo‘q. Lekin odamlarimizni boqishimiz kerak. Iqtisodiyotni tiklashimiz kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev. 

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 2596 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 11 nafari vafot etdi, 2076 kishi ushbu virusdan butunlay sog‘aydi. Ayni vaqtda davolanayotgan bemorlar 509 nafarni tashkil etmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

karantin Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

96

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing