Shavkat Mirziyoyev Ramzan Qodirovga noyob sovg‘a yubordi

Olam

O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi Rustam Qosimov, Musulmonlar idorasi raisi-muftiy Usmonxon Alimov, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning o‘g‘li Ismoil Muhammad Sodiqdan iborat delegatsiya Checheniston Respublikasi Prezidenti Ramzan Qodirov bilan uchrashdi.

Delegatsiya Chechenistonga Yevropadagi eng katta masjid “Musulmonlar faxri”ning ochilish marosimida ishtirok etish uchun tashrif buyurgandi.

Ramzan Qodirov ikki davlat xalqlarining aloqalari mustahkamligini hamda Checheniston o‘zaro munosabatlar yanada mustahkamlanishi va kengayishidan manfaatdor ekanligini ta’kidladi.

“Biz O‘zbekistonga chuqur ehtirom bilan yondashamiz. Bu respublika Islom dini bilan bog‘liq boy tarixga ega. U musulmon ummasiga ko‘plab atoqli olim va din arboblarini tuhfa etgan, dinimiz tarqalishida muhim rol o‘ynagan. Bizning birinchi Prezidentimiz, Rossiya qahramoni Ahmad-Hoji Qodirov islomiy fanlarni O‘zbekistonda o‘rgangan. Rustam Qosimov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrik so‘zlarini yetkazdi. U Chechenistonda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlardan hayratda ekanligini bildirdi. Uchrashuv davomida Rustam Qosimov menga juda nodir sovg‘a – Toshkentdagi Mo‘yi Muborak madrasasida saqlanayotgan qadimiy Qur’on qo‘lyozmasining nusxasini taqdim etdi. Aziz mehmonimizga minnatdorlik bildirdim. Qardosh O‘zbekiston Respublikasining yanada rivojlanishi va gullab-yashnashini tiladim”, dedi Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, 23 avgustda Chechenistonning Shali shahrida Yevropadagi eng katta – Muhammad payg‘ambar (s.a.v.) nomidagi “Musulmonlar faxri” masjidi ochildi.

Shali shahrida qad rostlagan ulug‘vor va ko‘rkam masjid ko‘p asrlik boy me’morchilik an’analarini bezavol saqlab kelayotgan mahoratli va qo‘li gul o‘zbek me’morlari tomonidan loyihalashtirilgan va Markaziy Osiyoga xos uslubda barpo etilgan.

Loyiha muallifi – O‘zbekistonda ko‘plab masjidlarni yaratishda ishtirok etgan o‘zbekistonlik arxitektor Abduqahhor Turdiyev. Uning aytishicha, dunyoda Shali masjidiga o‘xshash masjid dunyoning hech bir burchagida yo‘q.

2012 yilda qurilishi boshlangan ushbu masjid to‘rt tomondan kirish qismiga ega. Binoning tashqi va ichki tomoni oq rangdagi toshlar, o‘zbekona uslubdagi ornament va naqshlar bilan bezatilgan, sharqona bezaklar bilan uyg‘unlashib ketgan. Masjid qadimiy Buxoro va Samarqand masjidlari uslubiga o‘xshash. Uni chor atrofdan to‘rt minora o‘rab turadi. Ularning har birining balandligi 63 metrni tashkil etadi. Masjid gumbazlari esa 43 metr balandlikda barpo etilgan. Masjidning ichki va tashqi devorlari oq yunon marmari bilan bezatilgan.

Ma’lumotlarda qayd etilishicha, masjidda bir vaqtning o‘zida 30 mingdan ziyod kishi ibodat qilishi mumkin ekan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev masjid Ramzan Qodirov

Baholaganlar

130

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made