OKMKda ilk bor sof palladiy olindi

Jamiyat

image

Platinadan 7,3 foizga qimmat yuradigan bu nodir metallni O‘zbekistonda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tashabbusi va ilmiy tadqiqotlari tufayli birinchi bor yuqori tozalikdagi 99,00% sof kukun shaklida olishga erishildi.  Bu haqda kombinatning axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, tozalangan sof palladiy kukuni ajratib olish uchun 17 ta jarayonni bosib o‘tish kerak bo‘ladi. 

O‘tkazilgan tadqiqotlar asosida past konsentratsiyali elektrolit eritmalaridan yuqori tozalikka ega bo‘lgan sof palladiy kukunini ajratib olishning yangi texnologiyasi ishlab chiqilib, metall ajratib olish darajasi 80 foizga olib chiqilgan. 

“Dunyo miqyosida mazkur nodir metalga bo‘lgan talab juda yuqori bo‘lib, ular har doim ham rudalarda yetarli darajada uchramaydi. Sof va o‘ta toza palladiy metallini ajratib olish borasida 2018 yilning noyabr oyidan buyon ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi. Maqsad palladiy miqdori kam bo‘lgan chiqindi elektrolit eritmalaridan, garchi 50 mg 1 litrda bo‘lgan taqdirda ham sof palladiy kukunini ajratib olish usulini ishlab chiqishdan iborat edi. 

Bugungi kunda hatto 40 mg palladiy bir litr eritmada qolguncha cho‘kmaga tushirib olinmoqda. Avvalgi texnologik yo‘riqnomalarda bunday natijalarga erishilmas edi. Cho‘ktirilgan palladiy kompleksini kuydirish va qayta tiklash jarayonlarini qayta tadqiq qilish asnosida piro-gidrometallurgik  optimal parametrlar ishlab chiqildi. Palladiy tarkibli eritmalarni zararli qo‘shimchalardan tozalash va foydali metallarni ajratib olish uchun ishlab chiqarishga jo‘natishni mo‘ljallovchi kompleks cho‘ktirish va tozalash usullari sanoatga joriy etildi”, deydi Yangi texnologiyalar markaziy laboratoriyasi Mis metallurgiyasi bo‘linmasi boshlig‘i Orifjon Usmonqulov  

Ma’lumot o‘rnida, dunyo bozorida 1 grami 67 dollarga baholanayotgan palladiy ishlab chiqarish sanoati yildan yilga sohaviy tarzda takomillashib bormoqda. Platinadan 7,3 foizga qimmat yuradigan bu nodir metall asosan tibbiyot, xususan, stomatologiya sohasida, elektronika, mashinasozlik va kimyoviy ishlab chiqarish tarmoqlarida keng qo‘llaniladi. Palladiy ishlab chiqarish sanoatining 40 foizi asosan Janubiy Afrika Respublikasi hamda Rossiya, Shimoliy Amerika hamda Zimbabve hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati palladiy

Baholaganlar

162

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing