Hokimlik va vazirliklarda telefonlarga javob berilmaydi – Safoyev

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 23-24 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 21-yalpi majlisida Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev xorijiy investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilib nutq so‘zlagan edi. U mamlakatda investorlarning huquqlarini himoya qiluvchi aniq qonun yo‘qligini aytib, bu davlatning investitsiyaviy nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini qayd etdi. 

Safoyev nutqida davom etarkan, vazirliklar, hokimliklar va davlat tashkilotlarida biznes etika yo‘qligini aytdi. Bu esa oddiygina qo‘ng‘iroqlarga javob bermasligida ko‘rinishini ma’lum qildi. 

“Xorijiy investorlar va mahalliy tadbirkorlar uchun qabul qilingan qarorlar ayrim holatda bajarilmayotgani haqida ko‘pgina tanqidiy misollar keltirilmoqda. Tushunamiz, vaziyat o‘zgargan bo‘lishi mumkin. Yangi takliflar paydo bo‘lishi ham mumkin. Lekin qaror qabul qildikmi, lafz bor. Buni yo tushuntirishimiz kerak, yo murosaga kelishimiz kerak. Ular bergan xatlarga javob berilmayapti, hokimlik va vazirliklarda telefonlar olinmaydi. Telefonga javob bermaslik – bu biznes etikaning yo‘qligidan dalolat beradi”, deydi Safoyev.

Shavkat Mirziyoyev Prezident o‘laroq faoliyat boshlagan ilk kunlardanoq mamlakatda investitsiyaviy muhitni rivojlantirish, mahalliy va xorijiy investorlarga sharoit yaratib berish, ularga huquqiy kafolat berish masalasini birlamchi vazifa sifatida qo‘ydi. Ko‘plab mamlakatlar fuqarolari uchun viza rejimi bekor qilindi. Davlat xususiy sherikchilik tizimini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha qator qarorlar imzoladi. Investitsiyaga davlat siyosati darajasida qaralsa-da, ayrim mahalliy hokimliklar va davlat tashkilotlarida Prezident topshiriqlari bajarilmayapti, investorlar bilan muloqot o‘rnatilmagan. Sodiq Safoyev nutqida bunga ham to‘xtalib, investorlardan qochib yurish, yaxshilikka olib kelmasligini aytdi.  

“Vaqtni cho‘zib, bu masalalar o‘zidan o‘zi yechilib ketadi, degan fikr noto‘g‘ri. Qochib yurish – bu noto‘g‘ri siyosat. Birinchidan, xorijiy investorlarga salbiy signal beradi, ikkinchidan, bir kunmas bir kun bu juda katta muammolarga olib kelishi muqarrar”. 


Maqola muallifi

Teglar

Sodiq Safoev

Baholaganlar

57

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing