Hammayoq milliard bo‘lib yotibdi, lekin haqiqiy natija yo‘q – Komilov

Jamiyat

image

O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda vazirlik va idoralar tomonidan takliflarning uzoq muddatlarda ko‘rib chiqilishi mamlakatga sarmoya olib kirishni qiyinlashtiryapti. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida ta’kidlab o‘tdi.

“Vazirlik va idoralar tomonidan investitsion takliflarning uzoq muddatlarda ko‘rib chiqilishi ikki tomonlama muhim tadbirlarning kechiktirilishiga yoki bekor qilinishiga sabab bo‘lmoqda. Ko‘p hollarda tarmoq vazirlik va idoralar kelib tushadigan investitsiya loyihalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar sifati o‘ta past va xorijiy sheriklar bilan samarali muzokara o‘tkazish imkonini bermaydi. Xalqaro standartlarga javob beradigan takliflar deyarli yo‘q”, dedi TIV rahbari.

Abdulaziz Komilovning ta’kidlashicha, ayrim vazirlik va idoralar tomonidan chet elga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni bajarish va Tashqi ishlar vazirligiga axborot berishga yuzaki yondashilayotgani sababli ularning natijasi sezilmayapti.

“Shu tashriflar vaqtida oxirgi paytda elchilarimiz bizga kamchiligimiz to‘g‘risida ochiq aytishyapti. Bizdan investitsiya jalb qilish maqsadida borayotgan delegatsiyalar yaxshi tayyorgarlik ko‘rishmaydi. Ochig‘ini aytsam, sarmoyadorning orqasidan “mana shu memorandumga qo‘l qo‘ying”, deb yugurib yurishadi. Keyin kelishib, qo‘l qo‘ydirib olib kelishadi. Lekin buning tagida hech narsa yo‘q. Kelib, uni “Yo‘l xaritasi”ga kiritishadi. Keyin vaqti soati kelganda “Yo‘l xaritasi”ni qarasak, hammayoq milliard bo‘lib yotibdi, lekin haqiqiy natija yo‘q”, deb ta’kidladi Abdulaziz Komilov.

QALAMPIR.UZ muxbirining xabar berishicha, vazir TIV har doim yordam berishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik yaqinda hokimlarga investorlarni jalb qilish uchun qanday tayyorgarlik ko‘rish kerakligi haqida xat yuborgan.

“Viloyatdagi vaziyatni sarmoya kerak degan rahbarlar, hokimlar yaxshi biladi. Bizga har tomondan murojaatlar keladi: “Mana hamma sharoitni tashkil qildik, bizga investorlar olib kelib bersangiz” degan. Qanday sharoit yaratilgani ma’lum emas. Qanday sohaga, nimaga? O‘sha viloyatda strategiya bo‘lmasa 5-6 yilga reja bordir, sohalar bordir. Xalqaro talabga javob beradigan loyiha tayyorlash qiyin. Bunga tajriba kerak, balki o‘sha xorij kompaniyalarini jalb etish kerak. Lekin, “mana shu sohaga, mana shu miqyosda (tahr. investitsiya kerak), yaratib beradigan sharoitimiz shundan iborat”, deb hech bo‘lmasa ma’lumotni to‘liq berishsa biz uchun ham oson bo‘ladi”, dedi TIV rahbari.

Abdulaziz Komilov sarmoya TIVga emas, viloyatlarga kelishini, vazirlikning vazifasi ularni olib kelishdan iboratligini ta’kidlab o‘tdi.

“Bizning vazifamiz ularni jalb qilib olib kelish. Mana laqillatib keltirdim. Lekin biz Savdo, Investitsiya vazirliklari bilan birga ishlashimiz kerak. Ular loyihani tayyorlashda yordam berishi kerak. Investitsiyani hokimiyat yoki savdo vazirligi o‘zi jalb eta olmaydi”, dedi Komilov.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulaziz Komilov Senat yalpi majlis investitsiya

Baholaganlar

201

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing