Xizmat vaqtida halok bo‘lgan harbiylarning oilalariga bir martalik nafaqa tayinlash bo‘yicha nizom tasdiqlanadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohati olgan harbiy xizmatchilarga yoki halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga bir martalik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. 

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Prezident xavfsizligi davlat xizmati tizimida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarga va ularning oila a’zolariga ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohati olgan harbiy xizmatchilarga yoki halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga bir martalik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi. 

Mazkur nizom 5 bob, 45 qoidadan iborat bo‘lib, uning  to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohati olgan harbiy xizmatchilarga yoki halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga bir martalik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Prezident xavfsizligi davlat xizmati tizimida (keyingi o‘rinlarda Qurolli Kuchlar deb ataladi) xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohati olgan harbiy xizmatchilarga yoki halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga bir martalik nafaqalar miqdorini tayinlash va to‘lash tartibini belgilaydi.

2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi: 

•    harbiy xizmatchi – Qurolli Kuchlarda shartnoma bo‘yicha va muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar, oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursantlari va tinglovchilari;

•    xizmat majburiyati – qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda Qurolli Kuchlar tarkibidagi bo‘linmalarga yuklatilgan vazifa va funksiya, huquq va majburiyatlarining ichki idoraviy hujjatga ko‘ra harbiy xizmatchilar o‘rtasida (egallab turgan lavozimi bo‘yicha) taqsimlangan majburiyati;

•    tan jarohati – xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida harbiy xizmatchi olgan (yetkazilgan) og‘ir va o‘rtacha og‘ir darajadagi tan jarohati (yaralanish, shikastlanish, jarohatlanish, mayib va kontuziya bo‘lish);

•    bir martalik nafaqa (keyingi o‘rinlarda nafaqa deb ataladi) – xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohati olgan harbiy xizmatchilarga yoki halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga to‘lanadigan to‘lov turi;

3. Mazkur Nizom quyidagilarga nisbatan tatbiq etiladi:

• Qurolli Kuchlardagi shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar;

• Qurolli Kuchlardagi muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar;

• Qurolli Kuchlardagi oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari va tinglovchilari;

• Qurolli Kuchlarda xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning oila a’zolari;

• Safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchilari.

4. Harbiy xizmatchi xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lganda (vafot etganda) ularning oila a’zolariga marhumning asosiy egallagan lavozimi bo‘yicha maoshi (harbiy ta’lim muassasasi kursantining va tinglovchisining stipendiyasi) va harbiy unvoni maoshi yig‘indisining yuz barobari miqdorida nafaqa tayinlanadi.

5. Xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohati olgan harbiy xizmatchiga:

•    og‘ir tan jarohati olganda – harbiy xizmatchining egallab turgan lavozimi bo‘yicha maoshi (harbiy ta’lim muassasasi kursantining va tinglovchisining stipendiyasi) va harbiy unvon maoshi yig‘indisining ellik barobari miqdorida;

•    o‘rtacha og‘ir tan jarohati olganda – harbiy xizmatchining egallab turgan lavozimi bo‘yicha maoshi (harbiy ta’lim muassasasi kursantining va tinglovchisining stipendiyasi) va harbiy unvon maoshi yig‘indisining yigirma barobari miqdorida nafaqa tayinlanadi.

6. Yengil tan jarohati olgan harbiy xizmatchiga nafaqa tayinlanmaydi.

7. Xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohati olgan harbiy xizmatchilarga yoki halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga bir martalik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi mazkur Nizomning 1 va 2-ilovalaridagi sxemalarga muvofiq amalga oshiriladi.

Nafaqa miqdorini hisoblash ushbu Nizomning 33-bandida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

2-bob Nafaqani tayinlash tartibi

8. Harbiy xizmatchi xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohati olganligi holati yuz berganda (halok bo‘lganda yoki vafot etganda) bevosita harbiy xizmatchining boshlig‘i (komandiri) yoki uning o‘rinbosari tashabbusi bilan xolislar (kamida ikki nafar voyaga yetgan fuqaro) ishtirokida darhol ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda tan jarohati olganligi (halok bo‘lganligi, vafot etganligi) bo‘yicha dalolatnoma (keyingi o‘rinlarda dalolatnoma deb ataladi) tuziladi.

9. Dalolatnomani tuzishda voqea tafsilotlari aniq va xolisona bayon etilishiga, shuningdek harbiy xizmatchining tan jarohati olganligining (halok bo‘lgan yohud vafot etganligining) xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq holda yuz berganligiga alohida e’tibor qaratiladi.

10. Dalolatnoma tan jarohati olgan (halok bo‘lgan, vafot etgan) harbiy xizmatchining boshlig‘i (komandiri) yoki uning o‘rinbosari, voqea guvohi bo‘lgan harbiy xizmatchilar yoki fuqarolar (xolislar) tomonidan, shuningdek voqea sodir bo‘lgan hududdagi Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar boshliqlari (komandirlari) tomonidan imzolanadi va gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.

11. Harbiy xizmatchi tan jarohati olganligi (halok bo‘lganligi, vafot etganligi) voqeasi sodir bo‘lgan hududdagi Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar boshliqlari (komandirlari) tomonidan yuz bergan holat yuzasidan zudlik bilan yuqori turuvchi qo‘mondonlikka dastlabki axborot beriladi.

12. Harbiy xizmatchining halok bo‘lishi (vafot etishi) yohud uning tan jarohati olishi holati va sabablarini tekshirish uchun Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar boshliqlari (komandirlari)ning yozma ko‘rsatmasiga asosan tergovga qadar (xizmat) tekshiruvi tayinlanadi.

Tergovga qadar (xizmat) tekshiruvni Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar boshliqlari (komandirlari) tomonidan tayinlanadigan tergovga qadar (xizmat) tekshiruvini o‘tkazish komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb ataladi) o‘tkazadi. Zarur hollarda vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida komissiya ishiga boshqa vazirlik va idoralarning tegishli soha mutaxassislari jalb etiladi.

13. Komissiya harbiy xizmatchining halok bo‘lishi (vafot etishi) yoki uning tan jarohati olishi uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liqligiga alohida e’tibor qaratishi shart.

14. Komissiya yohud Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar boshliqlari (komandirlari) tomonidan harbiy xizmatchi olgan tan jarohatining darajasini (halok bo‘lish yohud vafot etish sababini) aniqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi (yoki Sog‘liqni saqlash vazirligi) sud-tibbiy ekspertizasi muassasalarida ekspertizani tayinlash haqida qaror qabul qilinadi.

Ekspertizani tayinlash va o‘tkazish jinoyat-protsessual qonunchiligiga asosan amalga oshiriladi.

15. Xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohati olgan yoki halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning xatti-harakatlarida huquqbuzarlik, xizmat intizomini buzish holatlari yoki harbiy xizmatchidan olinadigan qon namunasi tarkibida spirtli ichimliklar, giyohvandlik yoki psixotrop moddalar mavjudligi aniqlangan taqdirda, nafaqa tayinlashni rad etish masalasi ko‘rib chiqiladi.

16. Tergovga qadar (xizmat) tekshiruvi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rik o‘tkazish to‘g‘risida nizomga muvofiq, Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar boshliqlari (komandirlari) uch kunlik muddat ichida harbiy-davolash muassasasiga tan jarohati olingan (yaralangan, shikastlangan, mayib va kontuziya bo‘lgan) vaziyat haqidagi ma’lumotnomani (keyingi o‘rinlarda ma’lumotnoma deb ataladi) mazkur Nizomning 4-ilovasidagi shaklga muvofiq taqdim etadi.

Ma’lumotnoma Qurolli Kuchlardagi tibbiyot bo‘lim (bo‘linma, xizmat)larida ro‘yxatga olinadi va asl nusxasi tegishli yig‘ma jildlarda doimiy muddatga saqlanadi.

Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar boshliqlari (komandirlari) hamda Komissiya ma’lumotnomada bayon etilgan ma’lumotlar ishonchli bo‘lishi uchun shaxsan javob beradi.

Tergovga qadar (xizmat) tekshiruvi davomida harbiy xizmatchi xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida olgan tan jarohati darajasi – sud-tibbiy ekspertiza muassasasi xulosasiga ko‘ra Harbiy-tibbiy komissiyasi qarori bilan belgilanadi.

17. Komissiyaga harbiy xizmatchi xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida har bir halok bo‘lishi yohud vafot etishi holati yuzasidan tibbiy yoki sud-tibbiy ekspertiza muassasasining o‘lim haqidagi tibbiy guvoxnomasining nusxasi taqdim etiladi.

18. Komissiya tomonidan barcha hujjatlar umumlashtirilgan holda tergovga qadar (xizmat) tekshiruvi natijasiga doir xulosa chiqariladi. Mazkur xulosa tergovga qadar (xizmat) tekshiruvini tayinlagan Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar boshliqlari (komandirlari) tomonidan tasdiqlanadi.

19. Tergovga qadar (xizmat) tekshiruvi natijasiga doir xulosaga asosan harbiy xizmatchi tan jarohati olishi xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq deb topilsa, tergovga qadar (xizmat) tekshiruvini o‘tkazgan Komissiya tomonidan sodir etilgan voqea yuzasidan hujjatlar to‘planadi.

Qurolli Kuchlar takribidagi tegishli bo‘linmalarda tuziladigan jarohatlanish va boshqa bahtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha komissiyalarga (Jarohatlanish va boshqa bahtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha komissiya) quyidagi to‘plangan hujjatlar taqdim etiladi:

a) tan jarohati olgan harbiy xizmatchi to‘g‘risida ma’lumot;

b) halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchining yaqin qarindoshlari to‘g‘risida ma’lumot;

v) tan jarohati olganligi (halok bo‘lganligi yohud vafot etganligi) to‘g‘risida dalolatnoma;

g) mazkur Nizomning 5-ilovasidagi shaklga muvofiq Harbiy-tibbiy komissiya tomonidan berilgan ma’lumotnoma;

d) tan jarohati olishning (halok bo‘lish yohud vafot etishning) sabablari 
va holati yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar (xizmat) tekshiruvi hujjatlari to‘plami;

ye) sud-tibbiy ekspertiza muassasasining xulosasi nusxasi;

j) mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shakldagi tan jarohati olingan (yaralangan, shikastlangan, mayib va kontuziya bo‘lgan) vaziyat haqidagi ma’lumotnoma.

Agar yuz bergan holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga muvofiq jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish 
va jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qaror mavjud bo‘lsa, to‘plangan hujjatlar bo‘yicha ushbu yakuniy qaror nusxasi ham tegishli hujjatlarga ilova qilinadi.

20. Harbiy xizmatchi xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan (vafot etgan) bo‘lsa, Komissiya tomonidan mazkur Nizomning 19-bandida nazarda tutilgan hujjatlarga qo‘shimcha ravishda quyidagi hujjatlar ham to‘planadi:

a) harbiy xizmatchining o‘limi haqidagi guvohnoma nusxasi;

b) merosxo‘rning shaxsini tasdiqlovchi hujjat hamda uning meros olishga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida guvohnomaning notarial tasdiqlangan ma’lumotnoma nusxasi;

v) tegishli Qurolli Kuchlar takribidagi bo‘linmalar boshliqlarining (komandirlarining) harbiy xizmatchini shaxsiy tarkib ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risidagi buyrug‘idan ko‘chirma.

21. Jarohatlanish va boshqa bahtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha komissiya o‘z yig‘ilishida to‘plangan hujjatlarning asosliligini o‘rganib chiqadi hamda tan jarohatining og‘irlik darajasi va mehnat qobiliyati yo‘qotilgan vaqtga qarab beriladigan nafaqa miqdori to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Jarohatlanish va boshqa bahtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha komissiya qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.

22. Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar boshliqlari (komandirlari) nafaqa to‘lash masalasi yuzasidan yakuniy qaror chiqarilishi uchun besh kun ichida mazkur Nizomning 19 va 20 – bandlarida ko‘rsatilgan hujjatlarni belgilangan tartibda Qurolli Kuchlar tegishli vazirlik va idoralari Markaziy devonining doimiy faoliyat yurituvchi komissiyalariga (keyingi o‘rinlarda Doimiy faoliyat yurituvchi komissiya deb ataladi) taqdim qiladi.

23 Doimiy faoliyat yurituvchi komissiyaning tarkibi Qurolli Kuchlar tegishli vazirlik va idoralarining birinchi rahbarlari buyrug‘i bilan belgilanadi.

24. Nafaqani rasmiylashtirish uchun yuborilgan hujjatlar Doimiy faoliyat yurituvchi komissiya tomonidan o‘rganib chiqiladi va nafaka miqdorini aniq belgilab berish uchun Qurolli Kuchlar tegishli vazirlik va idoralarining birinchi rahbarlariga ushbu Nizomning 6-ilovasiga muvofiq shaklda bir martalik nafaqa bo‘yicha taqdimnoma (keyingi o‘rinlarda Taqdimnoma deb ataladi) kiritiladi.

25. Qurolli Kuchlar tegishli vazirlik va idoralarining birinchi rahbarlari tomonidan nafaqa miqdori aniq belgilangan holda tasdiqlangan Taqdimnomaning asl nusxasi Qurolli Kuchlar tegishli vazirlik va idoralaridagi mas’ul boshqarma tomonidan ijro uchun harbiy xizmatchining so‘nggi xizmat yoki o‘qish joyiga, nusxalari esa ma’lumot va ijro uchun Qurolli Kuchlar tegishli vazirlik va idoralari Tibbiyot hamda Moliya-iqtisod boshqarmalariga yuboriladi.

Taqdimnoma Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalarga kelib tushgach, marhumning oila a’zolariga meros huquqini tasdiqlovchi notarial idoraning guvohnomasini olish uchun ushbu Nizomning 7-ilovasiga muvofiq shakldagi ma’lumotnoma beriladi.

26. Doimiy faoliyat yurituvchi komissiya to‘plangan hujjatlarni qayta rasmiylashtirish uchun qaytarishga, quyi turuvchi Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar komissiyalarining nafaqa miqdori yuzasidan chiqargan qarorlarini bekor qilishga haqlidir.

27. Agar yuz bergan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, to‘plangan hujjatlar ushbu jinoyat ishi yakuni bo‘yicha chiqarilgan hukm, ajrim va qarorlar qonuniy kuchga kirganidan so‘ng belgilangan tartibda Qurolli Kuchlar tegishli vazirlik va idoralarining mas’ul boshqarmalariga yuboriladi.

28. Muddatli harbiy xizmatchilarga xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida olgan tan jarohati uchun nafaqa, muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilganidan so‘ng beriladi.

29. Merosxo‘r voyaga yetmagan bo‘lsa, nafaqa puli uning vasiy yoki homiysiga beriladi.

30. Harbiy xizmatchilarning halok bo‘lishi (vafot etishi) yohud tan jarohati olishi quyidagi hollarda xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq deb hisoblanadi:

•  jangovar harakatda ishtirok etganda, xizmat majburiyatini ijro etish vaqtida;

•  jangovar navbatchilikni (jangovar xizmatni) o‘tash vaqtida;

•  xizmat safari yoki davolanishda bo‘lganida;

•  kun tartibida belgilangan xizmat vaqti davomida yoki xizmat zarurati tufayli harbiy qism (muassasa) hududida bo‘lganida;

•  xizmat, davolanish joyiga borish yoki ulardan qaytish vaqtida;

•  yig‘inlarda (harbiy yig‘inlarda) ishtirok etganda;

•  asirga tushgan (o‘z ixtiyori bilan asirga tushish hollari bundan mustasno), garovga olingan, ushlab qurolsizlantirilgan ahvolda bo‘lganida;

•  harbiy xizmatchi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bedarak yo‘qolgan deb topilguniga yoki vafot etgan deb e’lon qilinguniga qadar sodir. bo‘lganida;

•  shaxsning hayoti, sog‘ligi, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishga doir harakatlar vaqtida sodir bo‘lganda;

•  qonuniylikni va huquq-tartibotni ta’minlashda (jamoat tartibini saqlashda) boshqa shaxslarga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yordam ko‘rsatish vaqtida;

•  sud tomonidan harbiy xizmatchining harakati shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan harakat deb topilganda;

•  harbiy xizmatchining hayotiga uning xizmat mavqei tufayli suiqasd qilinganda.

31. Quyidagi hollarda harbiy xizmatchilar xizmat majburiyatini bajarayotgan deb e’tirof etilmaydilar:

•  o‘zini ko‘ngilli ravishda giyohvand, spirtli yoki zaharli moddalardan mast holatga keltirgan bo‘lsa;

•  jinoyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan jamiyat uchun xavfli xatti-harakatlarni sodir etgan bo‘lsa;

•  o‘z-o‘zini o‘ldirgan yohud o‘z-o‘zini o‘ldirishga suiqasd qilgan bo‘lsa, agar bunday harakatlar kasallik holati yohud o‘z-o‘zini o‘ldirish darajasiga yetkazish tufayli sodir etilgan bo‘lmasa;

•  harbiy qism hududidan tashqarida dam olishda, javob (ruxsat) berishda yohud ta’tilda yurganda, shuningdek o‘zboshimchalik bilan Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar qarorgohidan tashqarida yohud Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar hududidan tashqarida, belgilangan xizmat joylaridan tashqarida yurganda, bundan asirda bo‘lgan, garovga olingan hollarda, sud tomonidan jamiyat va davlat manfaatlari yo‘lida sodir etilgan, deb topilgan boshqa xatti-harakatlar mustasno.

32. Agar harbiy xizmatchi xizmat majburiyatini bajarayotgan deb e’tirof etilmagan vaziyatda tan jarohati olgan yoki halok bo‘lgan (vafot etgan) bo‘lsa, harbiy xizmatchiga yoki uning oila a’zolariga nafaqa to‘lanmaydi.

3-bob. Nafaqani to‘lash tartibi

33. Nafaqa harbiy xizmatchining so‘nggi xizmat (o‘qish) joyidagi moliya bo‘lim (bo‘linma)lari tomonidan tan jarohati olgan harbiy xizmatchiga yoki halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchining oila a’zosiga (qonuniy vakiliga) to‘lanadi.

Nafaqa miqdori harbiy xizmatchilar tan jarohati olgan yoki halok bo‘lgan (vafot etgan) kundagi harbiy xizmatchilarning maoshi miqdoridan, jumladan:

•    shartnoma bo‘yicha ofitserlar, serjantlar va oddiy askarlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarga – ularning asosiy egallab turgan (egallagan) lavozimi bo‘yicha maoshi va harbiy unvon maoshi yig‘indisidan;

•    muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga – lavozim maoshidan;

•    oliy harbiy-ta’lim muassasalari kursant va tinglovchilariga – ularga belgilangan maoshi (stipendiyasi) va harbiy unvon maoshi yig‘indisidan;

•    safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchilariga – eng kam oylik ish haqidan kelib chiqib hisoblanadi.

34. Tan jarohatining harbiy xizmatchilarning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq bo‘lgan sababiy bog‘lanishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rik o‘tkazish to‘g‘risida nizomga muvofiq, Harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan aniqlanadi.

35. Xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida harbiy xizmatchi og‘ir yoki o‘ta og‘ir tan jarohati olganligi tufayli xizmatdan bo‘shatilgandan so‘ng, olgan tan jarohati tufayli bir yil ichida vafot etgan bo‘lsa, uning oila a’zolariga Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘lim (bo‘linma) tomonidan belgilangan miqdorda avvalgi to‘langan nafaqa bilan xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lganda (vafot etganda) beriladigan nafaqa miqdori orasidagi farq to‘lanadi.

Bunday holat yuzasidan qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazilib, qo‘shimcha ravishda ushbu Nizomning 20-bandida nazarda tutilgan hujjatlar umumlashtirilib, 21 va 22 bandlarda belgilangan tartibda Doimiy faoliyat yurituvchi komissiyaga taqdim etiladi.

4-bob. Nafaqani tayinlash bo‘yicha ishlarni nazorat qilish

36. Nafaqa olish uchun harbiy xizmatchilarga berilgan ma’lumotnomalar asosli va to‘g‘ri berilishi ustidan nazorat Qurolli Kuchlar tegishli vazirlik 
va idoralari Tibbiyot boshqarmalari va Markaziy harbiy-tibbiy komissiyalari tomonidan olib boriladi.

37. Qurolli Kuchlar tarkibidagi harbiy-tibbiy muassasalarda belgilangan tartibda nafaqa olish uchun ma’lumotnoma berish hisobining jurnali yuritiladi. Jurnal sahifalari raqamlangan, ipdan o‘tkazilgan, muhr bosilgan bo‘lishi shart. Jurnal doimiy saqlovdagi hujjat hisoblanadi.

Berilgan ma’lumotnomalarning ikkinchi nusxalari alohida jildda, harbiy-tibbiy komissiyalar yig‘ilishlarining bayonnomalar kitoblariga ilova sifatida saqlanadi.

38. Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalarda mazkur Nizomning
8-ilovasiga muvofiq shaklda rasmiylashtirilgan hujjatlar va to‘langan nafaqa summalari hisobi jurnali yuritiladi. Ushbu jurnal doimiy saqlovdagi hujjat hisoblanadi hamda sahifalari raqamlangan, ipdan o‘tkazilgan, muhr bosilgan bo‘lishi shart.

39. Harbiy xizmatchi xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohati olganda, shuningdek halok bo‘lganda yohud vafot etganda unga yoki uning oila a’zolariga to‘lanadigan nafaqani rasmiylashtirish uchun to‘plangan hujjatlar 
va ma’lumotnoma tegishli kadrlar bo‘lim (bo‘linma)lari tomonidan harbiy xizmatchining shaxsiy hujjatlari yig‘ma jildiga biriktiriladi.

40. Bir martalik nafaqalar bo‘yicha hisobot mazkur Nizomning
9-ilovasiga muvofiq shaklda Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalarning mas’ul xizmat (bo‘lim, bo‘linma)lari tomonidan moliya bo‘lim (bo‘linma)lari bilan kelishilgan holda tayyorlanadi va har chorak yakuni bo‘yicha belgilangan tartibda Qurolli Kuchlar tegishli vazirlik va idoralaridagi ushbu masalaga mas’ul bo‘lgan boshqarmaga yuboriladi.

41. Qurolli Kuchlar tegishli vazirlik va idoralaridagi mas’ul boshqarmasi tomonidan hisobotlar umumlashtiriladi va ushbu Nizomning 10-ilovasiga muvofiq shaklda bir martalik to‘langan nafaqalar to‘g‘risida Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar bo‘yicha hisobot tayyorlanadi.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

42. Mazkur Nizomda nazarda tutilgan xarajatlar byudjet va xo‘jalik hisobida bo‘lgan bo‘linmalarda harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar uchun byudjet mablag‘lari hisobidan, Safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchilari uchun Mudofaa vazirligining Maxsus “Safarbarlik chaqiruvi rezervi mablag‘lari” hisobidan amalga oshiriladi.

 43. Harbiy xizmatchilarga nafaqa tayinlashga nisbatan da’vo muddatining qo‘llanilishi O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga muvofiq amalga oshiriladi.

44. Tergovga qadar (xizmat) tekshiruvi natijalariga ko‘ra, nafaqani to‘lagan Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalar aybdor shaxsga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda regress da’vo qo‘zg‘atish choralarini ko‘rishi lozim.

45. Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Nafaqa

Baholaganlar

10

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made