Qo‘qondagi “dom”da gaz portladi
Jamiyat
−
12 mart
4648Bugun, 12 mart kuni Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida joylashgan ko‘p qavatli uylarning birida gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘ldi va buning ortidan yong‘in chiqdi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, soat 12:58 da Qo‘qon shahar “Mustaqillik” MFYdagi ko‘p qavatli uyning xonadonlardan birida yong‘in bo‘lgani yuzasidan xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan yong‘in-qutqaruv ekipajlari 13:04 da yetib borib, 13:06 da yong‘in o‘rab olinib, 13:10 da batamom o‘chirilgan.
Hodisa oqibatida ikki nafar fuqaro kuyish tan jarohatini olib shifoxonaga yotqizilgan.
“Vafot etganlar yo‘q”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, yong‘in kelib chiqish sabablari o‘rganilganida gaz-havo aralashmasining chaqnashi natijasida sodir bo‘lganligi aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyati Navoiy shahri Navoiy ko‘chasida joylashgan “Navoiy azot” aksiyadorlik jamiyatining 25-sexi laboratoriyasida gaz-havo aralashmasining chaqnashi hodisasi ro‘y bergani haqida xabar berilgandi. Ushbu chaqnash oqibatida yong‘in kelib chiqqan va bir kishi halok bo‘lgan.
LiveBarchasi