Jahongir Otajonov endi Mirziyoyevga murojaat yo‘lladi. Uning muddaosi nima?

Jamiyat

Sobiq xonanda Jahongir Otajonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yo‘lladi. U murojaatida Prezidentdan o‘zini tuman hokimi qilib tayinlashni so‘ragan.

“Andijonda 16 nafar o‘g‘il-qizlar hokimlik vazifasini bajarishni boshladi, degan xushxabar eshitdim. Shu fursatdan foydalanib, men Prezidentimiz Shavkat Miromonovichga o‘zimning iltimosimni, murojaatimni yo‘llamoqchiman. Aminmanki, siz bu videoni ko‘rasiz. Iltimosim shundan iboratki, 16 nafar o‘g‘il-qiz hokimlik vazifasini bajarayotgan ekan, o‘n yettinchisi qilib meni ham tayinlasangiz. Qaysidir eng kichik, ilm-fan, madaniy, ma’naviy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy rivojlanish bo‘yicha eng past ko‘rsatkichli, og‘ir sharoitdagi tumanga tayinlasangiz ham jonimni qurbon qilib, Allohni, sizni va xalqimizni oldida o‘zimni uyaltirmaslik uchun xizmat qilishga tayyorman", deydi Otajonov Prezidentga murojaatida.

Otajonov biror og‘ir sharoitdagi tuman hokimligiga tayinlansa, xalq bilan birga ishlab, ahvolni yaxshilash uchun XXI asrda nima qilish mumkin bo‘lsa, o‘sha ishlarni bajarishga harakat qilishini aytib o‘tgan.

“Biror yashash sharoiti juda og‘ir bo‘lgan tumanga rais qilib tayinlashingizni so‘rardim. Tuman hokimi foydalanishi mumkin bo‘lgan har qancha qulaylik bo‘lsa, hammasidan voz kechaman. Menga hech narsa kerak emas, o‘zimning mashinam, o‘zimni mablag‘larim bilan hattoki, yashashga sharoit bo‘lmasa, har kuni usha tuman aholisining xonadonida – bir kun u yerda, bir kun bu yerda qolib bo‘lsa ham shu ishlarni qilishga tayyorman. Chunki ishonchim komil. Bu ishlar qo‘limdan keladi. 

Kelajakda Prezident bo‘lish niyatim borligini aytganimda mening ustimdan kulib, “siz askiyachisiz, masxarabozsiz”, degan gaplarning noto‘g‘riligini isbotlash, qolaversa, kelajakda O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng zo‘r davlat qilish uchun, hozir qilinayotgan ishlarni va sizning Prezidentlik muddatingiz tugaganidan keyin ishlaringizni davom ettirish imkoniyatim bo‘lishi uchun faoliyatimni eng rivojlanmagan tumandan boshlashimga sharoit yaratib berishingizni iltimos qilaman”, degan Otajonov.

Avvalroq, sobiq xonanda Jahongir Otajonov joriy yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovida nomzodini qo‘ymoqchi ekanligi haqida xabar bergan edik. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik foydalanuvchilar Jahongir Otajonovning murojaatini hazilga yo‘ydi va “piar” sifatida qabul qildi. Buning ortidan u Prezident bo‘lish niyati jiddiy ekanini ta’kidlab, o‘zining shu mavzudagi ikkinchi videomurojaatini qoldirdi. U ikkinchi murojaatida davlat rahbarining saroylarda yashashiga qarshi ekanini aytib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Otajonov

Baholaganlar

2770

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing