Zelenskiy AQSHdan nimalar kutayotganini aytdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan uchrashdi.

“Interfaks-Ukraina”ning Prezident devoni Matbuot xizmatiga tayanib, xabar berishicha, muzokaralar avvalida Zelenskiy, Ukraina davlati uchun shunday mas’uliyatli va muhim pallada Kiyevga amerikalik yuqori martabali amaldorlarning tashrifi muhimligini ta’kidlagan.

“Biz Amerika Qo‘shma Shtatlarining Ukrainaga misli ko‘rilmagan yordamini qadrlaymiz. O‘zim va butun Ukraina xalqi nomidan Prezident Baydenga Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdagi yetakchiligi, shaxsiy pozitsiyasi uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Butun Amerika xalqi va Kongressga ikki palatali va ikki partiyaviy yordam uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Biz buni ko‘ryapmiz. Biz buni his qilyapmiz”, degan Zelenskiy.

Prezident AQSH delegatsiyasi bilan rasmiy Kiyev uchun ustuvor masalalar – mudofaa yordami, Rossiyaga qarshi sanksiyalar siyosatini kuchaytirish, Ukrainaga moliyaviy yordam va xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilgan.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan taqdim etilgan 3,4 milliard dollarlik mudofaa yordami Ukrainaning mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga qo‘shilgan eng katta hissadir.

“Ushbu yordam Ukrainaning mudofaa qobiliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga yordam bermoqda, bu bizning himoyachilarimiz uchun juda muhim”, degan Prezident.

Muloqot chog‘ida sanksiyalar siyosatiga alohida e’tibor qaratilgan, bu siyosat kuchaytirilishi va Rossiya tomoniga ta’sirning muhim elementiga aylanishi kerakligi qayd etilgan.

“Biz bu yo‘lda keyingi qadamlar nima ekanligini tushunamiz. Va hamkorlarimizning qo‘llab-quvvatlashiga ishonamiz”, deya ta’kidlagan Zelenskiy.

Prezident Amerika tomoniga Yermak-McFaul xalqaro ekspertlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish bo‘yicha harakat rejasini topshirgan.

Uchrashuvda iqtisodiyotga yordam berish va davlatni yanada tiklash uchun Ukrainani moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish yo‘llarini muhokama qilar ekan, Zelenskiy Qo‘shma Shtatlar Ukraina tovarlari Amerika bozoriga kirishi uchun imkoniyatlarni kengaytirishi muhimligini ta’kidlagan.

Uchrashuvda tinchlik jarayoni va urushga qarshi koalitsiyani mustahkamlash istiqbollari ham muhokama qilingan.

Zelenskiyning aytishicha, Ukraina Qo‘shma Shtatlarni kelajakda mamlakat xavfsizligiga kafil davlatlar orasida yetakchi sifatida ko‘radi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

31

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing