Zelenskiy G‘arbdan Rossiyaning oddiy fuqarolariga ham sanksiya qo‘llashni so‘radi

Olam

image

G‘arb davlatlari barcha ruslarning o‘z hududiga kirishini taqiqlashi kerak. Bu haqda Rossiya bosqini ostida qolayotgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “The Washington Post” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi. 

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, “eng muhim sanksiyalar chegaralarni yopishdir, chunki ruslar boshqa birovga tegishli yerlarni tortib olmoqda”.  

“Shuning uchun ular o‘z falsafasini o‘zgartirmaguncha o‘z dunyosida yashashlari kerak”, deb ta’kidlaydi u. 

Zelenskiy nuqtai nazaridan, bu chora hatto rasmiylarning harakatlariga norozilik sifatida mamlakatni tark etgan Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga ham tegishli bo‘lishi kerak.  

“Ruslar qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ularni Rossiyaga yuboringlar”, deydi u. 

Unga ko‘ra, Rossiyaning butun aholisini javobgarlikka tortish mumkin.  

“Bu aholi mana shu hukumatni tanladi va ular unga qarshi kurashmaydi, u bilan bahslashmaydi, baqirishmaydi”, deydi Prezident.

U so‘zida davom etarkan, shuningdek Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalarni rossiyaliklar uchun chegaralarning bir yilga yopilishi va Rossiya energiya resurslarini sotib olishga to‘liq embargo joriy etilishi bilan solishtirganda “zaif” deb atadi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

9

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing