Yo‘l qurilishiga ajratilgan 34,5 mlrd pul “havoga uchgan”i ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

2021-2022 yillarda O‘zbekistonda yo‘l qurish va ta’mirlashda 45 ta holatda 34,5 mlrd so‘mlik mablag‘lar noqonuniy sarflangan. Bu xaqda Bu haqda Oliy Majlis Senati Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2021 yilda yo‘llarini qurish-ta’mirlash, ekspluatatsiya qilish va yo‘l xo‘jaligidagi tashkilotlarni saqlash uchun davlat byudjetidan 10,1 trln so‘m ajratilgan. Hududiy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish jamg‘armalarining 2021 yil yakunlari bo‘yicha umumiy tushumlari 4,2 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lib, shundan 2021 yilda 4,04 mlrd so‘m mablag‘ sarflangan.

2022 yilda 7,8 trln so‘m ajratilishi nazarda tutilgan. Joriy yilning birinchi yarmida ajratilgan mablag‘larning 3,1 trln so‘mi yoki yillik rejaga nisbatan 41 foizi o‘zlashtirilgan. Hududiy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish jamg‘armalarining 2022 yil birinchi yarmidagi umumiy tushumlari 1,8 trln so‘mni, xarajatlari 820,9 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Ma’lum qilinishicha, ajratilgan mablag‘lar evaziga hisobot davrida 3317,6 km dan ortiq umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari va 17,3 ming kmdan ortiq ichki yo‘llarda qurish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.

Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasining 2021-2022 yillarda yo‘l xo‘jaligi loyihalarida amalga oshirilgan qurish-ta’mirlash ishlarini o‘rganishlari davomida 45 ta holatda 34,5 mlrd so‘mlik mablag‘lar samarasiz va noqonuniy sarflangan. Shundan 2022 yil ikkinchi chorak yakuni bo‘yicha jami 23,1 mlrd so‘mlik qurilish-montaj ishlari qonunga zid ravishda sarflangan.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil va joriy yilning birinchi yarmida prokuratura organlari hududiy jamg‘armalarda jami 20 ta tekshirish o‘tkazib, nazorat tadbirlarida aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan 6 ta taqdimnoma kiritilgan, 12 nafar mansabdor shaxsga ogohlantirish e’lon qilingan, 11 nafar shaxs intizomiy va 21 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, qo‘pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 12 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Misol uchun, Namangan viloyati Pop tumanidagi 4R-125 “G‘urumsaroy-Xonobod-Chodak-Guliston” avtomobil yo‘lining 10−37-km qismida loyiha qiymati 3 mlrd so‘mlik kapital ta’mirlash ishlarini bajarishda “Namangan ko‘priklardan foydalanish” UK mansabdor shaxslari tomonidan haqiqatda bajarilmagan 2,5 mlrd so‘mlik ish hajmini hisobotlarga qo‘shib yozish orqali jamg‘arma mablag‘larini talon-toroj qilingani aniqlangan.

Shu bilan birga, yo‘l ishlari dasturlari tasdiqlangandan so‘ng yil davomida ularga qo‘shimcha ob’ektlarning kiritilishi hisobiga yildan-yilga o‘tuvchi ob’ektlarning soni va qiymati ortib borishiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu ob’ektlarning yillar davomida foydalanishga topshirilmasligi o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

“Bu ob’ektlarning dastlabki qiymatiga nisbatan bir necha bor qimmatlashishiga, avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash sifati pasayishiga, byudjet mablag‘laridan samarasiz foydalanishga va xarajatlarning keskin oshishiga olib kelmoqda” deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, buyurtmachi va pudratchi tashkilotlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarning bekor qilinishi holatlari ham ko‘paymoqda, chunki yildan-yilga o‘tuvchi ob’ektlarning qurish jarayoni davom etmoqda va buning hisobiga loyiha-smeta hujjatlaridagi qurilish materiallarining narxlari bir necha bor qimmatlashmoqda.

Oqibatda, ob’ektning qoldiq ish hajmlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari qayta ishlab chiqilganda, ob’ektning qiymati dastlabki qiymatga nisbatan bir necha bor ortib ketmoqda.

Bundan tashqari, barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun hisobvaraq fakturalarni elektron shaklda rasmiylashtirish tizimini majburiy tartibda joriy etish belgilangan bo‘lsa-da, qurilish sohasida hisobvaraq-fakturalarning tuzilishi jihatidan farq qilganligi uchun qurilish sohasida bajarilgan ishlar qog‘oz shaklida qabul qilinmoqda, shuningdek, qurilish sohasiga mos bo‘lmagan elektron hisobvaraqlar ham to‘ldirilmoqda. 

“Bu, birinchi navbatda, qurilish sohasida qo‘shib yozishga, debitorlik va kreditorlik qarzlarini noo‘rin oshib ketishiga, ish turlari bo‘yicha bajarilgan ishlar hajmi bo‘yicha oyma-oy hisobotlarni shakllanmasligiga va noaniqliklarga olib kelmoqda”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

yo'l ta'mirlash ishlari

Baholaganlar

92

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar