O‘zbekiston va Germaniya ehtimoliy afg‘on qochqinlari oqimi muammosini birgalikda hal qilishga kelishdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston va Germaniya Afg‘onistonda bugungi kunda yuzaga kelgan keskin vaziyat ortidan paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan qochqinlar oqimi muammosini birgalikda hal qilishga kelishib oldi. Bu haqda joriy yilning 17 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Germaniya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Matias Lyuttenberg bilan uchrashuvi vaqtida so‘z borgan.

Uchrashuvda Germaniya vakili Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan mintaqaviy bog‘liqlik bo‘yicha xalqaro konferensiya natijalarini yuqori baholadi va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bunday yuqori darajadagi xalqaro forumni tashkil etish bo‘yicha tashabbusi o‘z vaqtida o‘tkazilgani va uning kun tartibi juda dolzarb ahamiyatga ega bo‘lganini ta’kidladi.

Shuningdek, Afg‘oniston Islom Respublikasidagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi, ushbu mamlakatda tinchlik jarayoniga o‘zaro yordam berish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar Afg‘onistondagi qurolli mojaroning avj olishidan xavotirlarini bildirdi va dunyo hamjamiyatining Afg‘onistonda tinchlik hamda barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarini davom ettirish yuzasidan gaplashdi.

Muloqot davomida tomonlar Afg‘oniston borasida kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan, xususan, afg‘on qochqinlarining ehtimoliy oqimi va chegaradagi voqealar bilan bog‘liq muammolarni birgalikda hal qilishga tayyor ekanligini bildirdi.

Afg‘oniston xalqiga har tomonlama iqtisodiy va gumanitar yordamni davom ettirishda mintaqadagi mamlakatlarning muhim roli, shuningdek, Afg‘onistonda doimiy hamda har tomonlama tinchlikni o‘rnatish bo‘yicha sa’y-harakatlar xususida ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15-16 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Ushbu konferensiyada Afg‘oniston va Pokiston Prezidentlari, shuningdek, Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Jozef Borrel, 20 dan ziyod mamlakat tashqi ishlar vazirlari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Ishtirokchilarning umumiy soni 600 dan ortiq bo‘ldi.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

13

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing