UNESCO “Shahrisabz tarixiy markazi”ni tiklash uchun qo‘shimcha muddat berdi

Madaniyat-san’at

image

UNESCO “Shahrisabz tarixiy markazi” ob’ektini tiklash bo‘yicha vazifalar ijrosi muddatini yana bir yilga uzaytirdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 16-31 iyul kunlari Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi UNESCO Jahon merosi qo‘mitasi (JMQ)ning kengaytirilgan 44-sessiyasi ishida onlayn ishtirok etdi. Tadbir Xitoyning Fuchjou shahrida “gibrid” rejimida bo‘lib o‘tdi.

Delegatsiya tomonidan butunjahon madaniy merosi ob’ektlari hisoblangan “Shahrisabzning tarixiy markazi”, “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi”, “Buxoroning tarixiy markazi” va Xivadagi “Ichan-qal’a”, shuningdek O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ishtirokidagi ko‘pmillatli tabiiy meros ob’ekti bo‘lmish “G‘arbiy Tyan-Shan” bo‘yicha  O‘zbekiston uchun ijobiy qarorlar qabul qilinishi ta’minlandi.

Sessiya doirasidagi barcha qarorlar Jahon merosi qo‘mitasiga a’zo davlatlarning O‘zbekiston pozitsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi bilan ovoz berish jarayonisiz qabul qilindi.

Sessiya yakuniga ko‘ra, UNESCO 2020 yilning aksar qismida hukm surgan qat’iy karantin cheklovlari sharoitida O‘zbekiston tomondan barcha vazifalarni amalga oshirish uchun ko‘proq vaqt talab etilishini inobatga olgan holda, “Shahrisabz tarixiy markazi” ob’ektini tiklash bo‘yicha vazifalar ijrosi muddatini yana bir yilga uzaytirdi.

Qarorlarda O‘zbekiston Respublikasiga shaharlar bosh rejasi va ob’ektlar boshqaruvi kompleks rejalarini tayyorlash hamda vakolatli tashkilotlarning tavsiyalariga amal qilishga doir alohida chorlovlar kiritilgan.

Sessiya davomida shuningdek, O‘zbekistonning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritish uchun taklif qilingan ob’ektlari bo‘yicha yangilangan ro‘yxat tasdiqlandi. Dastlabki ro‘yxat respublika bo‘ylab joylashgan 32 ta madaniy, tabiiy va madaniy-tabiiy (aralash) meros ob’ektini o‘z ichiga olgan, bu mintaqaning boshqa davlatlariga nisbatan eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Ma’lumot uchun, Rossiyada bu ko‘rsatkich – 28, Ukrainada – 17, Tojikistonda – 17, Qozog‘istonda – 14, Turkmanistonda – 10 ta, Ozarbayjonda – 10 ta, Armanistonda – 4 ta va Qirg‘izistonda 2 tani tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Shahrisabz shahri tarixiy markazi UNESCO’ning moddiy madaniy meroslar ro‘yxatidan chiqib ketish xavfi ostida ekani haqida xabar bergan edik. UNESCO umumjahon merosi qo‘mitasi tomonidan berilgan tavsiyalar hayotga tadbiq etilmasa, qo‘mitaning 45-yig‘ilishida ushbu masala jiddiy muhokama qilinishi rejalashtirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

48

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing