O‘FA nega Keyrushni olib kelmadi? Davron Fayziyev javob berdi

Sport 7664
image

Xabaringiz bor, kecha, 12 avgust kuni O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi Matbuot xizmati Milliy terma jamoa bosh murabbiyligi uchun Iroq terma jamoasini boshqargan, jamoani Jahon va Yevropa chempionatlariga olib chiqqan sloveniyalik mutaxassis Srechko Katanets bilan og‘zaki kelishuvga erishganini e’lon qilgan edi.

Bu xabardan so‘ng, ko‘plab futbol muxlislari terma jamoa bosh murabbiyligiga Katanetsdan tashqari kolumbiyalik murabbiy – Karlosh Keyrush variantining nega ko‘rib chiqilmagani borasida e’tirozlar bildirdi. Bunga O‘FA Matbuot va media departamenti direktori hamda “UzReportTV” sharhlovchisi Davron Fayziyev o‘zining telegram kanalida post qoldirish orqali javob berdi:

“Futbol muxlislari Srechko Katanetsning murabbiy bo‘lish ehtimoli haqidagi xabarni umumiy olganda ancha iliq qabul qilishdi. Yevropa va Osiyoni ko‘rgan, bilgan mutaxassis. Jahon va Yevropa chempionatiga chiqqan. Ishlagan joylarida barqaror faoliyat olib borgan. Iroq bilan o‘sishga erishgan. Eron bilan raqobatda ustunlik qilgan. 

Shu bilan birga, ko‘pchilik terma jamoa murabbiyligi borasida Karlush Keyrush nomini tilga olmoqda. Ya’ni nomzodlar orasida uning tayinlovini kutganlar bor ekan. O‘FA ko‘plab nomzodlar qatorida Keyrush bilan ham aloqaga chiqqan. U oilaviy sabablar bilan Mozambikda ekani va ayni vaqtda terma jamoani qabul qila olmasligini bildirgan”, deydi Davron Fayziyev o‘z Telegram kanalida.

Ma’lumot uchun, Karlush Keyrush so‘nggi bor Kolumbiya terma jamoasida bosh murabbiylik qilgan. Keyrush murabbiylik faoliyatining asosiy qismi Eron terma jamoasiga to‘g‘ri keladi, bu muddat ichida portugaliyalik mutaxassis eronliklarni 2 bor Jahon Chempionatiga olib chiqqan.

Abdulla Mannonov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 405
Reyting: 2.9
t
×