Toshkentda yirik uyushgan jinoiy guruh qo‘lga olindi

3-sahifa

image

Poytaxt Toshkentda fohishalik shahvoniy xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelgan yirik uyushgan jinoiy guruh qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, joriy yilning sentyabr oyida Toshkent viloyati IIBB va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan, Toshkent shahrida, chet el va respublika fuqarolariga shahvoniy xizmat ko‘rsatuvchi uyushgan jinoiy guruhlarni aniqlab, ularning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida maxsus reyd tadbirlari o‘tkazilgan. 

Aniqlanishicha, 32 yoshli “Hulkar” ismli shaxs, bir necha yillardan buyon noqonuniy moddiy daromad topish maqsadida fohishaxona saqlash, qo‘shmachilik qilish faoliyati bilan shug‘ullanib, uyushgan jinoiy guruhga o‘zi rahnamolik qilib kelgan. U Toshkent shahridan bir nechta xonadonlar sotib olib, ularning ayrimlariga 3-4 nafar fohishalarni joylashtirib, qolgan xonadonlarni o‘zi bilan muqaddam fohishalik bilan shug‘ullangan ayollarga ijaraga bergani ma’lum bo‘lgan. 

Dastlabki tergov hujjatlariga ko‘ra, “Hulkar” turmush o‘rtog‘i “Ashraf” va yana ikki nafar shaxs bilan ushbu fohishaxonalar faoliyatini muntazam ravishda kuzatib, har bir xonadonning ijarasi uchun 400-600 AQSH dollarigacha oylik ijara pullarini olgan. Bundan tashqari, “tungi kapalaklar”ni yo‘qlagani kelgan har bir mijozdan olgan pullarini o‘zaro teng taqsimlashga kelishib, xonadonlarga o‘rnatilgan videokuzatuv kameralar yordamida mijozlar soni hamda ularning xizmat ko‘rsatish vaqtini kuzatib boradigan navbatchilar yollagan.  

Bundan tashqari fohishalar guruh-guruhga bo‘linib, ularga maxsus nazoratchi biriktirgan. Fohishaxonalardan tushgan pullarni yig‘ib kelish uchun Mirazim V., ismli shaxs mas’ul bo‘lib, kunlik tushgan pullarni uyushgan guruh rahbariga olib kelgani hamda maxsus hisobot daftari yuritilgani aniqlangan. Qizlarni ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilib, ularning anketalarini joylashtirish bo‘yicha ish shtati ham mavjud bo‘lgan. 

Tezkor tadbir natijasida bir nechta uylarda o‘tkazilgan tintuv jarayonida uyali telefon apparatlari, planshet, kuzatuv kameralari, elektron yig‘ish qurilmalari, “Regopen” dori vositalari, qayd etish daftari, shaxsiy intim vositasi, shuningdek 1 120 AQSH dollari va 5 million 130 000 so‘m qiymatidagi pullar aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan. 

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan “Hulkar”, “Ashraf”, “Mirazim” va “Elbek” ismli shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 131-moddasi 4-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan va protsessual tartibda ushlanib, O‘zbekiston Respublikasi JKning 131-moddasi 4-qismi “b, v” bandlari (takroran, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) va 135-moddasi 3-qismi “g” bandi (uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan odam savdosi) bilan ayb e’lon qilinib, har biriga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat Jinoiy guruh

Baholaganlar

2072

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing