Toshkentda Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari afg‘on muammosi bo‘yicha muhim bayonot qabul qildi

Jamiyat

image_2021-07-16_19-24-08

Bugun, 16 iyul kuni Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida tashqi siyosat mahkamalari rahbarlarining “Markaziy Osiyo – Rossiya” shaklidagi to‘rtinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Nuran Niyazaliyev ishtirok etgan.

“Uchrashuvda tomonlar Afg‘onistondagi bugungi vaziyatni muhokama qildi, shuningdek xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdi”, deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, tomonlar yig‘in yakunida Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha bayonot qabul qilgan.

“Afg‘onistonda keng qamrovli va barqaror tinchlikka faqat afg‘on xalqi rahbarligi ostida va Afg‘onistonni tiklashda davlatlar hamda xalqaro tuzilmalarning yanada faol yordami bilan afg‘onlarning o‘zlari o‘rtasida siyosiy kelishuv bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri inklyuziv muzokaralar orqali erishish mumkinligiga aminmiz.

Biz uzoq muddatli urushni to‘xtatish va Afg‘onistonni tinch, mustaqil va suveren davlat sifatida barpo etish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqish uchun rasmiy Kobul va “Tolibon” harakati o‘rtasida konstruktiv muzokaralar olib borilishidan umidvormiz”, deyiladi bayonotda.

Qabul qilingan bayonotda tomonlar Afg‘oniston muammosiga yechim topishga qaratilgan barcha siyosiy maydonchalar ahamiyatini yuqori baholadi. 

“Shu munosabat bilan, biz barcha muloqot maydonchalari, shu jumladan Istanbul jarayoni, “Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” 9-vazirlar konferensiyasi (2021 yil 30 mart, Dushanbe), kengaytirilgan “uchlik” (Rossiya, AQSH, Xitoy va Pokiston) va Moskva formatini hisobga olgan holda Afg‘oniston bo‘yicha maslahatlashuvlar doirasida Afg‘oniston Islom Respublikasida milliy yarashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni olqishlaymiz”, deyiladi bayonotda.

Shu bilan birga, yig‘ilish qatnashchilari 2017 yili Ashxobodda bo‘lib o‘tgan konferensiya natijalariga ham e’tibor qaratgan.

“Biz Afg‘onistonni dunyo iqtisodiy aloqalari tizimiga faol qo‘shilishga qaratilgan RECCA VII  (2017 yil 14-15 noyabr, Ashxobod) bo‘yicha mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning yettinchi konferensiyasi natijalarining amaliy ahamiyati va samaradorligini alohida ta’kidlaymiz”, deya qayd etilgan bayonotda.

Qayd etilishicha, Markaziy Osiyo va Rossiya Tashqi ishlar vazirlari 2018 yilgi Toshkent konferensiyasida qabul qilingan tashabbuslarning muhimligini tan olgan.

“Biz Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasida (27.03.2018) ishlab chiqilgan umumiy yondashuvlarga muvofiq Afg‘oniston Islom Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishini tiklashga va ushbu mamlakatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga qo‘shilishga qaratilgan tashabbuslar va qadamlarni davom ettirish muhimligini tan olamiz”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, hujjatda Afg‘onistonda mavjud bo‘lgan va faoliyat olib borayotgan terrorchilik guruhlari qat’iyan qoralangan.

“Tinch aholi qurbon bo‘lgan Afg‘onistondagi terroristik hujumlarni qat’iyan qoralaymiz. Iroq va Shom islomiy davlati (ISHID), “Al-Qoida” va boshqa xalqaro terrorchilik guruhlarning doimiy mavjudligi va faoliyati Afg‘oniston Islom Respublikasi, shu jumladan, mamlakatning bir qator shimoliy viloyatlarda vaziyat beqarorligining muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi”, deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, Afg‘onistonda yetishtirilayotgan giyohvandlik ekinlari va qurol-yarog‘ning noqonuniy savdosi bo‘yicha xavotir bildirilgan.

“Terroristik guruhlarning asosiy daromad manbalaridan biri bo‘lgan Afg‘onistonda giyohvandlik ekinlarining yetishtirilishi, giyohvand moddalar ishlab chiqarishning yuqori darajasi va qurol-yarog‘ning noqonuniy savdosi bizni xavotirga solmoqda va biz Afg‘oniston Islom Respublikasi hukumatidan ushbu tahdidga qarshi kurashni kuchaytirishini kutmoqdamiz”, deya qayd etilgan hujjatda.

Shuningdek, vazirlar BMTning Afg‘onistonga yordam berish bo‘yicha sa’y-harakatlarini e’tirof etgan.

“Biz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘oniston Islom Respublikasi hukumati va xalqiga yordam berish borasidagi sa’y-harakatlarini e’tirof etamiz va ushbu faoliyatini qo‘llab-quvvatlashimizni bildiramiz”, deyiladi bayonotda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

157

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing