Toshkentda metro relslari qizib ketyapti. Metropoliten ogohlantirish bilan chiqdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston hududida, shu jumladan, Toshkent shahrida kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo sababli metro poyezdlari faoliyatiga o‘zgartirish kiritiladi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida havo haroratining keskin ko‘tarilishi sabab yerusti temir yo‘llari va ularning po‘lat qismlarining harorati juda yuqori bo‘lib, +70 darajaga yetishi mumkin. 

Temir yo‘llardan foydalanish qoidalariga ko‘ra, relslarning harorati +55 darajadan oshganda, poyezdlar harakati tezligi pasaytirilishi kerak. Ya’ni, qoidalarda relslarning harorati +60 daraja bo‘lganda, poyezdlar harakati tezligi 40 km/soatdan, +65 darajada 25 km/soatdan oshmasligi, +70 darajada esa poyezdlar harakati taqiqlanishi belgilangan.

“Yuqoridagilarni e’tiborga olib, poyezdlar harakati va yo‘lovchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida metropolitenning Yer usti halqa yo‘li va Sergeli yo‘li uchastkalarida havo haroratining ko‘tarilishi kuzatilgan vaqtlarda poyezdlar harakati tezligining vaqtincha cheklovi joriy etiladi”, deyiladi xabarda.

Gidrometerologiya xizmati markazi xabariga ko‘ra, 21-23 iyul kunlari anomal issiqlikning o‘ta faol bosqichi kuzatiladi. Respublikaning 5 ta viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida harorat maksimumlari +47 darajagacha yuqorilaydi.


Maqola muallifi

Teglar

metro

Baholaganlar

513

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing