Toshkentda qariyb 2 tonna giyohvand moddalar yoqib yuborildi (foto+video)

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Bugun, 27 iyun kuni poytaxt Toshkentda O‘zbekistonga olib kirilgan va Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan 2 tonnaga yaqin giyohvandlik moddalari yo‘q qilindi. Narkotik moddalarni yo‘q qilish tadbirida QALAMPIR.UZ xodimlari ham ishtirok etdi. 

Ayni vaqtda “26 iyun - Xalqaro giyohvandlikka va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurash” kuni munosabati bilan Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa respublika huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan noqonuniy muomaladan musodara qilingan giyohvandlik vositalarini yo‘q qilish bo‘yicha navbatdagi tadbir o‘tkazilmoqda.

Bugun 1 tonna 933 kg 695 gr giyohvandlik vositalari, shu jumladan 133 kg 713,5 gr geroin, 159 kg 478 gr opiy, 1 tn dan oshiq gashish, 300 kg 786 gr marixuana, 79 kg 842,5 gr ko‘knor, 247 kg 150,4 gr kannabis hamda turli xildagi psixotrop va psixofaol moddalar yoqib yo‘q qilish uchun tayyorlangan.

Giyohvand moddalarni yo‘q qilish jarayonida BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ashita Mittal ham ishtirok etmoqda. 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 1995 yilning fevral oyida BMTning giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash to‘g‘risidagi 1961, 1971 va 1988 yillardagi Konvensiyalariga qo‘shildi. 1999 yil 19 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.

Respublikaning an’anaviy tajribasiga muvofiq, sud jarayonida ashyoviy dalillar sifatida o‘tgan giyohvandlik vositalari, sud hukmlari qonuniy kuchga kirgach, pechlarda yoqib yuboriladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

138

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing