Surxondaryoda afg‘on qochqinlari uchun lager qurilyaptimi? Hokimlik javob berdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan chegara viloyati — Surxondaryoda afg‘on qochqinlari uchun chodirli lagerlar qurilmayapti. Termiz shahrida esa vaziyat barqaror. Bu haqda hokimning o‘rinbosari Mehriniso Kenjayeva RIA Novostiga ma’lum qildi.

“Shaharda vaziyat tinch, hokimiyatdagi barchamiz rejalashtirilgan ishlar bilan bandmiz, Afg‘onistondagi hodisalar bilan bog‘liq biron bir shoshilinch yig‘ilish o‘tkazmayapmiz”, deydi Kenjayeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun, 30 iyul kuni viloyat hokimining yig‘ilishi o‘tkazilmoqda, ammo majlis kun tartibiga faqat ichki masalalar kiritilgan.

“Bunday qurilish haqida hech narsa eshitmadim, bunday narsa yo‘q”, deya qo‘shimcha qildi Kenjayeva.

Ta’kidlash kerakki, “Tolibon”ning kuchayishi fonida O‘zbekiston qo‘shni Afg‘onistondan kelgan qochqinlarga o‘z eshiklarini ochish majburiyatida qolmaydimi, degan savol bilan QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov Turkiya tashqi siyosat instituti direktori, akademik, professor, siyosiy fanlar doktori Husayin Bag‘chiga yuzlangandi. Siyosatshunos esa ushbu savolga quyidagicha javob qaytargan:

“Ajoyib savol. Chegaralarni bir tomonlama nazorat qilish imkonsiz. Ikki tomonlama nazorat qilinishi lozim. Masalan, O‘zbekiston qochqinlarni qabul qilishni istamasa, chorasini ko‘radi. Xuddi biz Turkiyada Suriyali qochqinlarni qabul qilishni istamaganimiz kabi. Boshqa tomondan esa, hokimiyatga kelishni istagan “Tolibon” o‘z aholisini himoya qilishi kerak. Agar “Tolibon” o‘z aholisining boshqa yerlarga ketishiga izn bersa, u holda hokimiyat zaiflashadi. Insonlar o‘z yerlarida qolishlari va Hukumat bilan birga ishlashlari kerak. 

Hozir jarayon davom etmoqda. Qocha olganlar qochib ketishyapti. Bu esa “Tolibon”lar rejimining fuqarolar tomonidan qabul qilinmaganini anglatadi. Biz buning namunasini Yevropadagi hukumat to‘ntarishlarida ko‘rdik. Sovet Ittifoqi repressiyalariga guvohmiz. Odamlar o‘z zaminlarida qoldilar. Boshqa yurtlarga ketmadilar. Ammo Afg‘oniston masalasi umuman boshqa bir masala”, deydi Husayin Bag‘chi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 iyulidan 10 avgustigacha Rossiya va O‘zbekiston Termiz poligonlarida qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Amaliy harakatlar davomida harbiy xizmatchilar Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining hududiy yaxlitligini ta’minlash bo‘yicha jangovar tayyorgarlik vazifalarini bajaradi.

Ma’lumot uchun, AQSH Tojikiston, Qozog‘iston va O‘zbekistondan amerikaliklarga yordam bergan 9 ming afg‘onistonlikka vaqtincha boshpana berishni so‘ragandi. Markaziy Osiyo davlatlaridan sado chiqmadi shekilli, rasmiy Vashington AQSHga yordam bergan 35 ming afg‘onistonlik va ularning oila a’zolarini Kuvayt va Qatardagi ikki harbiy bazasiga joylashtiradigan bo‘ldi

Qayd etish kerakki, Tojikiston Afg‘onistondagi harbiy keskinlikdan jiddiy havotirda. Dushanbe ayni vaqtda Afg‘oniston bilan chegara hududida 2 gektardan oshiq madonda qochqinlar uchun lager qurmoqda.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

516

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing