Jahon urushini boshlab bergan qotillik yoxud Prezidentlar o‘limiga sabab bo‘lgan suiqasdlar tarixi

Bu qiziq

image

Tarix bizga shuni ko‘rsatadiki, davlat rahbarlarining kutilmaganda vafot etishi mamlakatda tartibsizliklarni ketirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun bo‘lsa kerak, barcha davlat rahbarlari juda qattiq qo‘riqlanadi. Lekin uzoq va yaqin o‘tmishda ko‘plab davlat rahbarlariga suiqasd qilingan. Bugungi maqolamizda tarixning eng sirli va ko‘rinmas voqelari haqida so‘z yuritib, suiqasd sababli o‘ldirilgan davlat rahbarlari haqida ma’lumot beramiz.

Buyuk Diktator

“O‘limni kutib yashagandan ko‘ra, darhol o‘lgan yaxshiroqdir”.

Gay Yuliy Sezar

Sarkarda, siyosatchi, konsul va Rim imperatori Yuliy Sezar miloddan avvalgi 100 yil 12 iyulda Qadimgi Rim shahrida tug‘ilgan. Sezar yoshligidan hokimiyatni qo‘lga kiritishni orzu qilgan, ammo buning uchun unga katta     obro‘-e’tibor kerak edi. Shon-sharaf izlab Sezar Rim imperiyasiga tobe bo‘lmagan Galliyada 10 yil davomida german va boshqa qabilalar bilan tinimsiz urushlar olib boradi. Natijada 300 ga yaqin qabilalarni Rimga bo‘ysundiradi. 800 ta shaharni qamal qilib, 1 mln kishini asir oladi. Rimga juda katta miqdorda oltin yuborib turadi. Bularning barchasi tez orada Rimda Sezarning obro‘si ko‘tarilib ketishiga sabab bo‘ladi.

Sezar asosiy dushmani Pompeyni yo‘q qilgach, katta boylik evaziga o‘z tarafiga ko‘plab senatorlarni og‘dirib oladi. Sezar milodan avvalgi 44 yilda  o‘zini umrbod yakka xukmdor – “diktator” deb e’lon qiladi. Lekin, bu qaror ko‘plab Senat a’zolarining noroziligiga sabab bo‘ladi. Miloddan avvalgi 44 yil 15 mart kuni Senat kengashida Brut va Kassiy boshchiligidagi fitnachilar Sezarni 33 joyiga pichoq sanchib o‘ldirishadi.

To‘rt oy davlatni boshqargan AQSH Prezidenti 

“Xukumatning asosiy vazifasi tinchlikni saqlash va odamlar uchun quyoshni to‘smaslikdir”.

Abrahm Garfild AQSHning 20-Prezidenti

AQSHning 20-Prezidenti Jeyms Abrahm Garfild 1831 yil 19 noyabr kuni Amerikaning Ogayo shtatining Orenj shahrida tug‘ilgan. Jeyms Garfild AQSH tarixida eng qisqa muddat prezidentlik qilgan shaxs hisoblanadi. Garfild 1881 yil prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lgach, to‘rt oydan so‘ng uning joniga suiqasd qilinadi. 

Prezident Garfild Nyu-Jersi shahriga rafiqasini ko‘rish uchun ketayotganida, temir yo‘l stansiyasida ruhiy nosog‘lom nashriyotchi Sharl Gito Prezidentning ortidan ikki bor to‘pponchadan o‘q uzib, uni og‘ir yaralaydi. Jaroxatlangan Jeyms Garfild 80 kun hushsiz yotib, 1881 yil 19 sentyabr kuni vafot etadi.

Qulchilikni bekor qilgan AQSH Prezidenti

“Bolalarni o‘qiting, shunda kattalarni o‘qitishga hojat qolmaydi”.

Abraham Linkoln AQSHning 16-Prezidenti

Huquqshunos va AQSHning 16-Prezidenti Abraham (Avraam) Linkoln 1809 yil 12 fevral kuni Kentukki shtatining Xodvill shahrida dehqon oilasida tug‘ilgan. Abraham Linkoln qashshoq dehqon oilasida dunyoga kelgan bo‘lsa-da, o‘zi mustaqil tarzda tarix va huquq fanlarni o‘rganadi. 1843 yildagi Kongress saylovida o‘z nomzodini qo‘yib, AQSH kongressmeniga aylandi. 

1854 yilda Shimol va Janub o‘rtasidagi janjal mamlakatda fuqarolar urushini keltirib chiqardi. Shimoliy shtatlar vakillari yangi shtatlarda qulchilikning joriy etilishiga qarshi chiqishadi. Janub vakillari bo‘lsa buning aksi, qulchilikni yoqlashadi. 

Bu bo‘linish oqibatida, 1857 yilda mamlakatda iqtisodiy inqiroz yuz berib, birinchi navbatda Shimoliy shtatlarning sanoat va qishloq xo‘jaligi katta zarar ko‘rdi. Shaharlarda namoyishlar, mitinglar, va g‘alayonlar boshlanib ketdi. Buning oqibatida, hokimiyat tepasida turgan Demokratlarning obro‘si pasaydi.

1860 yil Prezidentlik saylovida Respublikachilar partiyasidan nomzod sifatida oddiy xalqdan chiqqan advokat, qullikka qarshi siyosiy faoliyati bilan shuhrat qozongan, to‘g‘riligi, hazilkashligi va insoniy fazilatlari bilan tanilgan Abraxam Linkoln g‘alaba qozonadi.

Linkoln AQSHda boshlangan fuqarolar urushiga barham beradi. Mamlakatni siyosiy va iqtisodiy inqirozdan olib chiqib, qulchilikni bekor qiladi. Prezident Linkolnning joniga suiqasd 1865 yil 14 aprel, juma kuni Vashington shahridagi Ford teatrida namoyish etilayotgan “Bizning amerikalik amakivachchamiz” spektaklida sodir etilgan. Janub tarafdori bo‘lgan aktyor Jon But spektaklning eng kulguli sahnasi bo‘layotgan vaqtida Prezidentning lojasiga kirib, Abraxam Linkolnni to‘pponchadan otib o‘ldiradi. 

Fransiyalik muhandis Prezident

Sadi Karno fransuz muhandisi va siyosatchisi. U 1887 yildan 1894 yilgacha Fransiya Prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan. Sadi Karno 1837 yil 11 avgust kuni Fransiyaning Limoj shahrida siyosatchi oilasida tug‘ilgan. 

1876 yilda deputatlar palatasining a’zosi etib saylangan Karnoga 1877 yilgi Fransiya-Prussiya urushidan keyin ham ikkinchi muddatga deputat bo‘lish nasib etadi. U 1883 yilda moliya raisi sifatida ish boshlaydi.

Sadi Karno 1887 yilgi prezidentlik saylovida o‘z nomzodini qo‘yib, 303 ovoz olgan holda g‘alaba qozonadi. Uning prezidentlik davrida Fransiya xalqaro maydonda anchayin obro‘ qozonadi. Rossiya imperiyasi bilan yaqin aloqada bo‘lib, “Fransiya-Rossiya” ittifoqini tuzadi. Sadi Karno ommaviy bayramlarda qatnashishni yaxshi ko‘rar edi. Prezident 1894 yil 24 iyun kuni Lion shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon xalqaro mustamlakachilar ko‘rgazmasida nutq so‘zlaganidan so‘ng, italiyalik anarxist Sante Kaserio tomonidan pichoqlab o‘ldiriladi. 

Birinchi jahon urushiga sabab bo‘lgan suiqasd

“Biling! Tug‘ilish bilanoq, dushmanlaringiz paydo bo‘ladi”.

Frans Ferdinand Avstriya-Vengriya imperiyasining shahzodasi.

Frans Ferdinand 1863 yil 18 dekabr kuni Avstriyaning Graz shaxrida tug‘ilgan. Avstriya-Vengriya imperatori Karl Lyudvigning o‘g‘li. 1896 yilda imperator Karl Lyudvig vafot etgach, Frans Ferdinand Avstriya-Vengriya taxtining merosxo‘riga aylandi. 

1914 yil 28 iyun kuni Avstriya-Verngriya imperiyasining valiahdi Frans Ferdinand Bosniyaning Sarayeva shahriga tashrifi chog‘ida serb millatchisi Garvilo Prinsip tomonidan otib o‘ldiriladi. Bu qotillik oxir-oqibat Birinchi jahon urushini boshlashga tayyor turgan Germaniya va Avstriya-Verngriya hukmron doiralari uchun urushga bahona bo‘ladi.  

Asr jinoyati

“Xudodan oson hayot so‘ramang, balki undan kuchliroq bo‘lishini so‘rang”.

Jon Kennedi AQSHning 35-Prezidenti

Jon Kennedi 1917 yil 29 may Amerikaning Massachusets shtatining Bruklin shahrida tug‘ilgan. Kennedi 1960 yilgi prezidentlik saylovida Demokratlar partiyasidan o‘z nomzodini qo‘yib, g‘alaba qozonadi. Kennedi Vudro Vilson va Franklin Delano Ruzvelt an’anasini davom ettirgan holda, “Yangi sarhadlar” nomli islohot dasturini ilgari suradi. Siyosiy va dunyoqarashiga ko‘ra, u marhum Prezident Ruzveltga juda o‘xshash edi. Kennedi ham mamlakat ichkarisi, ham xalqaro maydondagi vaziyatni to‘g‘ri baholay olgan.

Aynan Kennedining prezidentlik davri – 1962 yilda AQSHning yonginasidagi Kubaga SSSR o‘zining yadro raketalarini joylashtiradi. Bu esa “Karib inqirozi”ni keltirib chiqaradi, Shu tariqa dunyo termoyadro  urushi yoqasiga kelib qoladi. Ammo Kennedi o‘sha vaqtdagi Sovet rahbari Nikito Xurshyovga bu urush ikkala davlatga ham foyda keltirmasligini bildirib, maktub yozadi. Sovet rahbari Xurshyov ham bu fikrni ma’qullab, Kennediga javob xatini yuboradi. Shundan so‘ng, 1963 yilda ikki davlat o‘rtasida yadro qurollarni cheklash to‘g‘risida shartnoma imzolanib, bo‘lajak urushning oldi olinadi.

Jon Kennedi 1963 yilning 22 noyabr kuni Dallas shahrida o‘zining mamlakat bo‘ylab saylovoldi uchrashuvlari vaqtida, Harvi Osvald tomonidan vintofka miltig‘idan otib o‘ldiriladi. Bu fojia butun dunyoni larzaga solib, “Asr jinoyati” deb nom oladi. Bu qotillik siri hozirgi kunga qadar ochilmay qolmoqda va bu, ehtimol, Amerika tarixidagi eng sirli jumboqlardan biri bo‘lib qolar.

Buyuk qalb egasi

“Chinakam olijanob inson, barcha odamlarni bitta odamday biladi”.
 
“Men Xudoni faqat haqiqat deb sig‘inaman!”

Mahatma Gandining "Mening hayotim" kitobidan

Hindiston milliy ozodlik kurashining otashqalb namoyondasi hisoblangan Mohandas Karamchand Gandi 1869 yilda Gujarot viloyatida tug‘ilgan. Gandi 1887-1891 yillarda Angliyada huquqshunoslik sohasida tahsil oladi. O‘qishni tamomlab Hindistonga qaytgach, advokat sifatida ish boshlaydi. 1893-1914 yillarda esa Janubiy Afrikadagi (Angliya mustamlakasi) Gujarot savdo firmasida huquqshunos-maslahatchi vazifasida faoliyat olib boradi. 

1919 yilda Mahatma Gandi Hindiston Milliy Kongressiga a’zo bo‘lib, tez orada uning rahnamolaridan biriga aylanadi. 1919-1922 yillarda hayotiy tajribalari ortib, siyosiy jihatdan yetilgan Gandi ozodlik kurashiga butunlay sho‘ng‘ib ketadi. U “Birov yuzingga tarsaki ursa, sen ikkinchi yuzingni tut”, degan ta’limoti asosida “aximsa” (a-inkor, ximsa-zo‘ravonlik, ya’ni kuch ishlatmaslik) deb nomlangan o‘ziga xos siyosiy doktrinani ishlab chiqadi. Gandi hind xalqini ingliz mustamlakachilariga qarshi tinch namoyishlar o‘tkazishga, chet el tovarlarini boykot qilishga, rasmiy mansab va unvonlardan voz kechishga, soliq to‘lashdan bosh tortishga da’vat etadi.

Nihoyat, mamlakatda uzoq davom etgan ozodlik harakati o‘z samaarisini beradi. 1947 yil Buyuk Britaniya xukumati Hindistonga mustaqillik berishga qaror qiladi. Biroq ingilizlar “bo‘lib tashla, xukumronlik qil” tamoyiliga ko‘ra, mamlakatni diniy belgi asosida ikkiga – Hindiston va Pokistonga bo‘lib yuboradilar. Mahatma Gandini 1948 yil 30 yanvar kuni namoyish vaqtida hind shovinistik tashkilotining ashaddiy tarafdori Natxuram Godse otib o‘ldiradi.

Sirli qotillik

“Davlat odamlardan so‘rash bilan emas, balki ularga hisobot berish orqali boshqariladi”.

Turgut Ozal Turkiyaning sakkizinchi Prezidenti

Byurokrat, siyosatchi va davlat arbobi, Turkiya Respublikasining sakkizinchi Prezidenti Halil Turgut Ozal 1927 yil 13 oktyabrida Turkiyaning Malatya shahrida tug‘ilgan. Otasi bank xodimi, onasi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lgan. Bolaligida uchuvchi bo‘lishni orzu qilgan. Ammo yoshligida otdan yiqilib, qo‘li singach, orzusidan umid uzgan. 

1980-1982 yillarda Bosh vazir Byulend Ulusuning iqtisod bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan. 1983 yildan 1989 yilgacha 5 yilu 10 oy Bosh vazir bo‘lib ishlagan va “Ona Vatan” partiyasining raisi bo‘lgan. 1989 yilgi saylovda mutlaq g‘olib bo‘lib, Turkiyaning sakkizinchi Prezidentiga aylangan. 

Turgut Ozal 1993 yilning 17 aprelida 5 ta mamlakatni qamrab olgan 12 kunlik Turkiston safaridan qaytib kelgach, kutilmaganda vafot etadi. Dafn marosimi televideniye orqali jonli efirda namoyish etilib, janozaga yuz minglab odamlar qatnashadi. U “O‘lganimdan keyin meni Istanbulga dafn qiling, men kun oxirigacha Fotix Sulton Mehmetning ruhi ostida bo‘lishni xohlayman”, deb vasiyat qilgan edi. Turgut Ozal, Mustafo Kamol Otaturkdan keyin o‘z lavozimida vafot etgan ikkinchi Prezident hisoblanadi.

Tez orada, Turgut Ozalning o‘limi bir necha turli bahslarga sabab bo‘ladi. Xususan, marhum Prezidentning rafiqasi Semra Ozal bu qotillik ekanligini ta’kidlab, safar davomida erining limonadiga zahar qo‘shilganini da’vo qilgan. 

2012 yil 2 oktyabrda marhum Prezident o‘limi qotillik ekanligini aniqlash maqsadida, Turgut Ozalning qabri ochiladi. O‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida, marhum Prezidentning jasadida besh xil zaharli moddalar borligi aniqlanadi.

Sharq Yulduzi

“Hokimiyat – bu g‘alati fenomen: kimda kim uni qo‘lga kiritsa, real hayotdan uzilib qoladi.”.

Benazir Bxutto Pokiston Bosh vaziri 

Benazir Bxutto 1953 yil 21 iyun kuni Pokistonning Karachi shahrida siyosatchi oilasida tug‘ilgan. Uning otasi mashhur siyosatchi, Pokiston davlat va hukumat boshlig‘i Zulfiqor Ali Bxutto bo‘lgan. Bo‘lajak Bosh vazir 1969-1973 yillarda Garvard universitetida tahsil olgan.

Benazir Bxutto musulmon mamlakatlari orasida demokratik hukumatni boshqargan birinchi ayol Bosh vazir hisoblanadi. U 1988-1990 yillarda hamda 1993-1996 yillarda Pokiston Bosh vaziri sifatida Hukumatni boshqargan. Bxutto xyech ham boshidagi ro‘molini yechmagani sababli uni mamlakatdagi Islom ulamolari qo‘llab-quvvatlagan.

Bxutto xonim 2007 yil 27 dekabr kuni Pokistonning Ravallindi shahrida bo‘lib o‘tayotgan mitingda nutq so‘zlaganidan so‘ng, o‘q o‘tkazmaydigan avtomobilida ketayotib, olamonga yuzlanish uchun avtomobil lyukini ochgan vaqtida o‘zidan ikki metr uzoqlikda turgan erkak tomonidan otib o‘ldiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Suiqasd davlat rahbarlari

Baholaganlar

958

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing