Soniyasiga ming dollar: Habib faoliyati davomida UFC’da qancha pul ishladi?

Sport

image

Habib Nurmuhamedov oktagonni mag‘lubiyatsiz tark etdi. U UFC Prezidenti Dana Uaytning takliflariga rozi bo‘lmadi va onasiga bergan so‘ziga sodiq qoldi. UFC reytingidan allaqachon chiqarib yuborilgan jangchini na 30:0 ko‘rinishidagi chiroyli rekord, na Charlz Oliveyra yoki Maykl Chandlerga qarshi jang va na pul qaytishiga sabab bo‘la olmadi. Shubhasiz, dog‘istonlik burgut faoliyati davomida bularning barchasiga erishgan.

2012 yilda UFC’da debyut qilgan Xabib ushbu turnirda jami 13 marotaba oktagonga chiqdi. Professional faoliyatidagi qolgan 16 ta g‘alabani Nurmuhamedov boshqa turnirlarda qo‘lga kiritgan. 

Habib UFC’dagi dastlabki beshta jangida o‘zining kimligini ko‘rsatib qo‘ydi. Pul esa ikkinchi planda qoldi va jami 160 ming AQSH dollar ishlab topdi.

Foto: Habibning UFC’dagi debyuti Kamal Shalorusga qarshi.

•  Birinchi jang Kamal Shalorusga qarshi (23 ming dollar);
•  ikkinchi jang Gleyson Tibauga qarshi (27 ming dollar);
•  uchinchi jang Tyago Tavaresga qarshi (28 ming dollar);
•  to‘rtinchi jang Abel Truxilloga qarshi (32 ming dollar);
•  beshinchi jang Pet Xiliga qarshi (48 ming dollar).

UFC’da g‘alabali seriya uchun arzimas hisoblangan yuqoridagi gonorarlar 2014 yildan o‘zgardi. O‘sha yili sobiq chempion Rafael Dos Anosni ustidan ishonchli g‘alabaga erishgan Xabib chempionlik poygasiga yaqinlashdi.

 Foto: Habib sobiq chempion Rafael Dos Anosga qarshi

Shundan so‘ng Nurmuhamedov Darrel Xorcher va Maykl Jonsondan ustun kelishga ulgurib, UFC 205da Konor Makgregorni jangga chorladi.

•  oltinchi jang Rafael dos Anosga qarshi (65 ming AQSH dollar);
•  yettinchi jang Darrel Xorcherga qarshi (135 ming AQSH dollar);
•  sakkizinchi jang Maykl Jonsonga qarshi (170 ming AQSH dollar).

“Medison Skver Garden”da turib Konorga “vizov” tashlagan Habibning reytingi shunchalik o‘sdiki, endi uning har bir harakati diqqat markazida edi. Bundan keyingi janglarda, hakamlarning bir ovozdan qabul qilingan qarorlari bilan Habib Edson Barboza va El Yakvintadan ustun kelib, chempionlik kamarini Rossiyaga olib keldi.

Foto: Habib El Yakvintadan ustun kelib, yengil vazn toifasida chempion bo‘ldi

•  to‘qqizinchi jang Edson Barbozaga qarshi (180 ming AQSH dollar va 50 ming bonus);
•  o‘ninchi jang El Yakvintaga qarshi (520 ming AQSH dollar).

Navbatdagisi aralash jang san’ati tarixidagi asosiysi bo‘ldi. Konor Makgregorga qarshi oktagonga ko‘tarilgan dog‘istonlik uni 4-raundda uxlatib qo‘ydi.

•  o‘n birinchi jang Konor Makgregorga qarshi ($2,02 million AQSH dollar).

Makgergor bilan shov-shuvli jangdan so‘ng Habib dunyo yulduziga aylandi.

 Foto: Habib Konorni uxlatib qo‘ygan lahza

Konordan keyin 2019 yil sentyabr oyida Habib Dastin Poreni qiyinchiliksiz kutib oldi va 2020 yil oktyabr oyida Jastin Getjini ham boshqa raqiblari safiga qo‘shib qo‘ydi. Umuman olganda, so‘nggi ikki jang uchun Nurmuhamedov olti million AQSH dollaridan ziyod pul ishladi.

•  o‘n ikkinchi jang Dastin Porega qarshi (3,04 million AQSH dollar va yana 50 ming bonus);
•  o‘n uchinchi jang Jastin Getjiga qarshi (3,04 million AQSH dollar va 50 ming bonus).

Yuqoridagi ikki jang gonorari UFC tomonidan rossiyalik sportchi hisobiga so‘nggi bor o‘tkazilgan pul edi. Bundan keyin sportchi oktagondan tashqaridagi faoliyatiga e’tibor qaratdi. Karerasini tugatgan Habib ko‘plab biznes loyihalar ustida ish olib bormoqda. Shuningdek, sportchi Rossiyada “Eagle Fighting Championship” nomli chempionatga asos soldi. 

Foto: Habib otasi, marhum Abdulmanap Nurmuhamedov bilan

“UFC’da menga yana nima qoldi? Faqat pul uchun janglarmi? Lekin menga ular kerak emas. Odamlarga isbotlaydigan boshqa hech narsam yo‘q. Men ushbu sport turida hamma narsaga erishdim”, deydi Habib.

Natijaga keladigan bo‘lsak, Habib UFC’dan taxminan 10 million AQSH dollar miqdorida gonorar olgan. Taqqoslash uchun, Makgregor UFC’dagi faoliyati davomida 18 million AQSH dollaridan sal ko‘proq pul ishlab topgan.

Agar rossiyalik sportchining oktagonda o‘tkazgan vaqti (167,5 daqiqa) bilan topgan pulining hisobi qilinsa, u taxminan har bir daqiqasi uchun 59,7 ming AQSH dollar ishlab topgan. Agar soniyasiga oladigan bo‘lsak, bu – 995 AQSH dollariga teng.

Habibning umumiy moliyaviy holatiga keladigan bo‘lsak, bu 100 million AQSH dollaridan ortiq. 2020 yil boshida sportchining otasi, marhum Abdulmanap Nurmuhamedov rossiyalik tadbirkor Igor Ribakov bilan suhbatda bu to‘g‘risida ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

801

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing