Sirdaryoda tuman hokimi 900 ga yaqin daraxtni kesishni buyurdi

Jamiyat

image

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani hokimi tumanning turli hududlaridagi 8 turdagi 828 tup qurib qolgan daraxtlarni ommaviy ravishda kesishga ruxsat bergani haqida xabarlar tarqalib, keskin norozilikka sabab bo‘ldi. Tanqid ortidan tuman hokimligi matbuot xizmati bu qarorga izoh berdi.

Unda aytilishicha, 2 yildan buyon viloyat bo‘ylab “Bir million daraxt” aksiyasi o‘tkazilib, aksiya doirasida tuman-u shaharlarda ko‘plab manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, parvarish qilib kelinmoqda. 2021 yilda ham Boyovut tumanida ushbu aksiyani davom ettirish uchun tayyorgarlik olib borilmoqda.

2021 yilning may—iyul oylarida mas’ul tashkilotlar hamda Sirdaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ishtirokida o‘tkazilgan o‘rganish davomida jami 869 tup qurigan daraxt, shundan 828 tup bahorda ekilib, qurigan ko‘chatlar aniqlangan.

“Kuzgi ko‘chat ekish mavsumiga qadar mas’ul tashkilotlar hamda Sirdaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan aniqlangan bahorda ekilib, tutmagan ko‘chatlar o‘rnini yangi ko‘chatlar uchun tayyorlash rejalashtirilgan”, deyiladi hokimlik xabarida.

Sirdaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tegishli tartibda o‘rganishlar olib borilganda, jami ekilgan 9 turdagi 5371 dona manzarali daraxt ko‘chatidan 828 donasi tabiiy iqlim ta’sirida qurib qolgani aniqlangan.

Shu sababli ularning o‘rnini yangi ko‘chatlar ekish sharti bilan qurigan ko‘chatlarni olib tashlashga ruxsat berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

171

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing