Si Szinpin, Bayden va boshqalar Mirziyoyevni Navro‘z bilan tabrikladi. Putin hozircha jim

Jamiyat

image

Navro‘z bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, yetakchi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli davlat va jamoat arboblaridan samimiy qutlovlar kelmoqda. Ular orasida hozircha Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning tabrigi yo‘q. Lekin tabriklar kelishda davom etmoqda.

Prezident Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qutlovlarda mamlakatda barqaror taraqqiyotni ta’minlash, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash maqsadida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va yangilanishlarda erishilgan salmoqli yutuqlar va katta muvaffaqiyatlar alohida qayd etilgan.

O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari izhor etilgan.

Quyida barcha tabriklar e’tiboringizga havola etiladi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Muhtaram Prezident janoblari!

Xitoy hukumati va xalqi nomidan hamda o‘z nomimdan Sizni va Siz orqali O‘zbekiston hukumati va xalqini O‘zbekistonning an’anaviy bayrami Navro‘z munosabati bilan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz.

Sizning qat’iy rahbarligingiz ostida keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etish jadal davom ettirilmoqda, davlatni rivojlantirishning barcha yo‘nalishlarida ajoyib muvaffaqiyatlarga erishilmoqda, bundan esa O‘zbekistonning yaxshi qo‘shnisi va har tomonlama strategik sherigi sifatida Xitoy samimiy quvonmoqda.

Men Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqdaman va Siz bilan birgalikda ikki mamlakat va xalq farovonligi yo‘lida ikki tomonlama munosabatlarni yangi tarixiy sharoitlarda uzluksiz rivojlantirib borishga tayyorman.

Sizga mustahkamlam sog‘lik, davlatchilik faoliyatingizda katta muvaffaqiyatlar tilayman.

Do‘st O‘zbekiston xalqiga baxt-saodat va farovonlik tilayman.

 

Si Szinpin,

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Prezident janoblari!

Sizga va O‘zbekiston xalqiga Navro‘z tinch, baxtli va farovon bo‘lishini tilayman.

Afg‘onistonda urushga chek qo‘yadigan, barqaror va diplomatik yechimni ta’minlaydigan tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash borasidagi birgalikdagi ishlarimizda Navro‘z bayrami bizga tinchlik nihoyatda muhim ne’mat ekani haqida eslatma bo‘lib xizmat qiladi.

Joriy yilda O‘zbekiston mustaqilligiga 30 yil to‘ladi. Keyingi yillarda Siz muhim islohotlarni amalga oshirdingiz va mening Administratsiyam bu muvaffaqiyatni davom ettirish uchun mamlakatingiz bilan hamkorlik qilishga tayyor.

Biz, shuningdek, besh yil avval Davlat kotibi Jon Kerri rahbarligida boshlangan «C5+1» muloqoti doirasidagi hamkorlik davom etishidan umidvormiz.

Sizga va O‘zbekiston xalqiga shu yangi yilda va yangi bahor faslida eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Navro‘z muborak!

Hurmat bilan,

 

Jozef Robinett Bayden,

Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Bahor ayyomi - Navro‘z munosabati bilan iliq qutlovlarim va samimiy tilaklarimni qabul qilgaysiz.

Yorqin hayot boshlanishidan darak beruvchi muqaddas Navro‘z taqdiri va o‘tmishi mushtarak bo‘lgan qardosh xalqlarimizga omad va ravnaq olib kelsin.

Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi umumiy ma’naviy qadriyatlar va do‘stlikka, strategik sheriklikka asoslangan o‘zaro manfaatli, keng ko‘lamli munosabatlar bundan buyon ham jadal rivojlanaversin.

Fursatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh o‘zbek xalqiga esa tinchlik va farovonlik tilayman.

 

Nursulton Nazarboyev,

Qozog‘iston Respublikasining

Birinchi Prezidenti – Elboshi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
 

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Sizni va yurtdoshlaringizni Navro‘z ayyomi bilan chin dildan muborakbod etaman. 

Yuksak ma’naviy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan ushbu fayzli bahoriy bayram ma’naviy yangilanish, bunyodkorlik va uyg‘unlikka chorlaydi. Qalblarimizga iliqlik va shodlik, baxt hissi va yorqin kelajakka umid bag‘ishlaydi.

Bizning ulug‘ va umumiy merosimiz sifatida Navro‘z Qozog‘iston va O‘zbekiston xalqlarining do‘stlik, birodarlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi, ikki davlat strategik sherikligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ushbu ayyom kunlarida, muhtaram Shavkat Miromonovich, mamlakatingiz taraqqiyoti va izchil rivojiga qaratilgan barcha ezgu sa’y-harakatlaringizga katta muvaffaqiyatlar, qardosh o‘zbek xalqiga esa farovonlik va ravnaq tilayman.

Navro‘z har bir xonadonga baraka va farovonlik olib kelsin!

Hurmat bilan,

 

Qosim-Jo‘mart To‘qayev,

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Muhtaram Shavkat Miromonovich, aziz qardoshim!

Xalqaro Navro‘z ayyomi munosabati bilan Sizga va Siz orqali qardosh O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklarimni yo‘llashga hamda farovonlik va ravnaq tilashga ijozat bergaysiz.

Butun insoniyat boy madaniy merosining ajralmas qismi sifatida e’tirof etilgan Navro‘z bayrami tabiat uyg‘onishi, tiriklik tantanasi va bahor go‘zalligining ramzi hisoblanadi. O‘zaro hurmat, tinchliksevarlik va yaxshi qo‘shnichilik an’analarini o‘zida mujassam etgan ushbu fayzli bayram xalqlarimiz hamjihatligi va do‘stligini mustahkamlashda alohida ahamiyatga ega.

Ushbu ajoyib ayyom Siz va qardosh O‘zbekiston xalqiga baxt-saodat, shodlik va yangi zafarlar olib kelsin!

Chuqur hurmat ila,

 

Gurbanguli Berdimuhamedov,

Turkmaniston Prezidenti
 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Sizni va birodar O‘zbekiston ahlini xalqaro Navro‘z bayrami bilan samimiy muborakbod etib, eng ezgu tilaklarimni yo‘llash menga katta mamnuniyat baxsh etadi.

Ajdodlarimizning qadrli merosi bo‘lmish qadimiy Navro‘z bugungi kunda Yer sayyorasining turli burchaklaridagi millionlab odamlar uchun bahor, tabiat uyg‘onishi, o‘zaro anglashuv va o‘zaro hurmat, bunyodkorlik ishlari va ezgu niyatlar ramzi ekanini ta’kidlashdan mamnunman.

Aminmanki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlar muborak Navro‘zning barhayot an’analariga tayangan holda bundan buyon ham og‘ishmay rivojlanib boradi, yangi ma’no va mazmun bilan boyib, yanada kengayadi va mustahkamlanadi.

Bugungi bayramona muhitdan foydalanib, Sizga, aziz do‘stim va qardoshimga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va yangi zafarlar, do‘st O‘zbekiston xalqiga esa – tinchlik-osiyshtalik, farovonlik va ravnaq tilayman.

Navro‘z muborak!

 

Imomali Rahmon,

Tojikiston Respublikasi Prezidenti

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Qirg‘iziston xalqi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan Sizni va butun O‘zbekiston ahlini bahoriy Navro‘z ayyomi bilan muborakbod etaman!

Ajdodlarimiz qadimdan ushbu bayramni yaxshi o‘y va ezgu niyatlar bilan kutib olganlar, kelajakka umidlarini Navro‘z bilan bog‘laganlar.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va do‘stlikka asoslangan strategik sheriklik xalqlarimiz farovonligi yo‘lida bundan buyon ham mustahkamlanib borishiga qat’iy ishonaman.

Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik va faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa farovonlik va ravnaq tilayman.

Hurmat bilan,

 

Sadir Japarov,

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

O‘z nomimdan va Ozarbayjon xalqi nomidan Sizga va Siz orqali qardosh O‘zbekiston xalqiga xalqlarimizning boy milliy ma’naviy merosini o‘zida mujassam etgan Navro‘z bayrami munosabati bilan samimiy tilaklarimni izhor etaman.

Tabiatni uyg‘otuvchi, odamlarga yangi kayfiyat ulashuvchi ushbu bahoriy bayram o‘zaro anglashuv, do‘stlik va hamjihatlikni tarannum etadi.

Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik Navro‘zning ezgu qadriyatlarini yuksak qadrlaydigan xalqlarimiz irodasiga muvofiq bundan buyon ham kengayib, mustahkamlanib borishiga ishonaman. 

Ushbu fayzli ayyomda Sizga mustahkam sog‘lik, faoliyatingizga muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa – tinchlik va ravnaq tilayman.

Hurmat bilan,

 

Ilhom Aliyev,

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu.

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

Qadimiy Navro‘z, bahor fasli hamda hijriy-shamsiy 1400 yilning kirib kelishi munosabati bilan Siz, Janobi Oliylarini hamda O‘zbekiston Respublikasining ulug‘ xalqini chin yurakdan tabriklashdan benihoya xursandman.

Bahor mohir bir rassom kabi tabiat ko‘ksiga rasm solib, yerning qalbi va ruhiga tiriklik va yangilanish nafasini bag‘ishlab, tarovat va yashillik tasvirini yer kurrasi uzra yoymishdir. Umid va quvonch bag‘ishlovchi hamda g‘am-qayg‘udan xalos etuvchi mehr-muhabbatga to‘la qadimiy Navro‘z yangilanish va yangi qarash ramzidir.

Biz insonlar ham tabiat kabi fasl yangilanishi bilan qalbimiz va ruhimizda bahor kayfiyatini jo etamiz, toliqish va xolsizlik g‘uboridan xalos bulib, ruh va tafakkur tetikligi hamda tan sog‘lig‘i uchun imkon yarata olamiz, deb umid qilaman.

O‘tgan yilda butun dunyoda COVID-19 pandemiyasi tarqalishi hamda uning ko‘plab iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarining guvohi bo‘ldik. Yangi yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengroq yo‘lga qo‘yib, koronavirus infeksiyasi tarqalishini nazorat ostiga olish va to‘xtatishga muvaffaq bo‘lamiz, Navro‘z esa xalqlarimiz uchun yangi bir davrni boshlab beradi hamda dunyoning barcha mamlakatlariga quvonch, baraka, sog‘lik va osoyishtalik olib keladi, deb umid qilamiz.

Qodir Allohdan Siz, Janobi Oliylariga, sog‘lik va muvaffaqiyat, O‘zbekiston Respublikasi xalqiga barakali hayot va farovonlik tilab qolaman.

 

Hasan Ruhoniy,

Eron Islom Respublikasi Prezidenti

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu.

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

Yangi 1400 hijriy-shamsiy yil va xalqaro Navro‘z bayrami kirib kelishi munosabati bilan Afg‘oniston xalqi nomidan Siz, Janobi Oliylari va do‘st O‘zbekiston Respublikasi xalqiga o‘zimning samimiy tabriklarimni izhor etaman.

Afg‘oniston xalqi qo‘shni mamlakatlar va xalqaro do‘stlar bilan birgalikda ushbu qutlug‘ sana, qadimiy an’anamiz va mushtarak madaniy merosimiz bo‘lmish Navro‘z bayramini nishonlayotganidan xursandman.

Navro‘zi olam bir-biriga birodar bo‘lgan xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, birdamlik, hamkorlik va yaqinlikni mustahkamlash va chuqurlashtirishda qadimiy qadriyatimiz sifatida inkor qilib bo‘lmaydigan mavqega egadir.

Tabiatning ushbu ko‘rkam ayyomi olib keladigan tarovat va go‘zallikka shukronalik bildirgan holda, do‘stona aloqalar, muhim mintaqaviy loyihalar va dasturlar bo‘yicha ishlar kengayishiga, iqtisodiy rivojlanish va yakdillik bardavom bo‘lishiga tilakdoshmiz.

Ushbu fayzli bayram munosabati bilan Siz, Janobi Oliylarini yana bir bor muborakbod etgan holda, Sizga sihat-salomatlik, O‘zbekiston xalqiga esa bardavom baxt-saodat va ulkan taraqqiyot tilayman.

 

Ashraf G‘ani,

Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu.

Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy tabrik va ezgu tilaklarimizni yo‘llashdan behad mamnunmiz.

Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik va baxt-saodat, do‘st Uzbekiston Respublikasi hukumati va xalqiga taraqqiyot va farovonlik tilab qolaman.

Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.

 

Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud,

Ikki muqaddas masjid xodimi,

Saudiya Arabistoni Podshohi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu.

Siz Janobi Oliylariga samimiy salomlarimni yo‘llab, Sizga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat, oqilona rahbarligingizda birodar xalqingizga taraqqiyot va ravnaq hamda do‘st mamlakatingizga yuksalish va farovonlik tilab qolaman. 

Navro‘z bayrami yaqinlashib kelishi munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy tabriklarimni yo‘llagan holda joriy yil Sizga va xalqingizga xayr-barakot va shodu hurramlik olib kelishini tilayman.

Birodarimiz, Prezident Janobi Oliylari, bizlarni birlashtirib turuvchi do‘stona aloqalarni mustahkamlashga va sheriklik munosabatlarini xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida yanada rivojlantirishga tayyor ekanligimizni ta’kidlaymiz.

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Sizni Allohning o‘zi hifzu himoyasiga olsin.

 

Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum,

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Janobi Oliylari!

Isroil xalqi va davlati nomidan Siz, oilangiz va o‘zbek xalqini baxtli va farovon Navro‘z bayrami bilan muborakbod etaman. O‘zbekiston Respublikasi bahorning mo‘l-ko‘lchiligi, daryolar sersuvligi va tabiatning tuganmas ne’matlaridan bahramand bo‘lishini tilayman.

Ming yillar davomida O‘zbekiston va Isroil xalqlari tabiatning uyg‘onishi va yangilanishidan darak beruvchi ulug‘vor bahor faslining kirib kelishini nishonlab kelganlar. Navro‘z va Fisih bayramlarini nishonlar ekanmiz, qadimiy o‘tmish va ajdodlarimiz an’analari mamlakatlarimizni bog‘lab turishda davom etadi hamda ikki tomonlama munosabatlarimizni kengaytirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.

Samimiyat ila,

 

Reuven Rivlin,

Isroil Davlati Prezidenti

 

Shuningdek, 

Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos,

Saudiya Arabistoni Podshohligi valiahdi, Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, mudofaa vaziri Muhammad ibn Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud,

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon,

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi Mixail Myasnikovich,

Turkiy tilli davlatlar kengashi Bosh kotibi Bag‘dod Amreyev,

Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Vladimir Norov va boshqalar tabrik yo‘llagan.

 

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

132

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing