“Salomga yarasha alik”. Rossiya ham AQSH vaziri nutqini “boykot” qildi

Olam

image

Rossiya delegatsiyasi Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi savdo vazirlari yig‘ilishini Amerika vakili Ketrin Tayning hisoboti chog‘ida tark etdi. Bu haqda Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi ma’lum qilgan. 

Qayd etilishicha, Iqtisodiy rivojlanish vazirligi Telegram sahifasida Ketrin Tayning hisoboti chog‘ida vazirlik rahbari Maksim Reshetnikovning o‘rni bo‘sh bo‘lgan suratni joylagan. 

Rossiya delegatsiyasining o‘sha paytda zalni tark etgani haqidagi ma’lumotni jurnalistlarga yig‘ilish ishtirokchilaridan biri ham tasdiqlagan. 

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikovning Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti yig‘ilishidagi chiqishi chog‘ida zalni Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya, AQSH va Yaponiya vakillari tark etgandi. Ushbu harakatlar Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga bosqiniga norozilik sifatida qabul qilingan.

Ma’lumot o‘rnida, bugun, 21 may kuni Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti vazirlarining ikki kunlik yig‘ilishi ochildi. Bu tashkilot savdo vazirlarining uch yil ichidagi birinchi yuzma-yuz uchrashuvidir, chunki koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar hozirda biroz yumshatilgan. 

Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti 19 mamlakat va ikkita hududdan iborat. Ular orasida 12 ta asoschi davlatlar bor: Avstraliya, Bruney, Indoneziya, Kanada, Malayziya, Yangi Zelandiya, Singapur, AQSH, Tailand, Filippin, Janubiy Koreya va Yaponiya. 

Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi (1991 yilda kiritilgan), Meksika va Papua-Yangi Gvineya (1993), Chili (1994), Rossiya, Vetnam va Peru (1998) ham ishtirok etadi. 1991 yilda Xitoyning ikkita hududi, Gonkong va Tayvan tashkilotga qo‘shildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

444

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing