Saddamning Humayniyga “tushirgan mushti” yoxud Eron-Iroq urushiga nima sabab bo‘lgan?

Tahlil

image


“Urushda g‘olib bo‘lmaydi – faqat mag‘lublar”
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Nevill Chemberlen

1980 yil 22 sentyabr, peshin vaqti. Iroq havo kuchlarining 192 ta bombardimonchi samolyoti Eronga hujum qilish uchun havoga ko‘tarildi. Asosiy nishon dushman samolyotlari, radarlar va havo mudofaasi batareyalari edi, Saddam Husaynning buyrug‘i bilan Iroq armiyasi 22 sentyabr kuni Al-Arab daryosi (Eron-Iroq chegarasidagi daryo)dan o‘tib, Eronga bostirib kirdi. Shu tariqa, bundan roppa-rosa 41 yil oldin, XX asrning ikkinchi yarmidagi eng yirik va eng uzoq davom etgan urushlardan biri boshlandi. Bugungi maqolamizda sakkiz yil davom etgan Eron-Iroq urushi haqida ma’lumot beramiz.

1980 yildagi Xalqaro vaziyat

1980 yil xalqaro maydonda AQSH va SSSR o‘rtasidagi “Sovuq urush” ayni qizigan palla edi. Chunki, SSSR 1979 yilning dekabr oyida Afg‘onistonga qo‘shin kiritishi va 1979 yil Eronda Islom inqilobining muvaffaqiyatli yakunlanishi AQSH va SSSR munosabatlarini keskinlashtirib yubordi. BMT bor e’tiborini “titanlar” raqobatiga qaratgan bir vaqtda, Eron-Iroq mojarosi avj oldi.

Erondagi Islom inqilobi

1978 yil 8 yanvar kuni Eronda Islom inqilobi boshlandi. Qariyb bir yil davom etgan qurolli to‘qnashuvlardan so‘ng, AQSHning Sharqdagi ishonchli hamkori shoh Muhammad Rizo Pahlaviy taxtdan ag‘darildi. Muhammad Rizo Misrga qochib ketdi. 1979 yilning 1 fevralida Oyatulloh Xumayniy 15 yillik qochqinlikdan so‘ng Eronga qaytadi. 1979 yil 11 fevral kuni mamlakat rasman Eron Islom Respublikasi, deb e’lon qilindi. Xumayniy hokimiyat boshqaruvini o‘z qo‘liga oldi. Ayni shu vaqtda, Iroqda ham hokimiyat almashinuvi yuz berdi.

Saddam Husaynning hokimiyatga kelishi

1979 yil 16 iyul kuni Iroqdagi Hasan al-Bakr hukumati Saddam Husayn uyushtirgan harbiy to‘ntarish natijasida ag‘darildi. Mamlakat boshqaruvini Husayn o‘z qo‘liga oldi. Ammo, Saddam qo‘shni Erondagi holatdan xavotirda edi. Chunki, Erondagi Islom inqilobining Iroqqa ham ko‘chib o‘tish ehtimoli katta bo‘lgan. Saddam Husayn Iroqda rivojlangan diktatura tizimini o‘rnatdi. Husayn davlat rahbari bo‘lishdan oldin Iroq iqtisodiyoti asta-sekin rivojlanayotgan edi. Ammo, u boshlagan Eron-Iroq urushi mamlakatga katta zarar keltirdi.

Ziddiyatning boshlanishi

Eron-Iroq o‘rtasidagi munosabatlar urush boshlanishidan oldin ham murakkab va ziddiyatli edi. Bunga bir nechta sabablar mavjud edi:

Birinchi – har ikki davlat o‘rtasida hududiy mojarolar bo‘lib, Iroq Eronning neftga boy Xuziston viloyatini o‘ziga qo‘shib olishni istardi.

Ikkinchi – Eron-Iroq chegarasida joylashgan Al-Arab daryosidan qaysi davlat  foydalanishi bahsli edi. 1937 yilda Buyuk Britaniya vositachiligida Eron va Iroq o‘rtasida shartnoma imzolangan bo‘lib, unga ko‘ra, daryodan foydalanish huquqi Iroqqa berildi. Ammo, 1960 yilda mintaqada Eron ustunlikni o‘z qo‘liga oldi. Bunga neft narxining ko‘tarilishi hamda AQSHning harbiy yordami sabab bo‘ldi. 1969 yilda daryo nazorati Eronga o‘tdi. Bundan foydalangan Eron 1971 yilda O‘rmuz bo‘g‘ozidagi uchta orolni egallab oldi.

Uchinchi – daryo nazorati Eronga o‘tgach, Iroq bunga javoban Xuzistondagi arab ayirmachilarini qo‘llab-quvvatlay boshladi va mamlakat hududidan Eron fuqarolarini chiqarib yubordi.

To‘rtinchi – 1975 yil 6 mart kuni Jazoirda Saddam Husayn va Shoh Pahlaviy o‘zaro kelishib olishdi, Unga ko‘ra, shoh Iroqning Xuzistonga bo‘lgan hududiy davolarini tan oldi. Iroq esa o‘z navbatida, Al-Arab daryosini Eronga topshirdi. Bundan tashqari, rasmiy Tehron Iroq Kurdistonidagi jangarilarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi lozim edi. Lekin, Eron kelishuvni to‘liq amalga oshirmadi.

Beshinchi – Eronda 1979 yil g‘alaba qozongan Islom inqilobining yetakchisi Oyatulloh Xumayniy inqilobni Fors ko‘rfazining boshqa mamlakatlariga ham keng yoymoqchi edi. Bu esa o‘z navbatida Saddam Husaynda qo‘rquv uyg‘otib, o‘rtadagi munosabatni keskinlashtirdi. Bundan tashqari, Xumayniy Saddamni yoqtirmasdi.

Yuqoridagi sanab o‘tilgan sabablar urush olovini alanga oldirish uchun yetarli bo‘ldi.

Urushning boshlanishi

1980 yilda Saddam Husayn Eronga hujum qilishga qaror qabul qildi. Albatta, urushni boshlash uchun bahona kerak edi. Iroq rahbari Eronning 1975 yilgi Jazoir bitimi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaganligini bahona qilib qo‘shni davlatga urush e’lon qildi.

Bu urushning boshlanishiga ba’zi tarixchi va siyosatchilar turlicha fikr bildirishadi. Xususan, bir guruh tarixchilar bu urushni Amerika uyushtirgan deyishadi. Chunki, Erondagi shoh hukumati AQSHning eng ishonchli hamkori edi. “Amerika Saddamga zimdan yordam berib, Eronni qayta egallab, Afg‘onistonga bostirib kirgan Sovet qo‘shinlarining yo‘lini to‘smoqchi bo‘lgan”, deb ta’kidlashadi. Ayrim siyosatchilar esa bu urushni SSSR uyushtirganligini iddao qilishadi. Boshqa bir siyosatchilar bo‘lsa, “urushni Saddam Husaynning o‘zi istab boshladi”, degan fikrlarni ilgari suradi. Sababi, o‘sha vaqtda Iroqning iqtisodiy ahvolini tiklash uchun neft kerak edi. Saddam bu neftni Erondan olmoqchi edi.

1980 yil 22 sentyabr kuni, peshin vaqtida. Iroq havo kuchlarining 192 ta bombardimonchi samolyoti Eronga kutilmaganda hujumga o‘tdi. Uzoq davom etgan shiddatli janglardan so‘ng, Iroq qo‘shinlari Xurram shahrini egallab oldi. 1981 yilning dekabr oyida Eron armiyasi qarshi hujumga o‘tdi. 1982 yilda Iroq qo‘shinlari Eron hududidan siqib chiqarildi. Jang vaqtida har ikki tomon ham kimyoviy quroldan keng foydalandi.

1985 yil 27 yanvarda Iroq Majnun orollaridagi neft koniga hujum boshladi. 1986 yil yanvar oyida Iroq nihoyat Majnun orollari ustidan nazorat o‘rnatdi. Iroq urushda asosan havo kuchlaridan keng foydalandi, Eron armiyasida harbiy texnika yetishmovchiligi bo‘lsa-da, askarlar soni bo‘yicha Iroqdan ustun edi. Bu urushga Yevropa mamlakatlari ham burun suqishdi. 1987 yilning 17 iyulida Eron armiyasi fransuz jurnalistlarini qo‘lga oldi. Bunga javoban Fransiya Eron bilan barcha diplomatik aloqalarni uzib, Fors ko‘rfaziga o‘zining harbiylarini tashladi. SSSR esa Eronni har tomonlama qo‘llab-quvvatladi.

Urushning yakunlanishi

Urushning uzoq davom etishi har ikki davlat aholisi o‘rtasida ba’zi noroziliklarni uyg‘otdi. Har ikki tomon askarlarining jangovar ruhi tushib ketgan edi. 1988 yil 3 iyun kubi Eron chegara hududida Iroq pozitsiyalariga qarshi hujum uyushtirdi va o‘z hududining bir qismini qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi.

1988 yil 17 iyul kuni Iroq Prezidenti Saddam Husayn sulh shartlarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar boshlanishi, Al-Arab daryosi tozalanishi va Iroq kemalarining Fors ko‘rfazida erkin harakatlanish huquqi berilishi hamda asirlar almashinuvi amalga oshirilishi kerak edi. O‘sha kuni Iroq qo‘shinlari ortga chekindi.

1988 yil 19 iyul kuni Eron rahbari Oyatulloh Xumayniy chiqish qilib shunday deydi:

“Bu qarorni qabul qilish men uchun bir piyola zahar ichishdan ko‘ra og‘riqli. Yaratganga ishonib, men bu qirg‘inni to‘xtatish uchun bu piyolani ko‘taraman. Men oxirgi nafasimgacha kurashishga qasam ichgan edim. Menga jang vaqtida o‘lish bundan osonroq bo‘lar edi. Lekin, barcha harbiy mutaxassislarning dono fikrini inobatga olishga majbur bo‘ldim”.

1988 yil 6 avgust kuni Eron tinchlik muzokaralarini boshlashga rozi bo‘ldi. 7 avgust kuni har ikki davlat kelishuvga erishdi. Kelishuv 20 avgust kunidan kuchga kirdi. Shu bilan Eron-Iroq urushi yakunlandi.

Yo‘qotishlar

Urush har ikki tomon uchun dahshatli oqibatlarni keltirib chiqardi. Bu to‘qnashuvda taxminlarga ko‘ra, 180 ming nafar Iroq, 500 ming Eron askari halok bo‘lgan. 20 mingga yaqin tinch aholi urush vaqtida o‘ldi. Har ikki tomondan 1,5 millionga yaqin harbiy yaralangan. Iroq bu urushda jami 342 milliard dollar yo‘qotdi va mamlakat tashqi qarzi 110 milliard dollarga yetdi. Eron esa taxminan 645 milliard dollar miqdorida zarar ko‘rgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

996

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing