Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasi fuqarolarini ogohlantirdi

Olam

image

Rossiyaining O‘zbekistondagi elchixonasi rossiyaliklarga ogohlantirish berdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonga kelishni rejalashtirayotganlar Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘layotgan voqealarni hisobga olishi va u yerdan aylanib o‘tishi kerak.

Elchixona murojaatida Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat joriy etilgani to‘g‘risida ma’lum qildi.

“Unga ko‘ra, O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidagi “Daut-ata-Tojen” avtomobil nazorat-o‘tkazish punkti orqali odamlar, transport vositalari va yuklarning o‘tishi vaqtincha to‘xtatilganli sababli Rossiya Federatsiyasi fuqarolari O‘zbekistonga sayohatlarini rejalashtirishda yuqoridagi ma’lumotlarga amal qilishlari va muqobil yo‘nalishlardan foydalanishlari lozim”, deyiladi elchixona murojaatida.

Shuningdek, elchixona, favqulodda holat joriy etilishi munosabati bilan “Nukus” aeroportining ishlashi komendantlik soati davomida cheklanganligi, ammo avvalroq belgilangan reyslar to‘g‘rilangan jadval bo‘yicha amalga oshirilishini eslatib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.

Bugun, 4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.

Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Abdulvohid Yoqubov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

471

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing