Rossiyadan hujum bo‘lsa, urushga tayyormiz – Finlyandiya armiyasi qo‘mondoni

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiya hujumi sodir bo‘lgan taqdirda Finlyandiya sharqiy qo‘shnisi bilan urush olib borishga tayyor va rus armiyasiga qattiq qarshilik ko‘rsatadi. Bu haqda Finlyandiya Qurolli Kuchlari qo‘mondoni Timo Kivinen ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Reuters” agentligi.

Bunday mojaro yuz bergan taqdirda Finlyandiya armiyasining potensial muvaffaqiyati uchun asosiy omillar orasida janob Kivinen qurol kuchi va Finlarning o‘z hududlarini himoya qilish uchun motivatsiyasini sanab o‘tgan.

“Biz u yerda (Ukrainada) olib borilayotgan jangovar harakatlar turiga qarab, o‘z harbiy mudofaamizni o‘q otish kuchi, zirhli transport vositalari, shuningdek aviatsiyadan keng foydalangan holda tizimli ravishda rivojlantirdik”, deydi armiya qo‘mondoni.

Janob Kivinenning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi voqealar Fin tomoniga “eng muhim mudofaa chizig‘i quloqlar orasida ekanligini” ko‘rsatgan. Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi, harbiy mutasaddining fikricha, mamlakat uchun mudofaa sohasida ustunlik beradi.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi.

15 may kuni Finlyandiya ham, Shvetsiya ham NATOga a’zo bo‘lishga qaror qilganini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Finlyandiya

Baholaganlar

75

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing