Rossiya-Ukraina munosabatlari qanday qilib urushgacha bordi? Xronologik tahlil

Tahlil

image
0:00
0:00
download

Rossiya va Ukraina munosabatlaridagi keskinlik va 24 fevral kuni ertalab boshlangan katta urushning dastlabki uchqunlari o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida rivojlanib kelmoqda. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning urush boshlash uchun keltirgan vajlari ancha avvalga, o‘rta asrlarga, hozirgi Ukraina va Rossiyaning bir qismi Kiyev Rusining tarkibida bo‘lgan davrlarga borib taqaladi. Aynan mana shu yerdan Kreml rahbarining rus va ukrainlar – "yagona xalq" haqidagi qarashlari, shuningdek, belaruslarni ham ushbu “yagona xalq”ga kirishi to‘g‘risidagi fikrlari olingan. Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti kamdan-kam hollarda ruslar va ukrainlar har doim ham bir xil yo‘lni bosib o‘tmaganini va buning natijasida ikki til va ikki madaniyat – qardosh bo‘lsa-da, ammo boshqacha yo‘llar bilan shakllanganligini unutgan ko‘rinadi. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin har ikki respublika alohida-alohida davlatga aylanganda, yana bir farq bor edi, bu – davlatlar tanlagan siyosiy rivojlanish yo‘li. Kiyev hokimiyatlar almashinib turuvchi G‘arb demokratiyasi yo‘lidan bordi. Moskva esa bunday hokimiyat tizimidan yuz o‘girdi. 

Hozirgi urush ikkala davlatning oxirgi 30 yillik siyosati “mahsulidir”. Uni shartli ravishda uch bosqichga bo‘lish mumkin, har biri taxminan o‘n yil. Biz esa urush uchun yo‘l ochgan ushbu 30 yillikdagi burilishlar haqida hikoya qilamiz. 

1992-2003: Ukraina ketmoqda, Rossiyaning bunga qarshiligi yo‘q

1991 yil dekabr oyida Ukraina Rossiya va Belarus bilan birgalikda Belovejskaya Pushchada SSSR parchalanishini muhrlagan uchta respublikadan biri edi. Aftidan, Moskva Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) va arzon gaz ta’minoti orqali Ukrainada o‘z ta’sirini saqlab qolishga umid qilgan. Ammo o‘ylanganidan ko‘ra boshqacharoq bo‘ldi. Rossiya va Belarus ittifoq davlati tuzdilar, Ukraina tobora ko‘proq G‘arbga qarayverdi. 

Bu holat Kremlni g‘azablantirdi, shunga qaramay, Ukraina SSSRdan deyarli bir million kuchli armiya va dunyodagi uchinchi yirik yadro arsenalini meros qilib oldi. SSSRdan qolgan raketalarni meros qilib olishni rad etdi, ularni xavfsizlik kafolatlari (Budapesht memorandumi) va iqtisodiy yordam evaziga Rossiyaga topshirdi. G‘arb Ukrainaga javob bermagan va uni o‘z tuzilmalariga qo‘shmoqchi bo‘lmagan davrgacha, Moskvaning rasmiy Kiyevga munosabati xayrixoh bo‘lgan. Ushbu dekadada ular o‘rtasida hech qanday otishma yoki qurolli to‘qnashuv yuz bermagan, albatta, 1992 yilda Qora dengiz floti patrul kemasi Ukraina bayrog‘ini ko‘tarib, Sevastopoldan Odessaga jo‘nab ketganida, havoda otishma bo‘lgan voqeadan tashqari. Sovet Ittifoqi qulaganidan keyingi birinchi o‘n yillikda Rossiya iqtisodiy jihatdan zaif edi, chechenlar bilan urush esa ko‘plab resurslarning sarflanishiga olib kelgan. 1997 yilda Qora dengiz flotini bo‘lish va "Katta shartnoma"ni imzolash orqali Rossiya Federatsiyasi Ukraina chegaralarini, shu jumladan Qrimni ham tan oldi. 

2003-2013 yillar: do‘stlikka ketgan dastlabki darz

Moskva va Kiyev o‘rtasidagi birinchi yirik diplomatik inqiroz Prezident Putin davrida yuz berdi. 2003 yilning kuzida Rossiya to‘satdan Kerch bo‘g‘ozida Ukrainaning Tuzla oroli tomon to‘g‘on qurishni boshladi. Kiyev buni chegaralarni qayta taqsimlashga urinish sifatida qabul qildi. Mojaro Prezidentlarning shaxsiy uchrashuvidan keyin hal qilindi. Qurilish to‘xtatildi, ammo ikki mamlakat o‘rtasidagi e’lon qilingan do‘stlikda birinchi yoriqlar ko‘rina boshlandi. 

2004 yildagi Ukraina prezidentlik saylovlarida Rossiya rossiyaparast nomzod Viktor Yanukovichni faol qo‘llab-quvvatladi, ammo “zarg‘aldoq inqilob” (oranjevaya revolyutsiya) Yanukovichning saylov natijalarini soxtalashtirish orqali g‘alaba qozonishiga to‘sqinlik qildi. Oqibatda, G‘arbga moyilligi bor siyosatchi – Viktor Yushchenko prezident bo‘ldi. Uning g‘alabasi Ukraina – Rossiya munosabatlaridagi o‘zgarishlarning boshlang‘ich nuqtasi bo‘ldi. Munosabatlarning keskinligi Moskva Yanukovichning ketishini “rangli inqiloblar” toifasiga kiritishi va “zarg‘aldoq inqilobi”da G‘arbning ishtirokini qoralashi bilan rasmiy Kiyevning inqilob bo‘lmaganligi va bunga G‘arbning aloqasi yo‘q ekanligi to‘g‘risidagi qat’iy pozitsiyasi sabab bo‘ldi. Yushchenko prezidentligi davrida Rossiya Federatsiyasi Ukraina orqali Yevropaga yetkazib beriladigan gaz quvurlarini ikki marotaba – 2006 va 2009 yillarda to‘sib qo‘ydi, bu esa Yevropaga tranzit yetkazib berishda uzilishlarga olib keldi. 

Amalda sodir bo‘layotgan vaziyatni tushunish uchun ahamiyatli hodisa 2008 – yilda yuz bergan. Buxarestda bo‘lib o‘tgan NATO sammitida AQSH Prezidenti Jorj Bush Ukraina va Gruziyaga Alyansga a’zolik bo‘yicha harakatlar rejasi (The Membership Action Plan)ni taqdim qilish orqali ularni NATOga qabul qilishga taraddudlandi. Ammo Putin keskin qarshilik ko‘rsatib, Moskva Ukraina mustaqilligini to‘liq tan olmasligini ochiq aytdi. Natijada Germaniya va Fransiya Bushning rejasini to‘sib qo‘ydi. Har ikkala postsovet mamlakatlari – Ukraina va Gruziyaga NATOga a’zo bo‘lish va’da qilindi, biroq ularning qachon stol atrofidan joy olishi aniq muddat bilan belgilanmadi. 

Harbiy ittifoqqa tezda a’zo bo‘lib kirishning iloji bo‘lmagani sababli Ukraina Yevropa Ittifoqi bilan assotsiatsiya shartnomasi orqali iqtisodiy integratsiya yo‘nalishini belgilab oldi. 2013 yilning yozida, imzolanishi mumkin bo‘lgan assotsiatsiya shartnomasidan bir necha oy oldin, Rossiya Ukrainaga katta iqtisodiy bosim o‘tkaza boshladi, chegarada Ukraina eksportini deyarli to‘xtatishgacha bordi. Shu yilning kuzida, 2010 yilda prezident bo‘lgan Yanukovich hukumati Rossiya Federatsiyasi bosimini bahona qilib, Bryussel bilan shartnoma imzolashga tayyorgarlikni to‘xtatganini e’lon qildi. Yanukovichning qarori Ukrainada noroziliklarga sabab bo‘ldi va u 2014 yil fevralida Rossiyaga qochib ketdi. 

2014-2021 yillar: Qrimning anneksiya qilinishi va Donbassdagi urush

Kiyevda hokimiyat bo‘shlig‘i paydo bo‘ldi (Prezident Yanukovich Rossiyaga qochib ketganidan so‘ng, 2014 yil iyun oyigacha Turchinov vaqtinchalik Prezident lavozimini egallagan bo‘lsa-da, hokimiyat uning qo‘lida bo‘lmagan) va 2014 yil mart oyida Rossiya Qrimni anneksiya qildi. Bu keskin burilish, e’lon qilinmagan urushning boshlanishi edi. Shu bilan birga, Rossiya va mahalliy yarimharbiy tuzilmalar Donbassda separatizm urug‘lari sochilishiga turtki berdi, Donetsk va Luganskda Rossiya Federatsiyasidan noma’lum belgili harbiy kiyimlarda kelgan odamlar boshqargan “xalq respublikalari” e’lon qilindi. 

Kiyev vazmin munosabatda bo‘ldi, may oyining oxirida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarini kutdi va shundan keyingina keng ko‘lamli kuch ishlatishga qaror qildi va buni “aksilterror operatsiyasi” deb atadi. 

2014 yil iyun oyi boshida Fransiyada Ikkinchi jahon urushi ittifoqchilarining Normandiyada qo‘shin tushirishining 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda Ukrainaning yangi saylangan Prezidenti Pyotr Poroshenko Germaniya va Fransiya yetakchilari vositachiligida birinchi marta rossiyalik hamkasbi Putin bilan uchrashdi. Yozda Ukraina armiyasi separatistlarni Donbassdan siqib chiqara boshladi, biroq avgust oyi oxirida Rossiya, Kiyevga ko‘ra, Donbassda o‘z armiyasini keng miqyosda ishga solgan. Moskva esa buni rad etgan. Ukraina qo‘shinlari mojaroning eng yuqori nuqtasida – Ilovaysk yaqinida mag‘lubiyatga uchradi. Butun front chizig‘i bo‘ylab urush sentyabr oyida Minskda o‘t ochishni to‘xtatish bitimi imzolanishi bilan yakunlandi, lekin u ham tez orada buzildi. 

Keyin pozitsion urush boshlandi. 2015 yil boshida separatistlar keng qamrovli hujumga o‘tdi. Kiyev yana Moskvani maxsus tanib olish belgilarisiz qo‘shindan foydalanganlikda aybladi, Rossiya Federatsiyasi yana hammasini rad etdi. Ukraina qo‘shinlari Debalsevo markazi yaqinida mag‘lubiyatga uchrab, shoshilinch ravishda bu hududdan chiqib ketishga majbur bo‘lishdi. Shundan keyin Germaniya va Fransiya vositachiligida "Minsk-2" kelishuv bitimi imzolandi, bu kelishuv hali ham mojaroni hal qilish uchun asosiy hujjat bo‘lib qolmoqda. Uning birorta bandi to‘liq bajarilmagan, bunda esa taraflar bir-birini ayblab kelmoqda. 

Kelishmovchiliklarning yakunlanishiga so‘nggi umid 2019 yilning yoz va kuz faslida tomonlar bir qator hududlarda qo‘shinlarni olib chiqib ketishni kelishganlarida mumkin bo‘lib tuyuldi. Bu kelishuvga Parij shahrida o‘tkazilgan uchrashuvda kelingan. U Fransiya, Germaniya, Ukraina va Rossiya taraflar sifatida ishtirok etgan “normand shaklidagi” sammit nomini olgan. Ammo 2019 yildagi “normand shaklidagi” sammit boshqa o‘tkazilmadi va dushmanlik kayfiyatidagi davlatlar munosabatlari 2022 yilgacha bir stol atrofida muhokama qilinmadi. 

Rossiya Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishdan bosh tortdi va uni “Minsk-2” bitimini amalga oshira olmayotganlikda aybladi. 2021 yilda Rossiya Federatsiyasi Ukraina chegaralarida ikki marotaba – bahor va kech kuzda qo‘shinlarini to‘pladi. 2021 yilning dekabr oyida Prezident Putin birinchi marta AQSH va NATOga Ukraina va boshqa postsovet mamlakatlarini NATO ittifoqiga qabul qilmaslik, ularga hech qanday harbiy yordam bermaslik to‘g‘risida “ultimatum” qo‘ydi. NATO esa rad javobini berdi. 

2022 yil: Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushining boshlanishi

2022 yil 21 fevralda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin separatist (ayirmachi) “Donetsk Xalq Respublikasi” va “Lugansk Xalq Respublikasi” mustaqilligini tan oldi. Tegishli hujjatlar mamlakat parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilindi. Putin, shuningdek, ushbu tuzilmalar Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlari hududlarini o‘z ichiga olishini bildirdi. Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, bu viloyatlar separatistlar nazorati ostida bo‘lgan hududlardan ancha katta. 

24 fevral kuni erta tongda Rossiya davlati rahbari Ukrainaga qarshi “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini ma’lum qildi. U o‘z maqsadini Ukrainani “demilitarizatsiya qilish” (demilitarizatsiya hudud – harbiy harakatlar olib borilishi taqiqlangan hudud) deb atadi. Shunday qilib, Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari nafaqat Donbassga, balki Ukraina shaharlari va uning harbiy infratuzilmasiga zarba berishni boshladi.

Sardor Begalov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

501

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing