“Real” prezidentining Ronaldu va Kasilyas haqida keskin gapirgan eski audioyozuvlari tarqaldi

Sport 12816
image

Ispaniyaning “El Confidencial” nashri “Real Madrid” prezidenti Florentino Peresning 2008 hamda 2012 yillarda yozilgan Kasilyas hamda Ronaldu haqidagi audioyozuvlarini e’lon qildi. Peres audiolarda ushbu futbolchilar haqida keskin fikr bildirgan.

“Bu kalta g‘irt yosh bolaga o‘xshaydi. Sevgani bilan arazlashib qolsa, hattoki jamoa mashg‘ulotlarini ham o‘tkazib yuboradi. Unda hali ham yosh bolalarnikidek harakter bor. Kasilyasni hamma yaxshi ko‘radi, ammo u juda ham rasvo. Uning bo‘yi baland emas, buning ustiga ko‘zi ham yaxshi ko‘rmaydi. Men uni agentiga: “Do‘stim, uni ko‘z shifokoriga ko‘rsatish kerak, menimcha u uzoqni ko‘rmaydi”, deb aytganman. Aniq shunday deganman. Men buni Kasilyasning foydasini o‘ylab aytganman”, deya Peres Kasilyas haqida gapirgan.

Ronaldu haqidagi 2012 yilgi yozuvda quyidagicha fikr bildirilgan:

“Ronaldu aqldan ozgan. Bu yigit ahmoq, u kasal. Siz uni oddiy odam deb o‘ylaysiz, lekin oddiy odam o‘zini bunaqa tutmaydi. Nima uchun u o‘zini bunday tutadi, deb o‘ylaysiz? Chunki, uning agenti uni nazorat qila olmaydi. U haqiqatni ko‘rmaydi”, deb aytgan Peres.

Ma’lumot uchun, Ronaldu “Real” safiga 2009 yilda Angliyaning “Manchester Yunayted” klubidan ko‘chib o‘tgan. U Madriddagi 9 yillik faoliyati davomida jami 438 ta o‘yinda maydonga tushgan va 450 ta gol urgan. Kasilyas esa 1998 yildan 2015 yilga qadar “Real”da to‘p surgan, bu vaqt mobaynida u 725ta o‘yinda maydonga tushgan.

Abdulla Mannonov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 690
Reyting: 3
t
×