Rasul Kusherboyev parlament va Hukumatning siyosiy qo‘g‘irchog‘imi? Eksklyuziv intervyu

Intervyu

0:00
0:00
download

Rasul Kusherboyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining eng tili o‘tkir va befarq bo‘lmagan deputatlaridan biri. Uni ana shunday hislatlarga ega bo‘lgan kam sonli deputatlarning yo‘lboshchisi, desak ham mubolog‘a bo‘lmas. Avtomobillar oynasining qoraytirilishidan tortib, byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi ustidan nazorat yuritish, “O‘zavtosanoat”ning qimmat avtomobillari kabi mavzular Kusherboyevning nazaridan chetda qolmaydi va u kerakli joyda kerakli gapni ayta oladi. Ammo uni ham boshqa mamlakatlar siyosatida bo‘lgani kabi “parlament va davlatning siyosiy qo‘g‘irchog‘i, uni gapirish mumkin bo‘lgan mavzular uchungina ishlatishadi”, deydiganlar talaygina. Xo‘sh, haqiqatan ham shundaymi? Kusherboyev bu haqda QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida shunday deydi: 

“Haqiqatan ham shunday fikrlar bor. Agar men qo‘g‘irchoq bo‘lganimda juda yaxshi sharoitda yashashim kerak edi. To‘g‘risi, mana bu sharoitlarni qilib bering, deb shart qo‘ygan bo‘lardim. Agar shunaqa odam bo‘lganimda ba’zilar qamatishga harakat qilmagan bo‘lardi. Agar shunday odam bo‘lganimda, oilamga tahdidlar bo‘lmasdi. Meni hamma narsam qonuniy, davlat beradigan oylikka kun ko‘raman. Agar qo‘g‘irchoq bo‘lganimda, 10-15 ta tadbirkorni to‘plab menga qarshi guvohlik berdirishmagan bo‘lardi. O‘zim ham ikki-uch marta kasal orttirib olmagan bo‘lardim. 

Kim nima desa, deyaversin. Meni o‘tayotgan vaqtim uchun javob berishim bor. Ko‘p xato qilaman, noto‘g‘ri ishlarim ham bor. Lekin hech bo‘lmaganda bir masalani joyida ko‘tarib, qaysi tarafdaligimni ko‘rsatishim kerak. Ertaga buning savol-javobi bor, men javob berishim kerak. Meni shu narsa qiynaydi, xolos. Lekin davlatga, Hukumatga, amaldagi davlat rahbariga va uning  siyosatiga muxolifat ham, qarshi ham emasman. Men odamlarni rozi qiladigan, farovonlikka xizmat qiladigan nima bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlayman. 

Men boshqa tashqi kuchlar tarafidan emas, balki xalq tomonidan byurtma qilingan vakilman. Ba’zan menga Hukumat a’zolari va yuqoridagilardan ko‘p e’tirozlar bo‘ladi. Men o‘zim to‘g‘ri deb bilgan narsani odamlarning talabidan kelib chiqib qilaman. Buni kimdir ssenariy bo‘yicha ishlayapti, qo‘g‘irchoq yoki boshqa narsa desa ham bu ularning fikri. 

To‘g‘ri, kerak paytda Hukumatning fikrini ham qo‘llab-quvvatlayman. Nimaga? Chunki men hamisha qarshi chiqadigan odammasman. Ko‘tarilgan masala odamlarga foyda keltirishiga ko‘zim yetsa, qo‘llab-quvvatlayman. “Hukumatni qo‘llab-quvvatlaydi, uni qo‘g‘irchog‘i”, deganlar bo‘lsa, bu ularning fikri. Omadini bersin. Bir kun deputat bo‘lib ishlasin, yashab ko‘rsin. 

Deputatlik boshqalarga yengildir, ammo menga og‘ir. Har kuni qachon men ham ketarkinman, qachon missiyam tugaydi degan fikr bilan uyg‘onaman. Bo‘g‘zimgacha yetib keldi, to‘g‘risi. Hukumatning bosimi, fikri va e’tirozi hech narsa emas. Meni ular emas, odamlar bezdirdi. Qo‘yib bersangiz, odamlar meni 10-20 bo‘lakka bo‘lib olmoqchi. Men ishxonamga ko‘pincha yashirinib kiradigan bo‘lganman. Chunki ular meni ishlashga qo‘ymayapti. Hammaning muammosi bor, ba’zan qabullarimga 100-200 kishi keladi. Men bir o‘zim jismonan charchayapman”, deydi Kusherboyev. 

Deputat Rasul Kusherboyev bilan ushbu eksklyuziv videointervyuni yuqoridagi videyeopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Rasul Kusherboev

Baholaganlar

377

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing