“Putin obro‘sini saqlashi uchun”. Yevropa rahbarlari Ukrainani yon berishga chaqirgani ma’lum bo‘ldi

Olam

image
0:00
0:00
download

Yevropalik siyosatchilar Ukrainani Kreml bilan qarama-qarshilikda hududiy yon berishga chaqirgan. Shu tariqa Yevropa Rossiya bilan odatiy biznes sharoitiga qaytishni niyat qilgan. Bu haqda Ukraina Prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Mixail Podolyak ma’lum qildi.

“Umuman olganda, nafaqat janob Makronning, balki Yevropa siyosiy hamjamiyatidagi ba’zi odamlarning bu bayonotlari biroz g‘alati... Ukraina jamiyati hech qanday shaklda bunday talablarni qo‘llab-quvvatlamasligi aniq. Ikkinchidan, Rossiya Federatsiyasiga har qanday imtiyoz Minsk-3 ni va mos ravishda kechiktirilgan urushni anglatadi. Bunday bayonotlar berayotgan Yevropaning siyosiy elitasi buni tushunishi kerak. Va biz bila turib hech qanday shaklda bunga yo‘l qo‘ymaymiz”, degan Podolyak.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga har qanday yon berish uni Ukrainaga qarshi boshqa da’vo va talablarni ilgari surishga undaydi.

Podolyak Yevropa Rossiya bilan biznes yuritishga qaytishni xohlayotganini taxmin qilgan. 

“Ammo menimcha, bularning barchasi endi sodir bo‘lmaydi, chunki Rossiyaning keng miqyosdagi aniq harbiy jinoyatlari hujjatlashtirilgan”, dedi Podolyak.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 may kuni Prezident Vladimir Zelenskiy Italiyaning “Rai 1” telekanaliga bergan intervyusida Makron hozirda Ukrainaga qarshi muvaffaqiyatsiz harbiy harakatlari bilan mavjud vaziyatdan “Rossiya uchun chiqish yo‘li” izlashga behuda urinayotganini aytdi. 

“Va menga Prezident Putinning obro‘sini saqlab qolish uchun suverenitetimiz bo‘yicha yon berish taklif qilindi. Menimcha, bu ayrim rahbarlar tomonidan unchalik to‘g‘ri emas”, degan Zelenskiy.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

21

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing