Prokuratura pora bilan ushlangan “Xorazm HET” rahbari ishi bo‘yicha ma’lumot berdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda “Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” AJ direktori Muratbay Bazarimbetovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha qilgan videomurojaat tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘z munosabatini QALAMPIR.UZ’ga taqdim etdi.
 
Ma’lum qilinishicha, 2020 yil 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi IJQK Departamenti viloyati boshqarmasi tomonidan Xorazm viloyat “Xududiy elektr tarmoqlari” AJ bosh direktori Muratbay Allambergenovich Bazarimbetov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mazkur jinoyat ishini qo‘zg‘atilishiga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bosh direktori Muratbay Bazarimbetov Tuproqqal’a tumani hududida yangidan tashkil qilinayotgan “Best Azia Metan” MCHJga o‘rnatiladigan 630 kilovattlik transformator punktini 6-10 kilovattlik elektr liniyasiga yaqin tayanchdan 6500 kilovattga ulab berishda amaliy yordam berishi evaziga 15000 AQSH dollarini o‘z xizmat xonasida ta’magirlik yo‘li bilan pora tariqasida olgani asos bo‘lgan.

Hozirda ushbu jinoyat ishining dastlabki tergov harakatlari Xorazm viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.
   
Jinoyat ishi bo‘yicha, Muratbay Bazarimbetovga nisbatan 2020 yil 25 dekabrda Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e’lon qilingan.

Shuningdek, Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudining 2020 yil 25 dekabrdagi ajrimiga asosan Muratbay Bazarimbetovga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Shu sababli, Muratbay Bazarimbetov hozirda Xorazm viloyat IIB 11-sonli tergov hibsxonasida saqlanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

258

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing