Prezidentni haqoratlaganlar jazolanishi so‘z erkinligini cheklashmi? Bekmurodov munosabat bildirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini internetda haqorat qilgan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilanishi haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar markazida bo‘lib kelmoqda.

Kimdur buni so‘z erkinligining cheklanishi deb talqin qilsa, yana kimdur ushbu qarorni ma’qullayapti. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov ushbu holat yuzasidan munosabatini bildirdi.

“Shu kunlarda, Prezidentni telekommunikatsiya va internet tarmoqlarida haqoratlash uchun jinoiy javobgarlik belgilanganligi faol muhokama qilinmoqda. Hattoki, qonunga ushbu o‘zgartishning kiritilishi so‘z erkinligiga tahdid sifatida talqin qilish kabi manipulyativ harakatlar ham bo‘layotganligini ko‘ryapmiz.

Birinchidan, Konstitutsiyamizga ko‘ra, nafaqat Prezident yoki biror davlat xizmatchisi, balki har bir insonning hayoti, sha’ni va qadr qimmati oliy qadriyat hisoblanadi. Shuning uchun ham, mansabidan qat’iy nazar, har bir insonni haqorat qilganlik va unga tuhmat qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik o‘rnatilgan, og‘irlashtiruvchi holatlarda ushbu harakatlarni sodir etganlik uchun esa jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan.

Ikkinchidan, Prezidentni haqoratlash va unga tuhmat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik avval ham bor edi. Yangi qonun bilan, zamon talabiga ko‘ra, faqat “telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda” degan ibora qo‘shimcha qilingan xolos.

Uchinchidan, biz prezidentlik respublikasimiz va Prezident institutining nufuzi davlat va xalqning nufuzi bilan bevosita bog‘liq. Konstitutsiyaga ko‘ra, Prezident — O‘zbekiston xalqi nomidan ish olib boradigan institut hisoblanishini, Prezidentning shaxsi daxlsiz ekanligini ham unutmaslik lozim. Ya’ni Prezident konstitutsiyaviy maqomga ega”, deydi “Yuksalish” yetakchisi davlat rahbarini haqoratlaganlik uchun javobgarlik belgilanishi yangilik emasligini ta’kidlab.

Bekmurodov so‘zida davom etib, xalqaro amaliyot haqida ham alohida to‘xtalib, Prezidentni haqorat qilgan shaxslarga Yevropaning bir qator davlatlarida qanday choralar ko‘rilishi haqida ma’lumot bergan.

Unga ko‘ra, quyidagi mamlakatlarda davlat rahbarini haqorat qilganlik uchun javobgarlik belgilangan:

•  Polshada Prezidentni omma oldida haqorat qilish 4 yilgacha qamoq jazosi;

•  Germaniyada Prezidentni omma oldida haqorat qilganlik uchun 3 oydan 5 yilgacha qamoq jazosi va shtraflar;

•  Kanadada davlat rahbariga tuhmat qilish yoki shunday mazmundagi postlar uchun 14 yilgacha qamoq jazosi;

•  Niderlandiyada monarx, uning rafiqasi va vorisini haqorat qilish 5 yilgacha qamoq jazosi;

•  Turkiyada Prezidentni haqorat qilish 1 yildan 4 yilgacha qamoq jazosi belgilangan va jahon mamlakatlari tajribasida bu normal amaliyot hisoblanadi.

Avvalroq, Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish kiritilgani, unga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidentini telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda  haqoratlash yoki unga tuhmat qilish 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi haqida xabar bergan edik.

Ro‘zimurod Berdiyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

144

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing