Prezident turizm qishloqlari va sayyohlarga qo‘shimcha imtiyozlar berdi

Jamiyat

image

Har yili turizm qishloqlarining 200 nafar yoshlari byudjet hisobidan turizm texnikumlarida bepul o‘qitiladi. Bu haqda bugun, 26 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev turizm sohasini yanada rivojlantirish, ichki turizm bozorini kengaytirish, turizm ob’ektlarini ko‘paytirish hamda muzeylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Yig‘ilishda davlat rahbari turizm qishloqlari uchun qo‘shimcha imtiyozlarni e’lon qildi. Xususan, 1 iyuldan boshlab:

•  turizm qishloqlarida mehmon uylari, ovqatlanish va savdo shoxobchalari, ko‘ngilochar joylar tashkil etgan tadbirkorlar 3 yil davomida aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada, mol-mulk, yer, suv soliqlarini hisoblangan summadan bor yo‘g‘i 1 foizini to‘laydi; 

•  oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ushbu qishloqlarda mehmon uylari tashkil etishga 50 million so‘mgacha, o‘tov lagerlari va eko-uylar majmuasiga 300 million so‘mgacha, chodirli lagerlar qurishga 300 million so‘mgacha kreditlar beriladi. Misol uchun, Chiroqchidagi Tarag‘ay va Langar qishloqlari aholisi kamida 100 tadan mehmon uylari tashkil etish tashabbusini bildirgan;

•  har yili turizm qishloqlarining 200 nafar yoshlari byudjet hisobidan turizm texnikumlarida bepul o‘qitiladi.

Shuningdek, 135 ta ixtisoslashgan mahallada 2,5 mingta loyiha uchun joriy yilda 250 milliard so‘m va 50 million dollar ajratiladi. Mehmon uylari tashkil etish uchun 100 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, 1 sentyabrdan boshlab, O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilayotgan fuqarolarga:

•  avia, temir yo‘l va avtobus chiptalari narxining 15 foizini (aviatransportga 200 ming so‘mgacha, temir yo‘l va avtobusga 100 ming so‘mgacha);

•  mehmonxona xarajatining 20 foizini (bir kecha uchun – 80 ming so‘mgacha);

•  muzey va boshqa madaniyat ob’ektlariga chipta narxining 50 foizini (bitta ob’ekt uchun – 20 ming so‘mgacha) qaytarish tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, bayram kunlari va festivallarda aholining faol sayohat qilishiga qulay sharoit yaratish uchun qo‘shimcha avia, temir yo‘l va avtobus qatnovini tashkil etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda chiptalarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

48

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing