Prezident saroyidagi janjal: “Tolibon” rahbarlari o‘rtasida jiddiy ziddiyat boshlandi

Olam

image
0:00
0:00
download

Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” rahbarlari o‘rtasida jiddiy ziddiyat boshlandi. Bu haqda BBC harakat tarkibidagi manbasiga tayanib, xabar bermoqda

Qayd etilishicha, Prezident saroyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Tolibon” asoschilaridan biri — Bosh vazir o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar Qochqinlar masalalari bo‘yicha vazir, “Haqqoniy” tarmog‘ining taniqli vakili Xalil Rahmon Haqqoniy bilan janjallashgan. Mojaroda har bir tomonning tarafdorlari ham qatnashgan.

Ma’lum qilinishicha, ushbu voqea o‘tgan hafta yuz bergan. Mojaro haqidagi ma’lumotni “Tolibon” harakatining yuqori martabali a’zosi hamda janjalning ishtirokchilari bilan bevosita tanish bo‘lgan shaxs tasdiqlagan. Bahsga Barodarning yangi hukumat tuzilmasidan noroziligi sabab bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, bahsning asl ildizi “Tolibon” g‘alabasining asosiy “me’mori” kim, degan savolga borib taqaladi. Barodarning fikricha, “Tolibon”ning hokimiyat tepasiga kelishi muzokaralar va diplomatiya bilan shug‘ullanganlarning, ya’ni unga o‘xshash odamlarning xizmatidir. Shu bilan birga, “Haqqoniy tarmog‘i”ning yuqori martabali a’zolari hamma narsani ularning harbiy yutuqlari hal qilgan, deb hisoblaydi.

Qayd etish kerakki, aynan Barodar AQSH Prezidenti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borgan “Tolibon”ning birinchi yuqori martabali amaldoridir. U 2020 yilda Donald Tramp bilan telefonda gaplashgan. Bundan oldin esa u Dohada Amerika qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi ko‘rsatilgan shartnomani imzolagan.

“Haqqoniy tarmog‘i” esa so‘nggi yillarda Afg‘oniston Qurolli kuchlari va uning g‘arblik ittifoqchilariga qarshi jang qilgan. AQSH hukumati, xuddi Rossiya kabi, ushbu tarmoqni terrorchilik tashkiloti, deb biladi. Shu bilan birga, “Haqqoniy tarmog‘i” rahbari Sirajuddin Haqqoniy Afg‘oniston yangi hukumatida Ichki ishlar vaziri etib tayinlanganini esdan chiqarmaslik kerak.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 avgust kuni mamlakatda hokimiyatni egallagan toliblar, 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsher egallangach, 7 sentyabr kuni harakat rahbarlari muvaqqat hukumat tuzdi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1660

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing