Prezident oziq-ovqat narxi 80-yillardagidan ham oshib ketganini aytdi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar sabab jahon bozoridagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘tgan asrning 80-yillaridagidan ham yuqori darajalarda o‘smoqda. Bu haqda ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash hamda biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratish mavzusidagi videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi. 

Qayd etilishicha, xususan, mart oyida dunyo bo‘yicha oziq-ovqat narxlari 2021 yilning mos davriga nisbatan 34 foizga oshgan. 

Ayniqsa, yil boshidan jahon bozorlarida bug‘doy narxi – 20 foiz, makkajo‘xori – 19 foiz, ozuqa donlari – 20 foiz va o‘simlik yog‘i – 23 foizga ko‘tarilgan. 

Joriy yilda yog‘ingarchilik hisobiga, vodiy, Toshkent viloyati va Samarqandda suv zaxirasi 20 foizga ko‘paygani bilan, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazmda suv ta’minoti bo‘yicha qiyinchiliklar bo‘ladi.

Jahon bozorida mineral o‘g‘itlar va yoqilg‘i narxlari 2 baravarga oshgani, albatta, klaster, fermer va dehqonlarning yetishtirayotgan mahsulotlarining tannarxiga hamda moliyaviy ahvoliga ta’sir qiladi.

Yig‘ilishda mavjud yer resurslaridan samarali foydalanib, 2022 yilda 7,7 mln tonna bug‘doy hamda 23 mln tonna meva-sabzavot yetishtirib, 1,5 mlrd dollar eksportni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish uchun yangi qo‘shilayotgan 300 ming gektardan ziyod yer maydonlaridan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi. 

“Hozirgi kunda 80 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, 254 ming nafar aholiga ochiq tanlov asosida berildi. Bu – oziq ovqat yetishtirish uchun har bir tumanda qo‘shimcha 500 gektar ekin maydoni, degani. Bu islohotni o‘z vaqtida va to‘g‘ri boshlaganimizni hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Shuning uchun bu yerlar faqat va faqat oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish uchun baza bo‘lishi shart”, deydi Prezident.

Mutasaddilarga ikki hafta muddatda:

•    hosildor urug‘ navlarini joylarga yetkazib, dala yarmarkalarini o‘tkazish;

•    yer maydonlarida “bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida ekinlar ekishni tashkil qilish;

•    mahsulotni kafolatli xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuzish ishlarini jadal tashkil qilish topshirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

286

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing