Ortiqxo‘jayev 10 ming talabaning muammosini yechish yo‘lini aytdi

Jamiyat

image

Toshkentning Yangihayot tumanida bir haftada davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 10 ming o‘rinli talabalar turar joyi tashkil etiladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bugun, 9 sentyabr kuni sektor rahbarlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri hamda poytaxtdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokidagi yig‘ilishda aytib o‘tdi.

Yig‘ilishda bugungi kunda dolzarb masala bo‘lib turgan talabalarni turar joy bilan ta’minlash, ular uchun yotoq o‘rinlarini yaratish masalalari atroflicha muhokama qilingan.

Qayd etilishicha, ayni paytda Toshkent shahridagi oliy o‘quv yurtlarining 92 tasida yotoqxona quvvati 35636 o‘rinni tashkil etadi. Bugungi kunda 27354 nafar talabaning yotoq joy bo‘yicha ehtiyoji qondirilgan. Ishlar jadallik bilan davom etmoqda. Bundan tashqari, 2022 yilda davlat-xususiy sheriklik loyihalari, oliygoh va byudjet mablag‘lari hisobi hamda investitsiya dasturi doirasida yana 30 956 o‘rinli 60 ta loyihalar amalga oshirilmoqda.

Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtning Yashnobod tumanida yangi bunyod etilgan “Tashkent indeks” savdo-ishlab chiqarish majmuasi hududida bo‘sh turgan 10 ming o‘rinli tadbirkorlar binosini bir hafta muddatda davlat xususiy sheriklik shartlari asosida talabalar uchun turar joyga aylantirish taklifini bergan. Mazkur taklif yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan ma’qullangan. 

Yig‘ilish so‘ngida oliy ta’lim muassasalari mas’ullariga zudlik bilan mavjud ehtiyoj bo‘yicha ma’lumotlarni shakllantirish vazifasi berilgan.

Qayd etish kerakki, OTMlarda yangi o‘quv yili boshlanishi bilan Toshkent o‘rin-ko‘rpasini qo‘ltiqlagan talabalarga to‘lib toshdi. Bu muammo ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov muhokamalar ortidan tashkil etilgan matbuot anjumanida hozircha 47 foiz talaba turar joy bilan ta’minlanganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

OTM talaba Jahongir Ortiqxo'jaev

Baholaganlar

466

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing