Nikohni imom o‘qishi kerak degan narsa yo‘q – Meliyev senatorga qarshi chiqdi

Jamiyat

Shar’iy nikoh! Markaziy Osiyoda dolzarb masala. Noqonuniy nikohlarga nafaqat O‘zbekistonda, boshqa mamlakatlarda ham taqiq o‘rnatilgan. Bugun, 20 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasining yig‘ilishida ham mazkur masala o‘rtaga tashlandi. Senator Enaxon Siddiqova Farg‘onaning bitta tumanida 100dan ortiq noqonuniy oilalar borligini ma’lum qildi. 

“Sarhisob qilganimizda bitta tumanning o‘ziga har yili 100 ta noqonuniy nikoh qo‘shilyapti. Kim ularga nikoh o‘qiyotganini hech kim bilmayapti. Eng yomoni ajrim ko‘paymoqda. Nikohini bekor qilmasdan, yana boshqa shar’iy nikoh paydo bo‘lyapti.  

Mana bu yig‘ilishda Adliya vazirligi vakili o‘tiribdi. Agar mumkin bo‘lsa, shar’iy nikoh ham ko‘pchilikning ishtirokida, jamoatchilik, xotin-qizlar qo‘mitasi vakili, MFY vakili ishtirokida o‘tkazilishini taklif qilaman. Shundagina davlat tomonidan rasmiylashtirmasdan turib, shar’iy nikoh o‘qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi”, deydi Siddiqova. 

Senator o‘z fikrida qat’iy davom etarkan, qo‘shni mamlakatlar, xususan Tojikistonda shar’iy nikoh uchun hatto, jinoiy javobgarlik belgilanganini aytadi. Enaxon Siddiqovaga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev Qo‘qonda o‘tkazgan yig‘ilishda mazkur masalada qat’iy topshiriq bergan. 

Yig‘ilishda ishtirok etayotgan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari Xudayor Meliyev so‘z olib, senator Enaxon Siddiqovaning taklifiga qarshi chiqdi. 

“Enaxon opaning shar’iy nikoh masalasidagi takliflariga kelsak, bir narsani to‘g‘ri qabul qilish kerak. Ko‘pchilik imomlarga “gap otadi”. Bu fikrlarga biz qo‘shilmaymiz. Bizning dinda nikohni, albatta, imom o‘qishi kerak, degan narsa yo‘q. Shuning uchun ham biz ilgari javobgarlik masalasini ko‘rib chiqmaganmiz. Ya’ni ma’lum diniy qoidalar, oyat-kalimalarni bilgan odam nikoh o‘qishi mumkin. Shuning uchun imomlarga javobgarlik  belgilash masalasi unchalik to‘g‘ri emas. Bu masalani ham, albatta, targ‘ibot va tushuntirish yo‘llari bilan amalga oshirish kerak”, deydi Meliyev.


Maqola muallifi

Teglar

Enaxon Siddiqova Xudayor Meliev Shar'iy nikoh

Baholaganlar

761

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing