Nazarboyev va oilasi imtiyozlardan qisman mahrum bo‘ldi

Olam

image

Qozog‘iston Konstitutsiyasining yangilanishi bilan mamlakatning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev va uning oila a’zolariga qator imtiyozlar bergan “Qozog‘istonning birinchi Prezidenti – millat yetakchisi (Elboshi) to‘g‘risida”gi qonun o‘z kuchini yo‘qotdi. Bu haqda mamlakat Senati spikeri Maulen Ashimbayev. jurnalistlarga ma’lum qildi.

“Elboshiga kelsak, biz Elboshiga, uning oila a’zolariga tegishli normalarni olib tashladik. Endi “Birinchi Prezident to‘g‘risida"gi Konstitutsiyaviy qonun kuchini yo‘qotmoqda. Biz uni Konstitutsiyadan olib tashlaganimiz uchun bu qonun ham o‘z kuchini yo‘qotadi”, deydi Ashimbayev.

Senatorning ta’kidlashicha, Nursulton Nazarboyev bugungi kunda siyosatga aralashmayapti.

“Albatta, referendum, saylov kabi ommaviy tadbirlarda u fuqaro sifatida ishtirok etishi mumkin. Ammo siyosatchi sifatida, Birinchi Prezident o‘laroq Qozog‘iston siyosatiga aralashmaydi. Biz Birinchi Prezident bilan maslahatlashmaymiz, bunday chora yo‘q. Ayni vaqtda hukumatning barcha sohalari, barcha davlat tashkilotlari o‘z vakolatini qonuniy asosda amalga oshiradi”, deydi Ashimbayev.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 iyun kuni Qozog‘iston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritishni ovoz beruvchilarning 77,18 foizi yoki 6,1 million kishi qo‘llab-quvvatladi. Saylovchilarning 18,66 foizi yoki 1 million 490 ming 470 nafari Konstitutsiyani o‘zgartishga qarshi ovoz bergan. MSK ma’lumotlariga ko‘ra, referendumda aholining 68,05 foizi (8 millionga yaqin fuqaro) qatnashgan. Qozog‘istonda jami 11,73 million fuqaro ovoz berish huquqiga ega.

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Konstitutsiyasi matnining uchdan bir qismiga tegishli bo‘lgan jami 33 ta o‘zgartirish ovozga qo‘yildi. Asosiy o‘zgartirishlardan biri Konstitutsiyadan respublikaning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevga bag‘ishlangan moddaning chiqarib tashlanishidir. Tuzatishlar qabul qilinganligi sababli, u o‘zining ko‘pgina shaxsiy imtiyozlari va Elboshi (millat yetakchisi) maqomini yo‘qotadi, endi uning huquqiy pozitsiyasi sobiq Prezidentlar to‘g‘risidagi amaldagi qoida bilan tartibga solinadi. Nazarboyevning o‘zi Konstitutsiyadan uning nomini olib tashlashni qo‘llab-quvvatlagan.

O‘zgartirishlarda, shuningdek Qozog‘istonning bir Prezidenti ketma-ket ikki martadan ko‘p saylanishi mumkin emasligi, shu bilan birga u o‘z vakolati muddati davomida partiyadan chiqishi kerakligi ham nazarda tutilgan. Bundan tashqari, uning yaqin qarindoshlariga davlat xizmatchisi lavozimlarini egallash taqiqlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston

Baholaganlar

124

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing