NATO Ukraina tomonida. Kiyev harbiy blokka qo‘shila oladimi?

Tahlil

image

NATO Rossiya qo‘shinlarining Ukraina bilan chegaraga joylashishini “asossiz va tushunarsiz” harakat, deb hisoblaydi. Bu haqda kecha, 13 aprel kuni NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan uchrashuvdan so‘ng, matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

“NATO minglab Rossiya qo‘shinlarining Ukraina bilan chegaraga joylashishini diqqat bilan kuzatmoqda. 2014 yildan beri harbiy holatning bu darajadagi kuchayishi kuzatilmagan. Ushbu harakatlar asossiz va tushunarsiz bo‘lib qolmoqda”, deya ta’kidladi Stoltenberg.

Unga ko‘ra, NATO Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Dmitriy Kuleba va Yens Stoltenberg

Shuningdek, NATO Bosh kotibi Rossiyani Donbassni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga va “harbiy kuchlarni Ukraina hududidan” olib chiqishga chaqirgan.

“NATO Ukraina tomonida. Mamlakat o‘z xavfsizligini yaxshiroq ta’minlashi uchun NATO davlatlari uni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda”, deya qo‘shimcha qildi u.

Ukraina mahalliy OAVga ko‘ra, Rossiyaning Ukraina bilan chegara hududiga to‘plagan harbiylarining soni 80 mingdan oshgan.

NATO va Ukraina o‘rtasidagi aloqa

Bugungi kunda Ukraina NATOning to‘liq a’zosiga aylanish harakatida bo‘lsa-da, buni amalga oshirish har qachongidan ham qiyin. Bunga qaramasdan, Ukraina harbiy-siyosiy blok safiga qo‘shilish yo‘lida bir nechta qadamni bosib o‘tgan. 

Xususan, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “NATO-Ukraina Komissiyasi homiyligida 2020 yilga mo‘ljallangan yillik milliy dastur to‘g‘risida”gi farmonni imzolagan bo‘lsa, o‘sha yilning o‘zida NATO Ukrainaga kengaytirilgan imkoniyatlarga ega sheriklik maqomini taqdim qilgan. Bundan tashqari, NATO Ukraina harbiylarini tayyorgarlikdan o‘tkazishda yordam berib kelmoqda.

Ukraina nega NATOga qo‘shila olmaydi?

AQSH NATOning yangi a’zolarga ega bo‘lishini yoqlagan, Turkiya Ukrainaning harbiy blokka qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlagan. Biroq, Ukraina alyans standartlariga javob bermaydi.

Hozircha, Ukraina NATOga a’zosiga aylanish standartlariga mos emas. Bunga bir tomondan mamlakatdagi korrupsiya darajasining balandligi, ikkinchi tomondan Ukraina hal qilinmagan, bahsli hududlarga ega ekani sabab bo‘lmoqda.  

Ma’lumki, Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga tegishli bo‘lgan Qrim yarimorolini 2014 yilgi referendum natijasida o‘ziga qo‘shib olgan. Ukraina esa bu yarimorolni hali ham o‘ziniki, biroq vaqtinchalik bosib olingan hudud deb hisoblaydi.

Bundan tashqari, Ukrainadagi 2014 yilgi siyosiy inqiroz tufayli mamlakat sharqida joylashgan ikki viloyat – Donetsk va Lugansk o‘zini-o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan. Ukraina har ikkala qarorni ham tan olmaydi.

Shu bilan birgalikda, AQSH Prezidentining matbuot kotibi Jennifer Psaki Oq uy Ukrainaning ushbu harbiy blokka qo‘shilishi tarafdori ekanini, biroq qarorni NATOning o‘zi qabul qilishini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

260

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing