Moskva Vashingtonni “qizil chiziq”dan o‘tmaslik haqida ogohlantirgan – Rossiya TIV

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiya AQSHni o‘zaro diplomatik munosabatlar butkul to‘xtatishga sabab bo‘ladigan “qizil chiziq” haqida ogohlantirgan. Bu haqda Rossiya TIVning Shimoliy Amerika departamenti direktori Aleksandr Darchiyev TASSga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Diplomatga Moskva va Vashington o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar darajasini pasaytirish imkoniyati ko‘rib chiqilyaptimi, degan savol berilgan.

“Qo‘shma Shtatlar boshchiligidagi g‘arbliklar xalqaro huquq va diplomatik amaliyotda mutlaq taqiqlarni oyoq osti qilgan hozirgi notinch vaziyatda nima mumkin va nima bo‘lmasligi haqida faraziy bahslarga kirishni istamayman”, degan Darchiyev.

TIV vakili AQSH Kongressida Rossiyani terrorizm homiysi deb tan olish to‘g‘risidagi qonunchilik tashabbusiga munosabat bildirib, Vashington bu masalada ogohlantirilganini qo‘shimcha qildi.

“Shu nuqtai nazardan, men Kongressda Rossiyani “terrorizmning homiysi” deb e’lon qilish bo‘yicha hozirda muhokama qilinayotgan qonunchilik tashabbusini eslatib o‘taman. Agar u amalga oshirilsa, bu Vashington ikki tomonlama diplomatik munosabatlarga jiddiy zarar yetkazgan holda qaytib bo‘lmaydigan nuqtadan o‘tib ketganini anglatadi. Amerika tomoni ogohlantirilgan”, deydi TIV rasmiysi.

Ma’lumot uchun Rossiya Federatsiyasini terrorizm homiylari ro‘yxatiga kiritish chaqirig‘i bilan Ukraina AQSHga murojaat qilgan. Shunga o‘xshash takliflar AQSH Kongressining bir qator a’zolari tomonidan ham bildirilgan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova avvalroq bu tashabbuslarni “ahmoqona o‘lchov” deb atagan. Diplomat AQSHning bunday qadamlari Rossiya tomonidan javobsiz qolmasligidan ogohlantirgan.

AQSH Senati Rossiyani terrorchilar homiylari ro‘yxatiga kiritish haqida rezolyutsiya qabul qilib, Davlat departamentiga yubordi. Biroq u majburiy kuchga ega emas. Shundan so‘ng Kongressning Vakillar palatasi Departamentni majburlash kuchiga ega bo‘lgan hujjat ishlab chiqishga kirishdi.

Terrorizm homiylari ro‘yxatiga Vashington nazarida xalqaro terrorchilik harakatlarini qayta-qayta qo‘llab-quvvatlagan davlatlar kiritilishi mumkin. Amerika ma’muriyati ro‘yxatdagi davlatlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash nuqtai nazaridan keng vakolatlarga ega. AQSH Moliya vazirligi ushbu yuridik va jismoniy shaxslarga, shuningdek, ro‘yxatdagi mamlakatlar bilan savdo qiluvchi davlatlarga qarshi choralar ko‘rishi mumkin. 1979 yildan beri Vashington ma’muriyati o‘z ro‘yxatiga faqat oz sonli davlatlarni qo‘shgan. Ro‘yxatga hozirda Eron, Shimoliy Koreya, Kuba va Suriya kiritilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh-Rossiya

Baholaganlar

264

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing