Mirziyoyev shu hafta Turkiyaga boradi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy haftada Turkiya Respublikasiga tashrif buyuradi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda. 

Davlat rahbari 12 noyabr kuni Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida ishtirok etadi. 

Sammitda a’zo davlatlar rahbarlari – Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ishtirok etadi. 

Qozog‘iston Respublikasi Birinchi Prezidenti – Elboshi, “Turkiy kengashning bir umrlik faxriy raisi” Nursulton Nazarboyev sammit ishtirokchilariga videomurojaat yo‘llaydi.

Shuningdek, sammitda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashishi va Turkmaniston rasman Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashida kuzatuvchi maqomini olishi kutilmoqda. 

Davlat rahbarlari uchrashuvida xavfsizlik, siyosat, iqtisod, tovar ayirboshlash, madaniy va ijtimoiy sohalardagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan. Sammitda Kengash nomini Tashkilotga o‘zgartirish masalasi ham ko‘rib chiqiladi. 

Ma’lumot o‘rnida, kuni kecha Prezidentlar Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida kechgan telefon orqali muloqotda ham Prezidentlar Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining kutilayotgan sammiti xususida fikr almashganlar. Shuningdek, joriy yilning 5 noyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va bugun, 8 noyabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning qabulida bo‘lgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Bosh kotibi Bag‘dod Amriyev Prezidentlar bilan joriy haftada o‘tadigan sammit borasida suhbatlashgan. 

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga 2019 yilning sentyabr oyida a’zo bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning oktyabr oyida Bakuda bo‘lib o‘tgan sammitda ishtirok etdi. 

Markaziy Osiyo mintaqasida hal qiluvchi kuchga ega bo‘lgan O‘zbekistonning Kengashga a’zo bo‘lishi ortidan tashkilotning mavqei ham, imkoniyatlari ham ortdi. O‘z o‘rnida ushbu hamkorlik O‘zbekistonga ham foydali bo‘lib bormoqda. Buni birgina 2018–2021 yillarda O‘zbekistonning Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Vengriya bilan tovar ayirboshlash hajmi oshib borayotganida ham ko‘rish mumkin. 

2018 yilda O‘zbekistonning yuqoridagi 6 mamlakat bilan tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard 957 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu raqamlari 7 milliard 353 milliongacha ko‘tarildi. Pandemiya o‘zaro tovar ayirboshlashga ancha zarba yetkazgan bo‘lsa ham 2020 yildagi ayirboshlangan tovarlarning umumiy qiymati 6 milliard 740 million 70 ming dollarga yetgan.

2021 yilning o‘tgan 9 oyi davomida esa 6 mamlakat bilan tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard 567 million AQSH dollarini tashkil etmoqda. Yil yakunigacha ushbu raqamlar 8 milliardga yetishi ehtimoli yuqori. 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi

Baholaganlar

101

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing